Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Moldova sobiq prezidenti Igor Dodon fikricha, amaldagi prezident Mayya Sandu “va uning tashqaridagi xo‘jayinlari” respublikada beqarorlikni qo‘zg‘atmoqda, deb yozadi “Kommersant”. Uning da’vo qilishicha, Moldovaning Ruminiyaga harbiy va siyosiy jihatdan qo‘shilishi hamda mamlakat hududiga NATO qo‘shinlarini joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘z da’volari nimaga asoslanganiga u aniqlik kiritmadi.

Igor Dodon

Igor Dodon
Foto: “Kommersant”

Dodonning aytishicha, Moldova va Ruminiyaning “texnik va siyosiy-harbiy birlashuvi”ni mamlakat fuqarolari fikrlarini hisobga olmagan holda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. “Qurollanish jarayonlari va Rossiyaga qarshi vasvasa ataylab, NATO qo‘shinlarining Moldova Respublikasida bo‘lib turishini oqlash uchun uyushtirilmoqda. Mamlakatimizning betaraflikdan voz kechgan holda Ruminiya hududiga harbiy va siyosiy jihatdan qo‘shilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, — deb yozdi u Telegram’da.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass may oyida NATO Moldovaga qurol yetkazib berishni muhokama qilayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar mamlakat “NATO standartlari”ga muvofiq bo‘lishini xohlayapti. Iyunda Moldova Yevroittifoq mamlakatlaridan o‘lim keltirmaydigan qurol-yarog‘ so‘radi.

Igor Dodon may oxirida qo‘lga olingandi. Kishinyov sudi Moldova sobiq prezidentini 30 sutkaga uy qamog‘iga hukm qildi. Siyosatchi passiv korrupsiya, siyosiy partiyaning jinoiy tashkilotdan moliyaviy yordam olishi, noqonuniy boyish moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Uning o‘zi esa unga qarshi jinoyat ishi “geosiyosiy maqsadga ega” deb hisoblaydi.

Sotsialistlar partiyasi sobiq yetakchisi Igor Dodon 2016—2020-yillarda Moldova prezidenti bo‘lgan. U rossiyaparast siyosatchi va Vladimir Putinning tarafdori hisoblanadi. 2020-yilgi saylovda u Mayya Sanduga mag‘lub bo‘ldi.

18-may kuni Moldovada mamlakat sobiq prezidenti va Sotsialistik partiyaning sobiq rahbari Igor Dodonga nisbatan uning Moldova Demokratik partiyasi sobiq rahbari Vladimir Plaxotnyuk bilan uchrashuvi aks etgan videotasvir ortidan jinoiy ish ochilgan edi.

Ushbu video Moldova parlamentining sobiq deputati Yuri Renita tomonidan 2020-yilda e’lon qilingan. Unda Plaxotnyuk va o‘rinbosari Sergey Yaralov Dodonga paket topshiradi. Renitaning ta’kidlashicha, uchrashuv 2019-yilda bo‘lib o‘tgan, paketda katta miqdordagi pul bor bo‘lgan.

Videoda Dodon va Plaxotnyuk parlamentda konstitutsiyaviy ko‘pchilikka ega bo‘ladigan koalitsiya tuzishni muhokama qiladi. TV-8 kanali ta’kidlashicha, Dodon “doimiy ravishda Vladimir Putinga qaydlar yozib turishini” aytgan, ammo ularning mazmuniga oydinlik kiritmagan.

2020-yil iyun oyida Moldovaning Korrupsiyaga qarshi prokuraturasi “jinoyat belgilarini” ko‘rmagani sabab Dodonga qarshi ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan edi. Idoraning tushuntirishicha, tekshiruv paketning ichida nima bo‘lganini aniqlay olmagan, qaror esa qonuniy yo‘l bilan to‘plangan dalillarga asoslangan.

Dodon Plaxotnyukdan pul olganini rad etib, jinoiy ish qo‘zg‘atilishini uning “mamlakatdan qochib ketishi”ga erishish istagi va “hamma narsa izdan chiqqan bir paytda” Moldovadagi muammolardan e’tiborni chalg‘itishga urinish bilan izohladi.

2021-yil dekabrida sobiq prezident 2008-yilda Moldovani elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan Energocom ishtirokidagi sxema hamda Iqtisodiyot vazirligi (o‘sha vaqtda unga Dodon rahbarlik qilgan) yordamida 12 million dollar miqdoridagi o‘g‘irliklar haqidagi ish bo‘yicha gumonlanuvchi deb topilgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ilon Mask Twitter’da Apple reklamalari tiklanganini e’lon qildi
Dunyo
Turkiyaning Kizilelma qiruvchi droni ilk parvozni amalga oshirdi (video)
Dunyo
Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatdimi?