Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda farmatsevtika mahsulotlarining eksportida erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari eksportning asosiy qismi (84 foizi) Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratgan. Qolgan viloyatlarda ushbu ko‘rsatkichlar qoniqarsiz ahvoldaligini tanqid qilgan. Shu bois mutasaddilarga yil yakunigacha farmatsevtika mahsulotlari eksportini 105 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Viloyat hokimlari loyihalarni amalga oshirishdagi tashkiliy masalalarni hal qilishga shaxsan mas’ul ekanliklari ta’kidlangan.
1-iyulga qadar talab yuqori bo‘lgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yil muddatga kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Hozirgi kunda ushbu dorilar 300 million dollarga chetdan olib kelinmoqda. Bunda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 25 turdagi dorilar 1-iyuldan xarid qilinadi. Kelgusi yildan esa 70 turdagi dorilarni ishlab chiqarish va sotib olish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda asosiy e’tibor onkologiya, gematologiya, endokrin va virusli kasalliklarni davolashga qaratiladi.
Shuningdek, joriy yilda kafolatli xaridlarga 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mavzuga doir:
- “Hududlarning dori vositalari bilan ta’minlanganlik holati mutlaqo qoniqarsiz” — Shavkat Mirziyoyev
- “Viloyat hokimlari masalaning ichiga kirganida, ko‘p muammolar joyida hal bo‘lardi”. Shavkat Mirziyoyev aholini dori vositalari bilan ta’minlash masalalari haqida
- Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasi mas’ullariga kamida 10 ta xorijiy brendni mamlakatga jalb qilish topshirig‘ini berdi
Izoh (0)