AQSH Moskvadagi, Rossiya esa Vashingtondagi elchixonasini yopishi mumkin, dedi AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan “TASS” agentligiga bergan intervyusida.
“Shunday ehtimol bor, lekin men bu katta xato bo‘ladi, deb hisoblayman, — dedi u tegishli savolga javob berib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bunday qadamni tashlamoqchi emas, AQSH ma’muriyatida esa elchixonalarni yopishni istaydiganlar deyarli yo‘q.
“AQSH o‘z elchixonasini yopishga majbur bo‘lishiga yagona sababni ayta olaman: agar uning faoliyatini davom ettirish xavfli bo‘lsa, shunday bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi elchi.
Intervyuda Sallivan elchixonalarning ishlashini ikki tomonlama aloqalarni saqlab qolish uchun zarur deb atagan. Shu bilan birga, u Moskvaning Vashington bilan aloqalarini butunlay uzishini istisno qildi, chunki Rossiya va Amerika vakillari BMT Xavfsizlik Kengashida muntazam ravishda uchrashib, bir-biri bilan yonma-yon o‘tiradi.
Elchi “diplomatik munosabatlarning to‘xtatilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi” belgilar Rossiya rasmiylaridan bildirilayotganini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, u 26-fevral kuni Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev aytgan so‘zlarni misol qilib keltirdi, Medvedov “sanksiya kiritgan mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar aslida prinsipial jihatdan kerak emas” va “elchixonalarga qulf osish vaqti keldi” degan edi.