Uzbekistan Airways kompaniyasi Gruziyaning Batumi shahriga Toshkentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yilishi va bundan ko‘zlangan maqsad haqida ma’lumot berish maqsadida OAV vakillari va blogerlar uchun media-tur tashkil qildi. “Daryo” muxbiri ham mazkur media-tur doirasida Gruziyada bo‘lib, safarning eng qiziq jihatlarini suratga oldi.
Kompaniya axborot xizmatining ma’lumot berishicha, Gruziyaning Batumi shahriga 2022-yilning 21-mayidan boshlab haftasiga ikki marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar qo‘yilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan maqsad o‘zbekistonliklarning maroqli dam olishi uchun qulaylik yaratishdan iborat.
Gruziyaning Batumi shahri viloyat maqomiga ega to‘rtta shaharlardan biri bo‘lib, xorijlik sayohatchilarning eng sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, Batumi yaxshi mehmonxona bazasiga ega Gruziyaning eng rivojlangan mintaqasi. Bu yerda shuningdek Radisson, Sheraton kabi mashhur nomlarni uchratish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Batumida ko‘plab kafe va restoranlarni o‘z ichiga olgan rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi mavjud. Kabuletti, Gonio va Shekvetili rayonlarida ajoyib plyajlar bor. Bu yerda oilaviy dam olish mumkin.
Media-tur davomida o‘zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar gruzin oshxonasida ham bo‘lib, ushbu xalqning milliy taomlaridan biri xachapurini tayyorlab ko‘rdi.
Media-tur 18-iyun kuni yakunlanib, o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar O‘zbekistonga qaytib keladi.
Izoh (0)