Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvda prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif qildi.
“Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerak. Shu maqsadda men prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq”, — degan prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etishni taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim.
“Hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalarni asosiy qonunimizda belgilashimiz zarur”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Bundan avval prezident nima uchun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilayotganiga izoh bergani, Konstitutsiyaga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan normani hamda “Miranda qoidasi”ni kiritishni taklif qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)