Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida jurnalist Dilshod Nabiyev IIB xodimlari tomonidan majburiy tarzda olib ketilgani aytilmoqda. Bu haqda jurnalistning o‘zi xabar bergan.
Ma’lum qilinishicha, Nasafnews sayti muxbirlari ishlayotgan ofisga IIV va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida ishlashini aytgan xodimlar bostirib kirgan va Dilshod Nabiyevni hech qanday ogohlantirishsiz, majburiy tarzda olib ketgan.
Bu haqda xabar bergan bloger Kapitan Karimovning yozishicha, o‘zini IIB xodimlari sifatida tanishtirganlar jurnalistning olib ketilishi sababini oshkor qilmagan. Bunga yetarlicha asos ham ko‘rsatmagan.
Avtobloger Maqsud Muzaffarov jurnalist viloyat hokimligi binosiga olib ketilayotganini yozmoqda.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati Shohruh G‘iyosov mazkur masalaga e’tibor qaratib, IIB xodimlarining sayt ofisiga bostirib kirganini rad etgan holda “Sayt muxbiri viloyat hokimiyatiga suhbatga taklif etilgan, xolos. Ijtimoiy tarmoq faollaridan korporativ etikani qurol qilib, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishlarini so‘raymiz”, — dedi.
“Daryo” muxbiri suhbatlashgan Dilshod Nabiyev IIB xodimlari u ishlayotgan xonaga dabdurustdan kirib kelganini, hatto o‘zini ham tanishtirmasdan, uni viloyat hokimligiga olib ketishmoqchi bo‘lganini aytgan.
“Men esa sababini bilmasdan viloyat hokimligiga ham, boshqa joyga ham bormayman, dedim. Shunda ular xonamdan chiqib ketishdi. So‘ng viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari telefon qilib, suhbatga chaqirilayotganimni aytdi. Borsam, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bilan uchrashtirishdi. Vazir o‘rinbosari Saidkarim Nishonboyev so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganini aytib, noto‘g‘ri axborot tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishini bildirdi”, — deydi Dilshod Nabiyev.Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, vazir o‘rinbosari unga gapirayotganda Shuhrat G‘aniyevning tuman hokimlarini haqorat qilgani haqidagi materialiga urg‘u bergan.
“Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning viloyatdagi tuman hokimlarini haqorat qilgan bo‘lishi mumkinligini yozib, bu haqda katta maqola berishimizni e’lon qilgandik. Endi bu maqolam chiqmasa kerak”, — deydi jurnalist.
Izoh (0)