Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mamlakatning Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi besh yilda ular bilan tashqi savdo hajmi 2,5 barobarga ko‘payib, 6 milliard dollardan oshgan. Qo‘shni davlatlar kapitali ishtirokida 1 ming 700 ta qo‘shma korxona ochilgan.
Yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga oid yangi loyiha va takliflar ko‘rib chiqilgan.
Mamlakatda kichik biznesni rivojlantirish maqsadida hududlarning investitsion jozibadorligi milliy reytingini ishlab chiqish tizimi ham muhokama qilingan.
Davlat rahbari ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan.