“Yuventus”ning sobiq hujumchisi Paulo Dibalada faoliyatini davom ettirish uchun ikkita variant bor.
Jurnalist Janluki di Marsioning yozishicha, argentinalik futbolchiga faqat “Napoli” va “Roma” klublari da’vogarlik qilmoqda. Ayni damda boshqa klublar tomonidan qiziqishlar yo‘q.
Tez orada Dibalaning faoliyatini qayerda davom ettirishi borasida bir qarorga kelishi kutilmoqda.
Rimliklar Dibala uchun kim oshdi savdosida qatnashmoqchi emas, shuning uchun klub unga talabidan pastroq taklifni bergan. Dibala yiliga 6—7 million yevro olishni xohlamoqda, “Roma” esa unga 4,5 million va bonuslar taklif qilgan.
“Napoli”ning taklifi futbolchining talablariga to‘g‘ri keladi. Tez orada Paulo bu ikki klubdan birini tanlaydi.
Avvalroq Pauloga “Inter” ham qiziqish bildirayotgandi. Ammo “nerazzurilar” bilan muzokaralar deyarli bir oydan buyon o‘tkazilmayapti.
Ma’lumot uchun, 2015-yildan buyon “Yuventus” sharafini himoya qilib kelgan Paulo 2021/22-yilgi mavsumda 15 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Mavsum so‘ngida turinliklar bilan shartnomasi yakuniga yetgan Dibala erkin agentga aylandi.
Izoh (0)