Xususiy maktablar chet tillarini davlat maktablaridan yaxshiroq o‘qitadi degan qarashlar noto‘g‘ri. Bu haqda bugun, 8-avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov aytib o‘tdi, deya xabar qilmoqda “Daryo” muxbiri.
Anjumanda “Daryo” muxbiri vazirdan jamiyatda xususiy sektorda xorijiy tillarni o‘qitish davlat maktablariga qaraganda kuchliroq degan qarash borligi, bunga qanday munosabat bildirishi haqida so‘radi. Baxtiyor Saidovning aytishicha, aslida davlat maktablarida ta’lim sifati xususiy sektordan ko‘ra yaxshiroq.
Xususiy maktablar bo‘lishi ijtimoiy va iqtisodiy tomonidan davlat uchun kerak. Sizning xususiy maktabda xorijiy tillar davlat maktablaridan yaxshiroq o‘qitiladi, degan savolingizga qo‘shilmayman. O‘tgan hafta “Xorij tilida eng yaxshi o‘qitadigan maktab” tanlovini tashkillashtirdik. Bu tanlov respublika bo‘yicha o‘tkazildi. Birinchi o‘rinni Toshkent shahridagi 97-maktab o‘quvchilari oldi. G‘olib maktabga 500 million so‘m, 2-o‘ringa 400 million so‘m, 3-o‘ringa 300 million so‘m mablag‘ ajratildi. Vaholangki, ular respublika miqyosiga kelgunga qadar ham tuman va viloyatda g‘olib bo‘lgan va har bir bosqich uchun alohida mablag‘ bilan rag‘batlantirilgan.Tanlov doirasida o‘zim ishtirokchi bolalarning har biri bilan suhbat qildim. O‘zim ham ingliz tilini ozroq bilaman. O‘quvchilar bilan suhbat qilganimizda 2 qo‘limni ko‘tardim. Chunki haqiqatan ham chet tilini yuqori darajada biladigan o‘quvchilarimiz aynan davlat maktablarida tahsil olmoqda. Aytishinglar mumkin, u repetitorga borgan bo‘lishi ham mumkinku, deb. To‘g‘ri, shunday bo‘lishi ham mumkin albatta. Lekin kechirasizlar, baribir ularda maktabning bazasi borku. O‘quvchi repetitorga 4-5 yil yoki 10 yil bormaydi. Borsa ham 1 yoki 2 yil boradi. Baribir bazasi pastdan boshlanadi, – deya javob qaytardi vazir.