Olimjon Qosimov vazir yordamchisi — O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kotibiyati rahbari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Olimjon Qosimov bunga qadar O‘zbekistonning Afina (Gretsiya) shahridagi bosh konsuli lavozimida ishlab kelgan. Undan oldin esa u TIV Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oxirlarida O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Komilov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Shuningdek, Vladimir Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, uning zimmasiga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatilgan.