Qalbaki pasportlar bilan Toshkent orqali chet elga chiqishga uringan xorijiy fuqarolarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.
Qayd etilishicha, 8-aprel kuni Shri-Lankaning 8 nafar fuqarosi qalbaki Fransiya va Italiya pasportlari asosida Toshkent—London yo‘nalishi bo‘yicha uchmoqchi bo‘lganida chegara nazorati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, reysdan qoldirilgan.
Bu holat bo‘yicha tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, chet el fuqarolaridagi 2 ta Italiya va 6 ta Fransiya davlatining pasportlari qalbaki ekani aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent aviatsiya transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 223 (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov natijasiga ko‘ra, 8 nafar shaxslarga nisbatan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining hukmi bilan sudlanuvchilarga tegishli jazolar tayinlangan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)