8-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularni imtihonlardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda mazkur sohada yangi tizimni joriy etish maqsadida tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, so‘nggi yillarda haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar soni ortib bormoqda. Xususan, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan. Natijada 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlangan.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, takliflar bergan. Ushbu sohani raqamlashtirish va haydovchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish mavjud muammolarni bartaraf etishga zamin yaratishini e’tiborga olib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.