2014-yilda Luganskning ko‘plab fuqarolari Ukraina sharqidagi qurolli nizo tufayli o‘z ona shahrini tark etishga majbur bo‘ldi. Sakkiz yildan keyin — 2022-yil 24-fevralda — urush ularni quvib yetdi va yana qochishga majburladi. Meduza o‘z maqolasida shunday odamlardan ba’zilari haqida hikoya qiladi. Ularning barchasi — 2014-yilda Luganskdan bosh olib ketgan o‘qituvchi Viktoriya Vualoning do‘stlaridir. Urush boshlanganidan buyon Viktoriya Ukrainadagi yaqinlari bilan har kuni gaplashib turadi. Ular unga biroz tanaffus bilan javob beradi, imkoniyat bo‘lganida esa audioxabarlar jo‘natib, bombalardan qanday bekinayotganlari, qarindoshlari haqida tashvishlanayotganlari va xavfsiz joyga ketish yo‘lini topishga urinayotganlari haqida gapirib beradi. Viktoriya va uning yaqinlari roziligi bilan Meduza ushbu xatlarni va ularning qahramonlari hikoyalarini e’lon qilmoqda.
Hamma har joyga tarqalib ketdi
Viktoriya Vualo Rossiyada tug‘ilgan, ammo Ukrainada — Berdyansk va Luganskda o‘sib-ulg‘aygan. Viktoriyaning xolasi Lugansk pedagogika instituti filologiya fakultetida, onasi esa universitet qoshidagi kollejda dars bergan. Viktoriyaning o‘zi ham o‘qituvchilik kasbini egalladi. Pedagogika institutini bitirib, ingliz tili bo‘yicha repetitorlik qila boshladi, universitetda dars berdi.Oilaning o‘qituvchilar va talabalardan iborat do‘stlari ko‘p edi. Ba’zilar o‘qishni bitirgandan keyin ham ular bilan aloqani uzmas va do‘stlashib ketar edi. 2014-yilda hammasi o‘zgarib ketdi.
“Rossiya Qrimni tortib olganidan keyin darhol Luganskda umuman bu yerlik bo‘lmagan, yuzlari va yo‘l-yo‘riqlari boshqacha bo‘lgan odamlar paydo bo‘ldi”, — deb eslaydi Viktoriya.
“Bu odamlar hokimiyatni qo‘lga olish uchun shaharga kelgani sezilardi. Ularni allaqachon hokimiyat tepasida bo‘lganlarning ko‘pchiligi — militsiya akademiyasi rahbariyati, “Hududlar partiyasi*”dan deputatlar, Rus pravoslav cherkovlari ruhoniylari qo‘llab-quvvatlardi. Men bularning barchasini ko‘rib turardim, lekin menga o‘zimning qayg‘um yetarli edi, — deb izoh beradi Viktoriya. — Onamning darddan joni uzilayotgan edi, shuning uchun bo‘layotgan hodisalarga o‘z tashvishlarim ta’siri ostida qarardim”.
*Hududlar partiyasi — Ukrainadagi siyosiy partiya bo‘lib, Viktor Yanukovich prezidentligi davrida hukmron bo‘lgan. Rossiya bilan hamkorlikni yoqlab, yevrointegratsiyaga qarshi chiqqan. 2014-yildan mamlakat siyosatiga faol ravishda aralashishdan to‘xtagan.
Viktoriyaning onasi 2014-yil martida, Luganskda qariyb bir oydan buyon Kiyev hukumatiga qarshi namoyishlar va Yevromaydon mitinglari davom etayotgan bir paytda vafot etdi. Aprel oxiriga kelib, norozilik namoyishlari qurolli nizoga aylana boshlagach, uning yaqinlari Luganskni tark etib keta boshladi.
Biroz vaqtdan keyin universitetlar evakuatsiya qilina boshladi — Viktoriyaning ko‘plab sobiq hamkasblari va talabalari Xarkov va Kiyevga borib qoldi. Onasining o‘limiga 40 kun to‘lgach, Viktoriya ham jo‘nab ketdi. Ammo Ukrainaga emas, Rossiyaga (shundan keyin Luganskdan Rossiyaga poyezdlar yana sakkiz yil qatnamaydi).
“Mening xolam bu vaqtda Moskvada yashayotgan edi — u o‘z hayotini rus filologiyasi sohasidagi tadqiqotlarga bag‘ishladi va ilmiy ishini davom ettirish uchun Luganskdan 2014-yildan ancha oldin ko‘chib ketgan edi, — deya tushuntiradi Viktoriya. — Xolam 2014-yildagi urushga qarshi edi, Qrimning bosib olinishiga qarshi edi. Biroq o‘zi juda yaxshi ko‘radigan rus filologiyasi Rossiyadagi hukumatga aloqador emas, deb hisoblardi. U yolg‘iz yashardi, mening esa boshqa qarindoshlarim yo‘q edi. Shuning uchun o‘sha yoqqa ketdim. Moskvaga emas, uning yoniga”.
Viktoriya xolasining uyida bir necha yil yashadi. So‘ng bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i bilan tanishib, Fransiyaga ketdi, ammo hech qachon Ukraina bilan aloqani uzmadi. Urush boshlangach, Viktoriya Luganskdagi tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib chiqa boshladi, ular esa unga yozma ravishda yoki audioxabarlar bilan javob berardi. Viktoriya uchun ular millionlab oddiy odamlarning hayotlarini vayron qilgan urush shohidlariga aylangan edi.
“O‘zimni qayerga qo‘yishni bilmasdim, duo o‘qirdim, ho‘ngrab yig‘lardim, la’natlardim”
Tatyana Mironova — Viktoriyaning yaqin dugonasi. “U xolamning talabasi edi, — deb eslaydi Viktoriya. — Ular 1970-yillardan buyon do‘stlashib kelar va bu do‘stlik asta-sekin menga meros bo‘lib o‘tdi”.Tatyananing o‘g‘li Sergey Viktoriyaning birinchi o‘quvchisi bo‘lgan. Tatyananing o‘zi ham Lugansk universitetida dars berardi, 2010-yilda esa restoran biznesiga o‘tib ketdi.
Urush boshlangan vaqtda Tatyana Mironovaning oilasi Ukrainaning turli burchaklarida yashardi. Tatyana Kiyevda, uning otasi Lugansk viloyatida, keksa onasi, o‘g‘li Sergey va singlisi esa oilasi bilan o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan Xarkovda edi. Xarkovni o‘qqa tutish boshlanganida oila dastlab vannaxonaga bekinib oldi, keyinroq esa bombapanohga o‘tdi. 1-mart kuni Tatyana o‘g‘lini evakuatsiya bilan Ukraina g‘arbiga ketishga ko‘ndirdi. Onasi va singlisi esa oilasi bilan uyni tark etishdan bosh tortdi.
“24-fevraldan buyon har kuni bir xil boshlanadi — ertalab barcha yaqinlarimga: ‘Salom, yaxshimisan?’ — deb yozaman, — deb gapirib beradi Tatyana. — Bu so‘zlarda shunchalar xavotir, mehr, umid borki, ‘Hammasi yaxshi’, — degan javobni olmaguningcha, go‘yoki, yuraging urishdan to‘xtaydi va nafas olmay turasan. Bu ikkita so‘z esa shunchalik qimmatliki, tanang qayta jonlanib, yana harakatlanishni boshlaysan, qo‘ling ishga bora boshlaydi”.
3-mart kuni Tatyananing otasi 80 yoshga to‘ldi. Oila Lugansk viloyatidagi ziyofatga to‘planishi kerak edi. Urush tufayli hammasi bekor bo‘lib ketdi. Shu kuni Tatyana otasiga qo‘ng‘iroq qildi, ular telefonda uzoq suhbatlashdi: “Otam ziyofat uchun tayyorlab qo‘ygan qo‘shiqni kuylab berdi. Men unsiz yig‘ladim va uning buni payqab qolishidan qo‘rqdim. Keyin biz hazillashib, otamning yubileyi sayyora bo‘ylab yuribdi, shuning uchun uni o‘zimiz istagan kuni nishonlashimiz mumkin, dedik. O‘sha payti mana shu gaplarga katta umidim yashiringan edi”.
Tatyana qayd etishicha, u “hissiyotlar falajligi”ga chalinmaslik uchun o‘zining odatiy hayotiga qandaydir kundalik tashvishlarni kiritishga urinmoqda. O‘ylab topilgan ikir-chikirlar bardam bo‘lishga, yangiliklarni o‘qimaslikka, internetga kirmaslikka yordam beradi. “Alahsish qiyin, — deya tan oladi Tatyana, — axir xuddi yangiliklarni bilgan holda hamma narsani nazorat qilayotgandek his etasan o‘zingni. Aslida esa sen anchadan buyon hech narsani nazorat qilmaysan, chunki bir soniyadan keyin senga nima bo‘lishini bilmaysan”.
3-mart kuni kechqurun unga Xarkovdan singlisi qo‘ng‘iroq qilib, ularda chiroq o‘chgani, “hamma joy gumburlab, snaryadlar tushayotgani”ni yozgan. Tatyananing singlisi, turmush o‘rtog‘i, onasi va jiyani bilan aloqasi uzilib qolgan.
“Men qo‘rquvdan falaj holatda o‘tirdim. Keyin singlimdan SMS keldi, ular yerto‘laga tushibdi. So‘ng yana jim bo‘lib qolishdi”, — deb eslaydi Tatyana.
U soatlab o‘z yaqinlaridan javob kutdi va Xarkovdagi bombardimonlar haqidagi yangiliklarni o‘qidi. “Xarkovlik yaqinlarimdan kimdir aloqaga chiqib, artilleriyadan o‘qqa tutilayotgan manzillarni aytib turardi — menga faqat shu yashashim uchun sabab bo‘lib turgandi, — deb gapirib berdi Tatyana ovozli xabarida. — Men buni tinglab, barcha manzillarni ko‘z oldimga keltirardim — ularning hammasi menga qadrdon bo‘lgan, men o‘sib-ulg‘aygan, do‘stlarim bilan sayr qilgan, kino va kafelarga borgan joylar edi”.
Xarkovlik dugonasi Tatyanaga yozib, o‘zi yashaydigan uydan 50 metr uzoqlikda joylashgan poliklinikaga snaryad kelib tushganini xabar qilgan. “Dugonam o‘sha kuni tunda SMS yozib men bilan vidolashdi, men esa unga vidolashish kerakmasligini, mening rejalarim boshqacha ekanini va yadroviy qirg‘inda o‘lishga tayyor emasligimni aytib javob berdim”, — deb eslaydi u.
U ertalabgacha uxlamay chiqdi: “O‘zimni qayerga qo‘yishni bilmasdim, duo o‘qirdim, ho‘ngrab yig‘lardim, la’natlardim, yana yig‘lardim va yana duo o‘qirdim. Bularning hammasi tamom bo‘lishini so‘rab kimga murojaat qilishim kerakligini tushunishga urinardim. 4-mart kuni ertalab oltida mobil aloqa operatori singlimning telefoni xizmat ko‘rsatish doirasida ekani haqida xabar berdi. Va darhol hayotimdagi eng qimmatli SMS yetib keldi: “Sog‘-omonmiz”.
Oila Xarkovdan 4-mart kuni ertalab, bunga imkoniyat tug‘ilishi bilan, Poltavaga jo‘nab ketdi. Tatyananing singlisi eri bilan, ularning qizi Tanyushka, keksa onasi va mushugi Vasilisa.
Singlisi bilan gaplashib, Tatyana onasi yashagan to‘qqizinchi qavatdagi xonadon yonib ketgani, uyga snaryad tushganidan xabar topdi: “Xarkovni bombardimon qilish boshlanganida, u to‘qqizinchi qavatda qololmas edi, lift ishlamay qolgandi. Onamni birinchi qavatdagi qo‘shnilarning uyiga olib tushishgan, u yerda singlim ham oilasi bilan yashardi. U yer pastda, xavfsizroq edi. Derazalarni ko‘rpalar bilan qoplab, jihozlar bilan to‘sib qo‘yishgan, singan parchalar uy ichiga kirmasligi uchun. Onamni yerto‘laga tushira olishmagan [sonning sinishi tufayli]. Bombardimonlar bo‘lgan tunni u birinchi qavatdagi xonadonda o‘tkazgan”.
6-mart kuni Tatyana parishon holatda Viktoriyaga shunday yozgan:
Bundan keyin nima bo‘lishini tushunmayapman. Bunday voqealar qanday qilib bizning dunyomizda sodir bo‘lishi mumkinligini tushunmayapman. Mening sevimli Xarkovim, Ukrainaning eng chiroyli shaharlaridan biri yer yuzidan supurib tashlanmoqda. Ey Xudo, men ozgina narsa so‘rayman, shunchaki sevikli odamlarimni bag‘rimga bosishni xohlayman! O‘z karavotimda chiroyli pijama kiyib uxlashni xohlayman. Oddiy bir kunni boshlab, tinchgina nonushta qilsam. Rejalar tuzsam, orzular qilsam. Bir kun kelib bu voqealar tugashiga ishonaman va ruhiyatim sog‘ qolishini so‘rab qolaman, chunki men sevishni, dunyodan va odamlardan quvonch olishni istayman, nafratlanishni xohlamayman.11 kundan keyin u Kiyevni tark etdi.
“Oxirgi lahzagacha ketib qolish istagim yo‘q edi. Lekin barcha qarindoshlarim talab qilib turib oldi. Chunki Kiyevda men yolg‘iz edim. Ichimda doim bir parcha qo‘rquv turardi, — deb tushuntiradi Tatyana. — Sirena chalinishi bilan yuragim shuv etib tovonimga tushadi. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Bu shunday tovushki, go‘yoki butun ichak-chovoqlaringni sug‘urib olganday bo‘ladi”.
Ayol vokzalga piyoda keldi. Birinchi poyezdgayoq o‘tirib oldi — “qayerga ketishning ahamiyati yo‘q edi”. Ivano-Frankovskka yo‘l olishdi. Vagon tiqilinch edi, Tatyananing tizzasida birovning besh yashar qizchasi o‘tirar va bombardimonlar tufayli yerto‘lada o‘tirishdan bezor bo‘lgani haqida gapirar edi.
Mart oxirida Tatyana Polshada edi. Uning oilasi esa hamon tarqoq holatda edi.
“Otam Lugansk viloyatida, uning hududi ham endi deyarli to‘liq bosib olingan. Va u yerda allaqachon o‘zlarining qoidalarini qabul qildirishga urinishmoqda. U bilan aloqam uzilib qoldi, — deydi Tatyana. — Onam singlim bilan hamon Poltavada. Bugun singlim qo‘ng‘iroq qilib ho‘ngrab yig‘lab yubordi — onamiz o‘z qo‘rquvini yengishga urinayotgani haqida gapirib berdi. U 82 yoshda, bir o‘zi bombalar ostida o‘tkazgan o‘sha tun yodiga tushaveradi”.
“2014-yilda meni lugansklik Marina deyishardi, endi kiyevlik Marinaman”
Marina — Viktoriyaning lugansklik tanishi. Ular Tatyana orqali tanishgan. U Luganskdan ketib Kiyevda restoran ochganida, Marina unga menejer bo‘lib yollangan.“2014-yilda, rossiyalik harbiylar bostirib kirgach, butun hayotimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keldi, — deb eslaydi Marina. — Men u yerda o‘qlar tovushlari ostida yashay olmasdim, tezgina narsalarimni yig‘ib jo‘nab ketdim. Qo‘limda bittagina jomadon bo‘lsa, boshimda bir dunyo savollar bor edi: qayerga boraman, meni oldinda nimalar kutyapti, harbiy harakatlar hududida qolayotgan yaqinlarim qanday yashaydi. Bularga javoblarim yo‘q edi, faqat omon qolish degan yovvoyi bir istak bor edi — shundan boshqa hech narsani his qilmasdim”.
Bir necha oylar davomida Marina Ukrainada u shahardan bu shaharga kezib yurdi, oxiri Kiyevga joylashdi: “Men hayotimni nuldan boshladim. Turmushga chiqdim, bolali bo‘ldim”.
24-fevral kuni ertalab uning hayoti yana ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi.
“Biz qarindoshlarimizning qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketdik, ular dahshat ichida baqirib, Kiyev bombardimon qilinayotganini aytardi, — deya ayol bir necha kundan keyin Viktoriyaga xabar yozdi. — Boshimga hech qanaqa fikr kelmas, tanamda kuch qolmagan edi — faqat falajlovchi qo‘rquv qamrab olgan edi. Bu qo‘rquvga yana hammasini qaytadan boshdan kechirish vahimasi qo‘shildi. Lekin endi men yanada qo‘rqardim. Chunki endi yolg‘iz emasdim. Turmush o‘rtog‘im va o‘g‘lim ham bor edi. Ular uchun o‘zimdan ham ko‘proq tashvishlanar edim”.
Turmush o‘rtog‘ining ota-onasi 24-fevral kuni kechgacha ularni uylaridan olib, Rovno viloyatiga keltirdi. “Bu yer nisbatan tinch, o‘q otishmayapti, bombardimon qilishmayapti, — deya Viktoriyaga yuborgan audioxabarida aytib berardi Marina. — Lekin vaqti-vaqti bilan — kuniga bir-ikki, ba’zan esa yetti martagacha havo trevogasi signali bilan yerto‘laga yuguramiz. O‘z hayotlarimizni saqlab qolish uchun. Har daqiqada istar-istamas yangiliklarni o‘qiyman, ma’lumotlarni ko‘rib chiqaman, bugun qayerda qattiq janglar borayotganini, bugun qaysi shaharni Ukraina yuzidan yo‘q qilib tashlashayotganini ko‘raman. XXI asrda bunday narsa bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin… Hech kimga hech qanaqa xavf solmagan erkin davlat hududiga bostirib kirish”.
Marina oilasining omadi kelib, birinchi kuniyoq jo‘nab ketganini, vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lmaganini aytadi. Ammo ular hamon xavotirda: “Biz yashaydigan joy yana bir ‘qardosh xalq’, Belarus Respublikasi bilan chegaradosh, shunday ekan, hammamiz juda yaxshi bilamizki, ular ham xuddi RF kabi hujum qilishi mumkin”.
Marina kelajak haqida o‘ylashdan qo‘rqadi — kelajak unga “qorong‘i” va tushunarsiz bo‘lib tuyuladi: “Men rejalar tuzishga o‘rgangan edim, endi esa buning iloji yo‘q — ertaga, indin nima bo‘lishini tasavvur qilishga urinaman va boshi berk ko‘chaga kirib qolaman”.
Har kuni ertalab u Ukrainaning turli qismlarida yashovchi qarindoshlari bilan yozishib, sog‘-omonligini o‘rganadi. Har kuni ertalab yangiliklarda urush tugagani haqidagi xabarlarni ko‘rishga umid qiladi.
“Lekin haftalar o‘tib bormoqda, mamlakatimiz kurashmoqda, vayron bo‘lmoqda. Tinch fuqarolar, bolalar aviatsiya bombalari, o‘qlar ostida qolmoqda. Men yana omon qolish degan yovvoyi istakni his qilyapman. Boshqa hech narsa haqida o‘ylay olmayman”, — deb gapirib beradi Marina.
21-mart kuni u Viktoriyaga navbatdagi ovozli xabarni yubordi:
Nima uchun? — deb o‘ylab qolasan. Nima sababdan urush bo‘lyapti? Har kun — hayot tomonidan berilgan yangi sinov. Tomog‘imga nimadir tiqiladi, ko‘zim yoshga to‘ladi, “nima uchun?” deb savol beraman. Va tushunamanki, bugungi xavfsizligim ertaga ming parcha bo‘lib uchib ketishi va o‘limga aylanishi mumkin.2014-yilda meni hamma joyda lugansklik Marina deb chaqirishardi, endi esa kiyevlik Marinaman. Davlatdan yordam olish uchun yana bir dunyo ma’lumotnomalarni yig‘ish kerak. Ish yo‘q, lekin qandaydir qilib yashash kerak-ku.
Har kuni o‘z-o‘zimga tinchlanishim kerakligini aytaman: o‘g‘lim hali kichkina, unga sog‘lom ona kerak. Men o‘z ruhiyatimni asrashni istayman, chunki Kiyevga qaytib borib, mamlakatimga oyoqqa turishda yordam bermoqchiman. Ammo yangiliklarni ham o‘qimasdan tura olmayman. Vayronalar ostidan chiqarib olinayotgan yosh bolachalar, otib tashlanayotgan tinch fuqarolar — bularni ko‘rib qanday aqldan ozmaslik mumkin, bilmayman. Xudoga shukur, men ham, farzandim ham bularni eshitmadi va o‘z ko‘zi bilan ko‘rmadi. Lekin odamlar shunday dahshat ichida yashayapti!
Eng qo‘rqinchli narsa shuki, Ukraina bir o‘zi qoldi. Ha, uni ko‘plab mamlakatlar qo‘llab-quvvatlayapti. Biroq uni himoya qilishi kerak bo‘lganlar chetga chiqib oldi. Afsuski, o‘zini butun dunyoda tinchlikparvar deb atovchi alyans biz uchun hech narsa qilmadi.
“Bu yerda men halovat topmayman”
Tatyana Majara — sportchi, professional parashyutchi, 2014-yilgacha faol sakrab, mashq qilgan. O‘g‘li Vyacheslav bilan Luganskda yashagan. U esa Sharqiy Ukraina universiteti kollejida “bank ishi” sohasida tahsil olardi. Unga Viktoriyaning onasi dars bergan. “Slava yaxshi o‘qirdi, kollejni qizil diplom bilan tugallagandi”, — deb eslaydi Viktoriya.2007-yilda Vyacheslav universitetda o‘qish uchun Kiyevga ko‘chib ketdi. Taxminan bir yil o‘tib, uning ko‘zi ko‘rmay qoldi. Talaba o‘rtog‘i bilan birga bekatda avtobus kutib turganida, ularning ustiga avtomobil bostirib bordi. O‘rtog‘i reanimatsiyada vafot etdi.
“Onam menga Slava haqida aytib bergandi, biz Luganskda uni davolatish uchun pul yig‘ish tashkil qildik, — deb xotirlaydi Viktoriya. — Shu tariqa uning onasi Tatyana bilan tanishdik va do‘stlashdik. Keyin, 2014-yilda u Kiyevga, o‘g‘lining yoniga ko‘chib ketdi”.
24-fevral, urush boshlangan kuni Viktoriya Tatyanaga yozdi, u esa Vyacheslav Kiyevdan ketishdan bosh tortayotganini xabar qildi. Armiyaga chaqirilish yoshidagi erkaklar urush chog‘ida Ukrainani tark eta olmaydi, nogironligi bo‘lgan odamlarga esa harbiy komissariat (voyenkomat)dan ruxsatnoma kerak bo‘ladi. Vyacheslav ketmaslik uchun ushbu taqiqdan foydalanib qoldi. “Men qolaman, nima bo‘lsa bo‘lsin”, — dedi u Tatyanaga.
U esa yana ikki hafta davomida o‘g‘lini ko‘ndira olmadi. Bunga muvaffaq bo‘lganida esa, ular urinib ko‘rdi, ammo keta olmadi.
“Biz Kiyevdamiz. Slava bilan chiqib keta olmayapmiz. Ikki marta harakat qildik, — deb yozdi Tatyana Viktoriyaga 13-mart kuni. — Poyezdlar shiddat bilan egallab olinyapti, vagonlar odamlarga liq to‘la, hatto tik turib ketayotganlar ham bor. Slavik odamlar to‘plangan joyga kira olmaydi, kislorod yetishmay qolsa, tutqanog‘i xuruj qiladi. Olomonning g‘ovur-g‘uvuri ham unga yomon ta’sir qiladi. Shuning uchun biz shu yerdamiz. Xudo qanday yo‘lga boshlasa, shu bo‘ladi. Bu yerda bizga o‘xshaganlar kam emas, jafokash o‘lkamizning bu sahifasini birgalikda yashab o‘tamiz”.
“Viktoriya, shunday holatdamanki, hech narsa degim kelmaydi, hech kimni la’natlashni istamayman. Doimiy o‘qqa tutishlar, gumbur-gumburlar… goh uzoqda, goh yaqinda. Miya gangib qoladi, — deb aytib berardi Tatyana dugonasiga. — Agar Slavik bo‘lmaganida, allaqachon ketib qolardim. Lekin u hamma narsani tushunib turibdi va ketishni xohlamayapti, yo‘lni ko‘tara olmasligini tushunadi. Meni ketkizmoqchi bo‘ladi, o‘zini o‘zi bajara olishini aytadi… Biroq men onaman, uning yonida bo‘lishim kerakligini his qilaman. Kimsasiz shaharni ko‘rib, qo‘rquvim yanada oshadi, faqat sumka ko‘targan odamlarnigina uchratish mumkin (jomadon emas, aynan sumka — hujjatlar va yo‘l uchun biroz yegulik). Bir qo‘lida sumka, ikkinchisida — bolasi yoki qandaydir uy hayvoni. Bu holat odamni ezib qo‘yadi”.Tatyana o‘z xatida ukrain xalqiga boshqacha ko‘z bilan nazar solganini tan oldi: “Bunday dovyuraklik va bardoshlilikni faqat filmlarda ko‘rasatishardi. Ona yerining har bir bo‘lagiga tish-tirnog‘i bilan yopishmoqda. Afsuski, yoshim 60 dan oshgan. Hech bo‘lmasa, 50 da bo‘lganida… Bunday yigitlar bilan bitta safda qo‘rqinchli bo‘lmagan bo‘lardi”.14-mart kuni Viktoriya yana bitta xat oldi.
“Har bitta fuqaro doimiy ravishda bu qo‘rquv ichida yashamoqda, hatto o‘qqa tutilmayotgan paytda ham, — deb yozardi Tatyana. — Jimjitlik cho‘kib, qushlarning sayrog‘i eshitila boshlaganida, shaxsan o‘zim juda dahshatga tushaman. Mendagi bunday qo‘rquv 2014-yildagi urushdan buyon qolib ketgan. Shunday bo‘lardiki, bu jimjitlikni snaryad portlagan ovoz buzardi, sen u yaqinlashib kelganini sezmay qolasan, chunki yonginangga kelib tushadi. Odam yolg‘iz bo‘lsa, ancha oson, lekin yoningda bunday vaziyatda butunlay himoyasiz o‘g‘ling bo‘lsa, endi bu ikki karra qo‘rquv, u seni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan holdan toydiradi. Bunday stressda yana qancha yashay olaman — buni bilmayman”.
16-mart kuni Tatyana o‘g‘li bilan Kiyevni tark etdi. U Polshaga yetib borganidan keyin Viktoriyaga yozdi:
Qayerdan yordam kelganini haligacha tushunmayapman. Men har xil odamlardan surishtirdim, do‘stlarim har tomondan biz uchun ko‘mak qidirdi. Bizga Qizil Xochdan qo‘ng‘iroq qilib, tayyorlanishga ikki soat vaqt berishdi va avtobus jo‘nab ketadigan joyga kelishni aytishdi.Biz Kiyev tashqarisiga borishimiz kerak edi. Hamma taksi xizmatlariga qo‘ng‘iroq qilib chiqdim — birorta ham mashina yo‘q. Tamom, bu safar ham keta olmaymiz… Qo‘ng‘iroq bo‘ldi, qaysidir taksi haydovchisi tayyorlanib turishimizni so‘radi, u bizning yonimizgacha yetib olishga harakat qilayotganini, shahar barrikadalarga to‘la ekanini, ko‘chalar to‘sib qo‘yilganini aytdi. Bir amallab yetib keldi. Biz ko‘chada edik. Eng kerakli narsalarni olganmiz, hamma yugurardi, avtobusga ulgursak bo‘ldi. Qandaydir mo‘jiza yuz berib, barrikadalardan o‘tib oldik, kechikdik, ammo avtobus kutib turgan ekan. Kiyevdan chiqib ketishda juda katta tirbandlik yuzaga kelgan, yuk mashinalari, avtobuslar, yengil mashinalar yig‘ilib qolgan edi. Bir kilometr yo‘lni uch soatda bosib o‘tdik. So‘ng tuni bilan tuproq yo‘llarda faralarni o‘chirib qo‘yib yurdik. Tungi Lvov, yana havo trevogasi, endi unga hech kim e’tibor qilmasdi… Kechasi uchda Polsha bilan chegarada edik. Polsha qochqinlarni mehmondo‘stlik bilan kutib olayotgani haqida eshitgandim, biroq buni his qilish uchun urush yo‘lidan yurib o‘tib, bizga yordam qo‘lini cho‘zgan rahmdil odamlar mehri va g‘amxo‘rligiga to‘la muhitga tushish kerak. Bu yerda barcha zarur narsalar: issiq ovqatlar, ichimliklar, o‘yinchoqlar, kiyim-kechak, dorixona, shaxsiy gigiyena buyumlari bor edi… Mamlakatning istalgan nuqtasigacha bepul transport bor edi.
