KXDR yetakchisi Kim Chen In Soxe kosmodromiga tashrif buyurib, uni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Shimoliy Koreya Markaziy telegraf agentligiga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kim Chen In kosmodromning uchish maydonchasini rekonstruksiya qilish va yangi obyektlarni qurish vazifasini qo‘ygan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kelajakda kosmik aerodromdan ko‘p maqsadli sun’iy yo‘ldoshli raketalarni, jumladan, harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishda foydalanish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Shimoliy Koreya mintaqadagi AQSh harbiylari hamda ularning “vassal kuchlari”ni kuzatish va ularga oid ma’lumotlarni to‘plash maqsadida sun’iy yo‘ldosh yaratishi ma’lum bo‘lgandi.
5-mart kuni KXDR razvedka sun’iy yo‘ldoshi tizimining navbatdagi sinovlari doirasida ballistik raketalarni uchirgan — 2022-yil boshidan buyon bu Shimoliy Koreyaning to‘qqizinchi marotaba raketa uchirishi hisoblanadi.
Yanvar oyida AQSh Shimoliy Koreya raketalarini uchirish chastotasi ortib borayotgani sababli Birlashgan Millatlar Tashkiloti orqali yangi sanksiyalar joriy etishni taklif qilgandi, chunki har bir uchirish Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzadi. Bunday sanksiyalar birinchi marta 2006-yilda kiritilgan. Ular Shimoliy Koreyaga raketalar, materiallar va ularni ishlab chiqarish uchun zarur texnologiyalarni olib kirish va olib chiqishni taqiqlashni nazarda tutgan. Keyinchalik chora-tadbirlar kompleksi kengaytirilgan.
Izoh (0)