Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida davlat xaridlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda tuman Xalq ta’limi bo‘limi va “G.F.” MCHJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablarga zid ravishda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga jami 86 dona suv isitish qozonlarini o‘rnatish bo‘yicha 762,2 million so‘mlik shartnoma tuzgani aniqlangan.
Ular ushbu isitish qozonlarini 349,8 million so‘mga qimmat narxda xarid qilgan hamda hisobotlarida 27,2 million so‘mlik bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 377 million so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Qashqadaryoda 1,1 mlrd so‘mlik tovarlarni sotib yuborgan ombor mudiri ushlangani, Toshkentda 32 ta uy-joy shirkati jami 3,5 mlrd so‘mni maqsadsiz sarflagan yoki talon-toroj qilgani, Toshkentdagi oilaviy poliklinikalarga yangisi o‘rniga eski liftlar o‘rnatilib, 340 mln so‘m o‘zlashtirilgani aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- Chirchiqda korxona rahbari tadbirkorning 533,6 mln so‘mlik mulkini talon-toroj qilgani aniqlandi
- O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli korxona 15,3 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchilikka yo‘l qo‘ygani aniqlandi
- Qarshida sug‘urta polislarini sotishdan tushgan 119,7 mln so‘mni talon-toroj qilgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi