Harbiy sohadan mutlaqo bexabar yoki bunga qiziqmaydigan odam ham jahonning eng qudratli armiyasi deganda xayoliga AQSH va Rossiya armiyasini keltiradi. Bu ikki superqudratga ega davlat boshqalardan bir necha barobar ko‘p texnikaga ega.
Biroq haliyam davom etayotgan Ukrainadagi urush Rossiya armiyasining bu boradagi mavqeyiga jiddiy putur yetkazdi. Qudratli va yengilmas deya aytilgan rus armiyasi Ukrainada jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jangovar harakatlar hali davom etayotgan bo‘lsa-da, rus armiyasining o‘zidan bir necha o‘n barobar kuchsiz bo‘lgan ukrain armiyasi qarshiligini sindira olmayotgani tarixdagi yana bir shunday urushni eslatadi. Bu 1939-yilgi Sovet-fin urushi edi.
Urush sabablari
1932-yili SSSR va Finlyandiya o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida shartnoma imzolanadi. Unga ko‘ra mamlakatlar bir-biriga hujum qilmaslik va ulardan biri uchinchi tomon hujumiga uchraganda betaraf qolish majburiyatini oladi.Biroq Stalin boshliq sovet rahbariyati Finlyandiyani Germaniya ittifoqchisi va dushman sifatida ko‘rar edi. Sovetlar mamlakatning ikkinchi darajali shahri, “inqilob beshigi” bo‘lmish Leningradning Finlyandiya chegarasiga juda yaqin joylashganidan bezovta edi. Chegara va shahar orasidagi masofa 32 kilometrni tashkil etib, Stalin Kareliya bo‘yni (ikki qit’ani yoki materikni yarim orol bilan bog‘laydigan, ikkita suv havzasi orasida joylashgan quruqlik)dagi ushbu chegara chizig‘ini orqaga surish haqida o‘ylay boshlaydi. Uning fikricha, Leningrad va Finlyandiya chegarasi orasida bufer hudud bo‘lishi kerak edi (xuddi hozirgi Rossiya va NATO orasida Ukraina neytral hudud bo‘lishi kerak bo‘lgani kabi).
Bundan tashqari, bu davrda SSSRda “qizil imperializm” mafkurasi paydo bo‘lib, mamlakat rahbarlari eng avvalo sobiq chor Rossiyasi chegaralarini tiklashni maqsad qiladi. Bu yo‘lda qo‘yilgan katta qadamlardan biri Gitler Germaniyasi bilan tuzilgan “o‘zaro hujum qilmaslik” to‘g‘risidagi shartnoma edi. Sovet davlati Germaniya bilan tuzilgan shartnomaning maxfiy bandlariga binoan 1939-yili Polshaga bostirib kiradi va uning hududini Germaniya bilan bo‘lib oladi.
Molotov—Ribbentrop (SSSR va Germaniya tashqi ishlar vazirlari) bitimining boshqa maxfiy shartlariga ko‘ra, Germaniya SSSRning G‘arbiy Ukraina, Bessarabiya, Boltiqbo‘yi davlatlari (Litva, Latviya, Estoniya) va Finlyandiyaga nisbatan huquqlarini tan oladi. Ya’ni bu hududlarning SSSR tarkibiga kirishiga rozilik beradi. Buning evaziga esa SSSR Germaniyaning g‘arbdagi urushiga va Bolqondagi harakatlariga aralashmaslik, g‘alla eksportini to‘xtatmaslik majburiyatini zimmasiga oladi.
Germaniyaning urush boshlashi hamda Buyuk Britaniya va Fransiyaning unga qarshi urushga kirishi SSSRga o‘z bosqinchilik rejalarini amalga oshirish uchun qulay vaziyat yaratadi.
Muzokaralar va ultimatum
1939-yili Moskvada SSSR—Finlyandiya tinchlik muzokaralari boshlanadi. Dastlab SSSR Finlyandiyaga uning hududiga 50 ming sovet askari joylashtirishni ko‘zda tutuvchi “xavfsizlik shartnomasi” tuzishni taklif qiladi. Bunday shartnoma Boltiqbo‘yi davlatlari bilan ham tuzilgan edi. Biroq rasmiy Xelsinki bunga rad javobini beradi. Shundan so‘ng sovet tomoni Finlyandiyaga yangi “tinchlik shartnomasi”ni taklif qiladi. Unga ko‘ra, Finlyandiya Kareliya bo‘ynini SSSRga topshirishi, Leningrad bilan chegarani taxminan 70 kilometr orqaga surishi, harbiy bazalar barpo qilish uchun Hanko yarimoroli va Aland orollarini SSSRga ijaraga berishi kerak edi. Bularning evaziga esa SSSR Finlyandiyaga shimoliy Kareliyadan katta yerlar berishini ma’lum qiladi.Finlar shartnoma shartlarini noteng va adolatsiz deb topadi. Chunki SSSR bir necha yuz ming inson yashaydigan, strategik muhim hududlar evaziga Finlyandiyaga odam yashamaydigan, o‘tib bo‘lmas botqoq va o‘rmonlardan tashkil topgan hududni taklif qilayotgandi. Qolaversa, Kareliya bo‘ynida Finlyandiyaning mustahkam Mannergeym (Finlyandiya qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, keyinchalik prezidenti) mudofaa chizig‘i mavjud bo‘lib, uni sovetlarga topshirish mamlakatni sharqiy tomondan butunlay himoyasiz qilib qo‘yar edi. Hanko porti berilishi esa poytaxt Xelsinkining kuchli artilleriya qurollari nishoniga aylanishiga zamin yaratardi. Finlyandiya ushbu shartnomani imzolashdan bosh tortadi.
Tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsiz tugagach, 31-oktabr kuni SSSR tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Molotov Finlyandiya diplomatlariga “Biz fuqarolik vakillari hech qanday natijaga erishmadik, endi so‘z askarlarga beriladi” deya tahdid qiladi va ultimatum topshiradi.
Urush uchun tayyor bahona
Endilikda urushni boshlash uchun biron bahona kerak edi va bu tez orada o‘rtaga qalqib chiqadi. 1939-yil 26-noyabr kuni SSSR—Finlyandiya chegarasida joylashgan SSSRga qarashli Maynil qishlog‘i artilleriya to‘plaridan o‘qqa tutiladi. Natijada uch sovet askari va bir komandir halok bo‘ladi. SSSR bu hujumda darhol Finlyandiyani ayblaydi. Biroq Xelsinki ayblovni rad etadi va 1928-yili qabul qilingan Chegara komissarlari konvensiyasiga muvofiq voqea yuzasidan birgalikda tergov o‘tkazishni taklif etadi.Ammo maqsadi urush boshlash bo‘lgan SSSR bu taklifni e’tiborsiz qoldiradi. Buning o‘rniga 28-noyabr kuni Finlyandiyani o‘zining hududiga o‘t ochishda ayblaydi va 1932-yil imzolangan o‘zaro hujum qilmaslik shartnomasi majburiyatlaridan ozod bo‘lganini e’lon qiladi.
30-noyabr kuni tongda urush boshlanadi. Sovet aviatsiyasi Xelsinki, Viipur (hozirgi Viborg), Kotka kabi Finlyandiyaning yirik shaharlarini bombardimon qiladi. Sovet qo‘shinlari Kareliya bo‘ynidagi Finlyandiyaning Mannergeym chizig‘iga tanklar va artilleriya qurollari bilan hujumga o‘tadi. Ushbu urush deyarli qish faslida boshlangani bois “Qishki urush” deya nomlanadi.
1-dekabr kuni Finlyandiyadan tortib olingan Teriyoki (hozirgi Zelenogorsk) shahrida bir necha yildan beri Moskvada yashovchi, Komintern a’zosi Otto Kusinen boshchiligida Finlyandiya Demokratik Respublikasi tuziladi (FDR). Shu kunning o‘zidayoq Kusinen SSSR Oliy Soveti Prezidiumidan FDRni tan olishni so‘raydi va uning bu iltimosi darhol qondiriladi. 2-dekabr kuni esa Moskvada Stalin, Molotov va Kusinen muzokara o‘tkazadi hamda “SSSRning urushdan oldingi barcha talablari”ni bajarishga rozi bo‘ladi.
Shu kundan e’tiboran sovet rahbariyati Finlyandiyada “hech qanday urush olib bormayotganini, balki FDRga Finlyandiya qonuniy hokimiyatini egallab olgan Mannergeym boshliq terrorchilarni yo‘q qilishda yordam berayotganini” (xuddi hozirgi “maxsus operatsiya”ga o‘xshash) da’vo qiladi.
Dohiyning tug‘ilgan kuniga noxush sovg‘a
Sovet harbiy rahbariyati Finlyandiya qattiq qarshilik ko‘rsatmasligiga ishonadi. Chunki birgina Leningrad shahri aholisi butun Finlyandiya aholisidan ko‘proq edi. Shunday bo‘lsa-da ushbu urushga katta qo‘shin tashlanadi. Qizil armiya fin qo‘shinidan har tomonlama juda katta ustunlikka ega edi. Xususan, SSSR Finlyandiyaga qarshi urushga 400 mingdan ko‘proq askar yuborgan bo‘lsa (bu son keyinchalik 700 mingdan ham oshib ketgan), finlarda bu son 265 mingni tashkil qilgan. 2289 tankka qarshi 26 tank, 2876 artilleriya quroliga qarshi 534 dona shunday qurol, 2446 samolyotga qarshi esa bor-yo‘g‘i 270 samolyot qarshi chiqadi.Sovet qo‘shinining tez va oson g‘alaba qozonishiga hech kim shubha qilmaydi. Bironta mustaqil OAV bo‘lmagan sovet matbuoti esa “Qizil armiya birodar fin xalqini terrorchilardan ozod qilish”dek sharafli vazifani bajarayotganini ta’kidlab, “qudratli, yaltiroq sovet qurollari bilan qurollangan qizil askarlar o‘z vazifasini bir necha kun ichida bajarishi” haqida gapiradi. SSSR rahbariyati Finlyandiya ustidan qozonilajak g‘alabani dohiy Stalinning tug‘ilgan kuniga (18-dekabr) sovg‘a qilmoqchi edi. Biroq barchasi kutilganidan boshqacha bo‘ldi.
Kareliya bo‘yni bo‘ylab 20-50 kilometr ichkariga kirgan sovet qo‘shini 9-dekabr kuni Mannergeym chizig‘ida to‘xtab qoladi va katta yo‘qotishlarga uchraydi. 13—15 dekabr kunlari uyushtirilgan hujumlar ham muvaffaqiyatsiz tugaydi. Qizil armiyaning katta talafotlar bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mamlakat ichida ham, tashqarisida ham urushga nisbatan munosabatning o‘zgarishiga olib keladi.
Sovet propagandasi endi “qudratli va mustahkam Mannergeym chizig‘i” haqida gapira boshlaydi. Finlyandiyaning munosib qarshilik ko‘rsata olishiga amin bo‘lgan Yevropa davlatlari, jumladan, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Daniya va hatto Italiya ham Finlyandiyaga qurol-yarog‘ jo‘natadi. Chet eldan o‘ng mingga yaqin ko‘ngillilar “Qishki urush”da qatnashish uchun Finlyandiyaga keladi. Biroq bu yordamni hozirgi Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Chunki sovet-fin urushi davrida ko‘plab Yevropa davlatlari asosiy e’tiborni Germaniya bilan urushga qaratgandi. Shu bois ham ular Finlyandiyaga kerakli yordamni ko‘rsatolmaydi.
Sovet qo‘shinlarining shimoldan qilgan yurishi haqiqiy halokatga aylanadi. Finlyandiya shimolidagi Suomussalmi jangida finlar general Aleksey Vinogradov boshliq sovet qo‘shinini o‘rab oladi va qattiq zarba beradi. Ushbu jangda 30 mingdan ortiq sovet askari halok bo‘ladi, elikka yaqin sovet tanklari va artilleriya qurollari finlar qo‘liga o‘tadi. Eng qizig‘i, ushbu jangdagi Finlyandiya yo‘qotishlari soni mingga ham bormaydi.
Suomussalmi jangidagi sharmandali mag‘lubiyat sabab general Aleksey Vinogradov va boshqa harbiy rahbarlar omma oldida otib tashlanadi.
Sovet qo‘shinlarining bunday katta muvaffaqiyatsizliklari dohiyning tavallud ayyomi uchun “ajoyib” sovg‘a bo‘ladi.
Kelishuv
Qizil armiya muvaffaqiyatsizliklarining birinchi sababi urushga puxta tayyorgarlik ko‘rmaganida edi. Ukrainaga qarshi bosqinda rus qo‘shini uch kunlik blitskrigga ishongani va kutilmaganda qattiq qarshilikka uchrab, ta’minotsiz qolib ketgani kabi sovet qo‘shini ham Finlyandiyani bir necha kunda yengishiga ishongan edi. Askarlar kuzgi shinellarda urushga kirgan bo‘lib, ular qalin kiyimlar bilan ta’minlanmagan, chunki rejaga ko‘ra, urush dekabrning o‘rtalariga qolmay yakunlanishi lozim edi. Qalin kiyimlari bo‘lmagan sovet askarlari shimolning dekabr-yanvar oyidagi 40 daraja sovug‘ida muzlab qola boshlaydi.Bundan tashqari, Qizil armiyada aloqa yomon tashkil etilgan, quruqlikdagi kuchlar, aviatsiya va dengiz floti o‘rtasida o‘zaro aloqa yo‘q edi. Vatanini himoya qilayotgan fin armiyasi esa ajoyib mahorat va g‘ayrat bilan kurashadi. Finlarning daraxtlarda o‘tirib olib, sovet ofitserlarini nishonga oluvchi “kukushka” — snayperlari sovetlar uchun haqiqiy boshog‘riqqa aylanadi. “Kukushka”ni yo‘q qilgan sovet jangchilariga darhol Qizil Yulduz ordeni berila boshlanadi. Qolaversa, oq forma kiygan finlar ajoyib chang‘ichi bo‘lib, qorli tepaliklarda sovet askarlariga nisbatan juda tez harakatlanadi va qorda deyarli ko‘rinmas edi.
Dekabr va yanvar oyidagi xatolardan so‘ng SSSR rahbariyati endi urushga yaxshi tayyorlanadi. Finlyandiya bilan frontga yana uch yuz mingdan ortiq askar jalb qilinib, qo‘shin qo‘mondonligiga Simyon Timoshenko tayinlanadi. Askarlarga nihoyat issiq kiyimlar yetkaziladi va Qizil armiya tarixida ilk bor “Xalq komissarligi 100 grammi” amaliyoti joriy qilinadi. “Xalq komissarligi 100 grammi” doirasida 1939-yil 10-yanvaridan martiga qadar vaqt davomida sovet armiyasi 10 tonnadan ko‘proq aroq va deyarli to‘qqiz tonna konyak iste’mol qiladi.
Bu safar ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan sovet qo‘shini 11-fevral kuni katta kuch bilan hujumga o‘tadi. O‘n yetti kun davom etgan janglardan so‘ng Qizil armiya Viborg shahri yaqinida Mennergeym chizig‘ini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng G‘arbdan yordam ololmagan Finlyandiya tinchlik sulhi so‘rashga qaror qiladi.
11-mart kuni Finlyandiya delegatsiyasi Moskvaga keladi. 12-mart kuni tuzilgan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, Kareliya bo‘yni, Onega va Ladoga ko‘li sohillari butunlay SSSR tarkibiga o‘tadi. Bundan tashqari Finlyandiya shimoldagi O‘rta va Baliqchi yarimorollari hamda Fin ko‘rfazi orollarini SSSR hududi deya tan oladi. Hanko yarimoroli esa harbiy-dengiz bazasi yaratish uchun SSSRga o‘ttiz yil muddatga ijaraga beriladi. Umumiy hisobda Finlyandiya o‘zining 11 foiz hududidan ayriladi. Biroq mamlakat suverenitetini saqlab qoladi va qo‘g‘irchoq Otto Kusenin hukumati tarqatib yuboriladi.
SSSR tarkibiga o‘tgan yerlardan 450 mingga yaqin fin ko‘chishga majbur bo‘ladi. Deyarli hech qaysi Finlyandiya fuqarosi sovet davlati tarkibida qolishni xohlamagan.
13-mart kunidan harbiy harakatlar to‘xtalishi haqidagi kelishuvga qaramay, shu kuni sovet harbiylari Finlyandiyaning Viborg shahriga kirib keladi va uni egallab oladi. Sovet tomoni buni harbiylarga tinchlik shartnomasi haqidagi xabar yetib bormagani bilan izohlaydi, ammo qo‘shinlar shahardan olib chiqilmaydi va bu shahar ham SSSR tarkibida qolib ketadi.
Takrorlangan tarix
“Qishki urush” natijasida SSSR 126 ming askaridan ayrilgan bo‘lsa, Finlyandiya atigi 22 ming jangchisini yo‘qotadi. Ko‘pgina mutaxassislarning fikriga ko‘ra, aynan Finlyandiya bilan urushdagi muvaffaqiyatsizlik Qizil armiya obro‘siga putur yetkazgan va bu Gitlerning bir yildan so‘ng SSSRga hujum uyushtirish haqida qaror qilishida muhim rol o‘ynagan.Ukraina va Finlyandiyadagi urushning ilk o‘xshash jihati, har ikkala bosqinning o‘z nomi bilan atalmagani. “FDRga Mannergeym boshliq terrorchilarni yo‘q qilishda berilgan yordam” va Ukrainadagi DXR va LXRni ozod qilish hamda Ukrainaning natsist hukumatini qulatish uchun boshlangan “maxsus operatsiya” aslida qo‘shni davlatning xalqaro tan olingan suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish edi. Bundan tashqari har ikkala urush hududiy da’volar va neytral zonalar haqidagi vaj-korsonlar bilan boshlangan.
Har ikkala urushda hujum qiluvchi kuchli tomon blitskrig (tezkor g‘alaba)ni reja qilgandi. Finlyandiyadagi urushdan farqli o‘laroq, Ukraina ulkan harbiy yordam orqali Rossiyaning tezkor g‘alaba haqidagi rejalarini chippakka chiqardi. Finlar esa o‘ta mustahkam himoya va matonat evaziga buni uddalagan edi. Biroq harbiy qurollardan tashqari ukrain armiyasining yuqori jangovar ishtiyoqi ham raqibni to‘xtatib qolishda muhim o‘rin tutdi.
Blitskrig rejasining muvaffaqiyatsiz tugashi esa sovet armiyasiga ham, rus armiyasiga ham katta qiyinchiliklar tug‘dirdi.
Xususan, SSSR ham, Rossiya ham urushda ta’minot muammolariga duch keldi. Ikkala davlat ham urushning bir necha kunda tugashini rejalashtirib, uzoq muddatli ta’minot zanjiri yaratmagandi. Xususan, Kiyev yaqinida qo‘lga olingan rus asirlari ularga urush uch kunda tugashi, ukrainlar ularni o‘q va bombalar bilan emas, gul bilan kutib olishi aytilgani hamda ularga uch kunlik oziq-ovqat va yonilg‘i berilganini ma’lum qildi. Demak, rus generallari urushning uzog‘i bilan uch-to‘rt kunda tugashini taxmin qilgan. Finlyandiya urushida ham tezkor g‘alabaga ishongan SSSR rahbariyati askarlar uchun issiq kiyim va oziq-ovqatning katta zaxirasini tayyorlamagan edi.
Ta’minotdagi muammolar armiyalarning muvaffaqiyatsiz hujumlariga va katta yo‘qotishlariga olib keldi (albatta SSSR va Rossiya yo‘qotishlari orasidan juda katta farq bor). SSSR armiyasi Finlyandiya shimolida ancha ichkariga kirib borib, Suomussalmi jangidan so‘ng ortga qaytgan bo‘lsa, rus armiyasi urushning dastlabki kunlarida egallangan Kiyev, Sumsk va Chernigov viloyatlaridan chiqib ketdi.
Ukrainadagi urushning yakuni qanday bo‘lishi noma’lum. Biroq hozirgi Ukraina 1939-yilgi Finlyandiya vaziyatidan ancha yaxshiroq pozitsiyada. “Qishki urush” davrida SSSR aholisi Finlyandiya aholisidan o‘ttiz besh baravar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya aholisi Ukrainanikidan atigi uch barobar ko‘p, xolos. Bundan tashqari hozirda Yevropa hamda jahon hamjamiyati Ukraina borasida deyarli yakdil fikrga ega va Kiyevga katta yordam ko‘rsatmoqda. Finlyandiya esa qudratli raqib qarshida deyarli yolg‘iz qolgan edi.
Shunday qilib, orasidagi farq 83 yilni tashkil etuvchi ikki urush voqealari juda o‘xshash va bu mashhur “tarix takrorlanadi” iborasini esga soladi. Demak, tarixning ancha oldinroq yuz bergan boshqa voqealarni takrorlab qolishi mumkinligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Zero, tarix unutmaydi.
Izoh (0)