Xalq ta’limi vazirligi “Xalq ta’limi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat bilan Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, barcha turdagi maktab-internatlari, Mehribonlik uylarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilanishicha:
- ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘tkaziladigan xarid qilish tartib tamoyillari natijalariga ko‘ra tashkil qilinadi;
- ta’lim tashkilotida ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilganda, ijara shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan oshxonaning ishlab chiqarish va ovqatlanish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun to‘lov “nol” stavka bo‘yicha belgilanadi va ulardan samarali foydalanish, saqlanishi va butligi autsorserga yuklanadi.
- ta’lim tashkilotlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar, shuningdek, ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligi, oshxona xodimlari tomonidan sanitariya-gigiyena talablari bajarilishiga rioya etilishini aniqlash yuzasidan sanitariya holati o‘rganib borish hamda nazorat qilishini tashkil etsin;
- bir oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilarning fiziologik yoshiga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni inobatga olgan holda, ularni ratsional kunlik ovqatlantirish me’yorlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida 2022-yil 1-aprelidan boshlab maktablardagi 1—4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etilgan. Fevral oxirlarida Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoqqa tashrifi davomida maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilishi haqida gapirgan edi.
“Uyiga olib ketishsa ham, mayli. Yesa, kuchli bo‘lsa, sog‘lig‘i tiklansa bo‘ldi. Nasib qilsa, pulimiz ko‘paygandan keyin uylariga ham qilib beramiz. Bu ham ‘Qoraqalpog‘iston tajribasi’ bo‘ldi. Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga ham bu narsani joriy etamiz”, — degan edi prezident.