Samarqand viloyati Samarqand shahrida 20-iyun kuni omborxona va savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, shu kuni soat 19:25 da “Bog‘isaroy” mahallasi Spitamin shox ko‘chasi 68-uyda joylashgan “Saidabegim” oilaviy korxonasiga qarashli omborxona va savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Yong‘in joyiga 1-YQE soat 19:28 da yetib borib, soat 20:00 da qurshab olgan. Yong‘in soat 20:35 da bartaraf etilgan. Yong‘inni bartaraf etishga FVBning 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 2 ta maxsus suv tashish texnikasi jalb etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra yong‘in oqibatida omborxona va savdo do‘konining taxminan 210 kvadrat metr maydonda shift, tom qismi va omborxona ichida paxta toylari yonib zararlangan. 350 metr kvadrat saqlab qolingan.
Hodisada tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in taxminan elektr simlarining qisqa tutashuvidan sodir bo‘lgan. Hozirda yong‘indan keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izoh (0)