Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

“Lisa.ru” mashhur turk serialining aktyorlari hayotida qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani haqida ma’lumot beradi.

Halit Ergench — Sulton Sulaymon

Foto: “Lisa.ru”

Halit aktyor, qo‘shiqchi va bastakor Sait Ergench oilasida tug‘ilgan, biroq yoshligidan dengizga ishtiyoqmand bo‘lgan va dengizchi bo‘lishni orzu qilgan. O‘qishdagi qiyinchiliklar boshlangandan keyin yaxshilab o‘ylab ko‘rgan Ergench teatr va kino unga yaqinroq, degan qarorga keldi. Albatta, dastlab aktyor epizodik va kichik rollarda o‘ynadi, lekin tez orada e’tiborga tushib, yaxshi takliflar ola boshladi. Bu orada Halit Amerikada bir yarim yil yashadi, Brodveyda konsert berdi, keyin esa turk myuzikllarida ishlashni davom ettirmoqchi bo‘lib vataniga qaytdi.

Bu vaqtda u “Birinchi sevgi”, “O‘lim dastxati” kabi mashhur loyihalarda, “Ming bir kecha” seriali va, albatta, mashhur “Muhtasham yuz yil” tarixiy serialida rol o‘ynadi. Serialda Usmonli imperiyasining hukmdori Sulton Sulaymon rolini ijro etib, aktyor ko‘plab tanqidlarga duch keldi.

“Serialning birinchi mavsumi chiqqandan so‘ng, biz juda qiynaldik — “Muhtasham yuz yil” juda ko‘p tanqid qilindi. Odil Sulaymon obrazini talqin qilishimizga ko‘pchilik rozi bo‘lmadi”, — deydi Halit.

“Keyin ular qahramonimni sevib qolishdi, chunki biz yaratgan Sulaymonning kuchli tomonlaridan biri uning qalbi muhabbatga to‘la odam ekanidir”, — deya qo‘shimcha qiladi Ergench.

Bugungi kunda aktyor filmlarda rol o‘ynashni davom ettirish bilan birga musiqa bastalab, konsertlar beradi. Halit shaxsiy hayotini ham muvaffaqiyatli olib boradi: “Ming bir kecha” serialida ikkinchi xotini rolini o‘ynagan aktrisa Berguzar Korel bilan turmush qurgan. Hozirda juftlikning uch farzandi bor — ikki o‘g‘il va bir qiz.

2022-yilning yanvar oyi oxirida er-xotin Londonga ko‘chib o‘tgani, u yerda uy sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Halit va Berguzar farzandlarining Yevropada yaxshi ta’lim olishini istaydi.

Maryam Uzerli — Xurram Sulton

Foto: “Lisa.ru”

Maryam Germaniyada nemis-turk oilasida tug‘ilgan. Besh yoshidan boshlab u teatr guruhiga borishni, san’at bilan shug‘ullanishni va sahnaga chiqishni boshladi. Uzerlining Gamburgdagi teatr maktabiga o‘qishga kirishi oson bo‘lmagan: 300 ta abituriyentdan atigi besh kishi talaba bo‘lishi mumkin edi va shu joylardan biri unga nasib etdi. Aktrisa Gamburgdagi teatrda, keyin Berlinda rol ijro etdi, lekin u katta rollarini orzu qilardi. 2010-yilda bir do‘sti Maryamga kasting uchun Turkiyaga borishni taklif qiladi. Ayni shu paytda Xurram Sulton roli uchun aktrisa qidirilayotgan edi. “Muhtasham yuz yil” ijodkorlariga turk tilini ozgina biladigan, aksent bilan gapiradigan aktrisa kerak edi — bu Uzerli bo‘lib chiqdi.

“Men Turkiya kino sanoati haqida bilmasdim, chunki men doim Germaniyada ishlaganman. Men o‘sha yerda tug‘ilib o‘sganman. Men turkchani ham bilmasdim, hammasi men uchun yangi edi. Boshlanishi g‘alati bo‘ldi, lekin, Xudoga shukur, men eng kuchli obrazni o‘ynashga muvaffaq bo‘ldim”, — deydi aktrisa.

2013-yilda u ruhiy charchoq sababli loyihani tark etdi. Keyinroq Maryam “Ona yarasi”, “Tun malikasi”, “Narigi taraf” va boshqa ko‘plab filmlarda suratga tushdi. 2014-yilda Uzerli turk tadbirkori Jan Ateshdan Lara ismli qiz ko‘rdi, ammo Jan bilan tez orada ajraldi. 2021-yil yanvar oyida aktrisaning yangi sevgilisi, amerikalik biznesmendan Lili Koi ismli ikkinchi qizini dunyoga keltirdi. Maryam Uzerli yaqinda Moskvadagi kinofestivalga ham tashrif buyurdi.

Vahide Perchin — Xurram Sulton

Foto: “Lisa.ru”

Vahide uzoq vaqt teatrda xizmat qildi va 2000-yillarning boshida filmlarda rol o‘ynay boshladi. Aktrisaning ilk muvaffaqiyatli ishlaridan biri “Birinchi sevgi” filmidir. Perchin ko‘plab loyihalar uchun nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. 2013-yilda “Muhtasham yuz yil” teleserialida Maryam Uzerli o‘rniga Xurram rolini o‘ynagach, mashhurlikka erishdi.

