Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritildi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, yirik bitimlar tuzishda, moliya-kredit xizmatlarini ko‘rsatishda, xalqaro yo‘lovchi tashish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik borligini tekshirmaslik ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonun bilan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibda undiruv qarzdorning mol-mulkiga (pul mustasno) qaratilmaydi va qarzdorga javobgarlik choralari qo‘llanilmaydi.
Soddalashtirilgan tartibda undiruv bankdagi pulga, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (822 ming so‘mdan) ko‘p bo‘lmagan summani undirish uchun esa ish haqiga, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlarga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda 2021-yil 28-iyul kuni prezident tomonidan imzolangan va 29-iyuldan boshlab kuchga kirgandi. Tangi tahrirdagi qonunda sudyalar maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari yanada mustahkamlangan va sudya lavozimiga nomzodlar va saylangan shaxslarga qo‘yilgan talablar xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
Izoh (0)