AQSH va Janubiy Koreya Yapon dengizi tomonga sakkizta ballistik raketa uchirdi. Bu 5-iyun kuni KXDRdan snaryadlar uchirilishiga javob bo‘ldi.
“Janubiy Koreya va Amerika raketalarining birgalikda uchirilishi provokatsiya manbalariga hamda ularning qo‘mondonlik va qo‘llab-quvvatlash kuchlariga zudlik bilan aniq zarbalar berish qobiliyati va tayyorligini namoyish etdi”, — deyiladi Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari bayonotida.
Janubiy Koreya harbiylari 5-iyun kuni KXDR sakkizta qisqa masofali ballistik raketa uchirgani haqida xabar bergandi. Bu Shimoliy Koreyaning 2022-yil boshidan beri 18-marta raketa uchirishi bo‘ldi. Yaponiya harbiylariga ko‘ra, parvozning maksimal balandligi 50 kilometrdan 100 kilometrgacha bo‘lgan, snaryadlar 300 kilometrdan 400 kilometrgacha uchgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida AQSH prezidenti Jo Baydenning Seul va Tokioga tashrifi hamda Quad sammiti (Avstraliya, AQSH, Hindiston va Yaponiya ishtirokidagi xavfsizlik bo‘yicha to‘rt tomonlama muloqot)dan keyin KXDR Yapon dengiziga qarata uchta raketa uchirgan edi. Yaponiya buni Shimoliy Koreya tomonidan ochiq-oydin provokatsiya deb atadi.
Janubiy Koreya harbiylari KXDRning ushbu xatti-harakatlariga javoban, “Xenmu-2” ballistik raketalarini uchirdi, AQSH esa Yapon dengiziga qarata bitta ATACMS snaryadini uchirdi. Shu tariqa ittifoqchilar ittifoq kuchlari tomonidan “zudlik bilan zarba berilishi” imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qilgan.