Albatta, serialning ko‘plab muxlislari Maryam Uzerlining qaytishini talab qilib, yangi aktrisani dastlab qabul qilishmadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ular Perchinning iste’dodini qadrlashdi va u o‘z ishini a’lo darajada bajarganini tan olishdi. Aktrisaning shaxsiy hayotiga kelsak, u 20 yildan ortiq vaqt davomida aktyor Altan Gerdum bilan turmush kechirdi. Ushbu yillarda qizi Alize tug‘ildi. Nikohi davrida Vahide erining familiyasida bo‘lgan, biroq 2013-yilda ajrashgach, qizlik familiyasiga qaytgan.

Selma Ergech — Xadicha Sulton

Foto: “Lisa.ru”

Selma Germaniyada tug‘ilgan: otasining millati turk, onasi esa nemis. U besh yoshga to‘lganda ota-onasi Turkiyaga ko‘chib ketishadi. Qiz juda yaxshi o‘qidi va hatto Buyuk Britaniya hamda Fransiyada ham ta’lim oldi. Otasi uning shifokor bo‘lishini xohlardi. Ergech tibbiyot fakultetini tamomlagach, kutilmaganda suratga olish maydoniga tushib qoladi, shundan so‘ng u hayotini kino bilan bog‘lashga qaror qildi.

2006-yilda u “Tarmoq 2.0” turk-amerika loyihasi tufayli mashhurlikka erishdi. 2011-yilda u “Muhtasham yuz yil” serialidagi bosh rollardan biriga taklif qilindi. Selma Sulton Sulaymonning kenja va suyukli singlisi — Xadicha Sulton obrazini yaratdi. 2015-yilda aktrisa Can Yayınları nashriyotining egasi Jazz O‘z bilan turmush qurdi, oradan bir yil o‘tib Yasmin ismli qizi dunyoga keldi.

 Nur Fettahog‘lu —Mohidavron Sulton

Foto:“Lisa.ru”

Nur hech qachon aktisalik haqida o‘ylamagan. U moda dizayneri bo‘yicha o‘qigan va bir necha yil bankda ishlagan, keyin esa moliya tizimi bilan bog‘liq dasturni boshqargan. U birinchi turmush o‘rtog‘i Murat Aysan tufayli kino olamiga kirib qolgan. Fettaho‘g‘lu “Men qanday otaman” va “Yurak tebranishlari” seriallarida rol o‘ynagach, kinodagi karyerasi boshlangan.

Aktrisa “Muhtasham yuz yil” filmida Sulaymonning sevimli kanizagi, shahzoda Mustafoning onasi Mohidavron Sulton rolini ijro etgan. Xurram paydo bo‘lgandan so‘ng, hukmdor sobiq sevgilisiga e’tibor bermay qo‘yadi va tez orada bu haqda butunlay unutadi. Aytgancha, Nur va Maryam hayotda ham do‘st bo‘lishgan. “Muhtasham yuz yil”dan keyin aktrisa “Buyuk detektiv Filinta”, “Hayot yo‘lida”, “Opa-singil farzandlari”, “Bobil”, “Qo‘rqmas” va boshqa filmlarda ham suratga tushdi.

Fettaho‘g‘luning shaxsiy hayotiga kelsak, 2011-yilda u Murat Aysan bilan ajrashgan va ikki yildan so‘ng turkiyalik tadbirkor Levent Veziro‘g‘luga turmushga chiqqan, uch yildan so‘ng ularning Elisa Gyuzin ismli qizi dunyoga kelgan.

Nebahat Chehre — Volida Sulton

Foto:“Lisa.ru”

Nebahat 15 yoshida “Miss Turkiya” go‘zallik tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ladi. Uning fotosuratlari ko‘plab jurnallarning muqovalarini bezaydi, shundan so‘ng u model sifatida ishlay boshlaydi. Keyinchalik u “Dunyo go‘zali” va “Koinot go‘zali” tanlovlarida ishtirok etadi. Tez orada go‘zal qiz filmlarda rol o‘ynashga chaqirildi. Lekin Chehre hayotidagi eng muhim loyihalardan biri — u Sulaymonning onasi rolini o‘ynagan “Muhtasham yuz yil” teleserialidir.

Nebahat ikki marta turmush qurgan: birinchi eri rejissor Yilmaz Guney bo‘lib, u bilan to‘rt yil birga yashagan. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i basketbolchi Yavuz Demir bo‘lib, u aktrisadan kinoni tashlashini va oilasiga ko‘proq e’tibor berishini xohlaydi. Afsuski, bu nikoh ham tezda tugaydi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Andijonda bank xodimlari bankomatlarga joylashtirish uchun ajratilgan 111 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi
Mahalliy
O‘zbekistonda magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovini qoplab berish tartibi belgilandi
Mahalliy
Toshkentdagi klinikada janjal ko‘targan opa-singilga sud hukmi o‘qildi