Jamiyatda banklar kredit bersa, iqtisodiyot juda rivojlanib ketadi, degan noto‘g‘ri tushunchalar avj olgan. Bu haqda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, iqtisodiy o‘sish uchun kredit yagona yechim emas.
“Bizda ‘banklar kredit bermayapti, agar ular kredit bersa, iqtisodiyot juda rivojlanib ketadi’, degan noto‘g‘ri tushunchalar avj olgan. Bu makro nuqtayi nazardan qaraganda sal egriroq tushuncha. Pandemiya vaqtida butun dunyoda odamlarga 15 trln dollar ekvivalentida pul berildi. Lekin iqtisodiy o‘sish kuzatilmadi-ku. Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, masalan, men tadbirkorman. Kredit olishdan maqsadim nima? Ishlab chiqarib, uni sotishga ehtiyoj borligiga ishonsam, shu ishni qilaman. Menga 0 foizda kredit berib, shu narsani ishlab chiqar desangiz, men uni ertaga sotishga ishonmasam, unga qo‘shimcha xarajat qila olmayman. Aytmoqchi bo‘lganim, iqtisodiy vaziyat, ya’ni geosiyosiy shart-sharoitlar ham bunga chambarchas bog‘liq. Makroiqtisodiy o‘sish kreditga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishini ta’minlovchi omillardan hisoblanadi. Butun dunyoda repressiya kutilayotgan paytda uning bizga ta’siri bo‘lmaydi degan xulosa qilish noto‘g‘ri. Agar hamkorlarimizda moliyaviy qiyinchilik holati bo‘lsa, o‘z-o‘zidan unga sotadigan tovarimizning bozori yo‘qoladi. Hammasi bir-biriga bog‘liq”, — deydi tashkilot rasmiysi.
Mamarizo Nurmurodovning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank 3 ta yo‘nalish asosida faoliyat yuritadi.
“Markaziy bankning asosiy vazifalari, asosiy funksiyalari “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunda aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Biz o‘zimizning faoliyatimizni uchta yo‘nalishga qaratib amalga oshiramiz. Birinchisi, narx-navo barqarorligini ta’minlash. Ikkinchisi, bank tizimining uzluksiz faoliyatini ta’minlash. Uchinchisi, to‘lov tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash. Bevosita milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash iqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq”, — dedi rais.
Avvalroq Mamarizo Nurmurodov bankomatida pul naqdlashtirish uchun 3 foizlik komissiya ushlab qolayotgan bank topilmagani, Uzcard va Humo kartalarini birlashtirish ishlari davom etayotganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)