24-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiya yetakchisi O‘zbekiston rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va ulkan zafarlar, shuningdek, O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va ravnaq tilagan.
Shuningdek, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.
Suhbatda ikki tomonlama hamkorlik va global siyosatning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjonning tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari darajasida ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusining amaliy ahamiyati qayd etilgan. Joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilingan.
Izoh (0)