Italiya bosh vaziri Mario Dragining aytishicha, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti davomida “tinchlikka hech qanday umid ko‘rmagan”. Dragi bu haqda jurnalistning savoliga javoban gapirdi.
26-may kuni Dragining Putin bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida, avvalo, Ukrainadan don yetkazib berishning to‘sib qo‘yilishi sabab yuzaga kelayotgan global oziq-ovqat inqirozi xavfi haqida gap ketgan.
Dragining so‘zlariga ko‘ra, Putin Ukraina portlari Kiyevning aybi bilan to‘sib qo‘yilganini, ukrainaliklar go‘yoki portlarga olib boradigan yo‘llarni minalashtirganini aytgan. Italiya bosh vaziri vaziyatni suv hududini tozalash va Rossiyaning portlarga hujum qilmaslik haqidagi kafolati bilan hal qilish mumkin, deb hisoblamoqda.
Kremlning bayonotiga ko‘ra, Putin Dragiga “Rossiya G‘arbning siyosiy motivlarga asoslangan cheklovlarini olib tashlashi sharti bilan don va o‘g‘it eksporti orqali oziq-ovqat inqirozini yengishga ulkan hissa qo‘shishga tayyorligini” aytgan.
Dragi aprel boshida Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida Putin bilan telefon suhbatlarini “foydasiz” deb hisoblay boshlaganini aytgandi. U Putindan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishni so‘raganda, Rossiya prezidenti “Hali vaqti kelmadi” deb javob qaytargan.
Mavzuga doir:
- Putin ukrainaliklarni G‘alaba kuni bilan tabriklab, ularga “tinch va adolatli kelajak” tiladi
- Makron Putin bilan suhbatda Ukrainadagi operatsiyalarning “juda og‘ir” oqibatlarga olib kelishini ma’lum qildi
- “O‘z yurtim uchun uyalyapman”. Rossiyalik diplomat norozilik belgisi sifatida BMTdagi lavozimidan ketdi
Izoh (0)