Issiqqina narsalar yeb-ichib olgim kelardi… Ammo ko‘rgan narsalarim, mehribon ochiq chehralar, mehr bilan tayyorlangan taomlar hidi meni shunchalik hayajonlantirdiki, beixtiyor ko‘z yoshlarim yuzimga oqib tusha boshladi. Men bu yerda, xavfsiz joyda mehr va g‘amxo‘rlikdan rohatlanayotgan bir paytda vatanimda minglab odamlar ovqatsiz, suvsiz qiynalayotgani, haftalab bolalari bilan, nogironlar bilan yerto‘lalarda bekinib yotgani, halok bo‘layotganidan uyalardim va qiynalardim. Men bu yerda halovat topmayman.
“Bu urush 24-fevralda emas, 2014-yilda boshlangandi”
Har kuni kechqurun Viktoriya farzandlariga ukrain ertaklarini aytib beradi, Kiyev, Lugansk, Irpen, Starobelsk kabi ularga notanish bo‘lgan shaharlarni tilga oladi. Bolalarga bu ertaklar yoqadi, ular qayta va qayta o‘qib berishni so‘raydi.“Ba’zan aytib beraman va yig‘layman”, — dedi Viktoriya. Ukrainada qolgan do‘stlari bilan muloqot unga umidsizlikni yengishda yordam beradi. “Ular bilan oson til topishamiz, bir-birimizni bir og‘iz so‘zdan tushunamiz, — deydi u. — Hatto bir-birimizga bu urush 24-fevralda emas, 2014-yilda boshlanganini tushuntirib o‘tirishga ham hojat yo‘q. Buni hammamiz bilamiz”.
Hadeb Ukraina yangiliklarini o‘qishdan chalg‘ish uchun, u Fransiyaga kelgan qochqinlarga yordam berishga harakat qiladi, ularga qayerdan va qanday qilib yordam olish mumkinligini tushuntiradi. Uning aytishicha, yevropaliklar “yordam berishsa-da, baribir vaziyatni unchalik tushunmaydi”.
Ukrainadan kelgan boshqa ekspatlar (vatanidan ko‘chib ketgan yoki ko‘chirib yuborilgan odamlar) bilan birgalikda Viktoriya ukrain madaniyati va tilini saqlab qolish bo‘yicha loyiha yaratishni rejalashtirmoqda, toki qochqinlarning farzandlari Fransiyada Ukraina maktab dasturi bo‘yicha o‘qiy olsin. Va nafratsiz dunyoni yaratish muhim deb hisoblaydi.
“Hozir Yevropada ko‘pchilik ruslarga qarshilik ko‘rsatish kerakligini aytmoqda. Rossiyada oddiy odamlar nimani o‘zgartira olishi mumkinligini bilmayman, — deya mulohaza qiladi Viktoriya. — Agar men u yerda bo‘lganimda, ikki bolaning onasi sifatida, mitinglarga chiqishdan qo‘rqqan bo‘lardim. Va men qo‘rqayotgan boshqa odamlarga ta’na qila olmayman. Agar men Rossiyaga qaytib borishimga to‘g‘ri kelishini bilganimda, ehtimol, siz bilan gaplashishga qo‘rqqan bo‘lardim. Lekin bilamanki, o‘zimning Ukraina pasportim bilan u yerga endi hech qachon qaytib bormayman”.
Izoh (0)