“O‘zgidromet” 13—17-iyunga ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bulutli ob-havo quyoshli havoga o‘zgaradi, harorat yana ko‘tariladi.
13-iyun kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi termometr ustuni 30-35 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan biroz pastdir. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin.
Ish haftasi davomida O‘zbekiston bo‘yicha asosan quruq va kam bulutli ob-havo bo‘ladi. Faqat ayrim tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor, shuningdek do‘l yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechalari 16-21 daraja, kunduz kunlari 34-39 daraja atrofida, janubiy va cho‘l hududlarida 40-42 darajagacha issiq bo‘ladi.
13 va 14-iyun kunlari respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Izoh (0)