Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi 72-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchilari o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi qoniqarsizligi tufayli ota-onalardan uzr so‘rashga majburlangani haqida xabar tarqaldi. 4-fevral kuni Marhamatda sodir bo‘lgan voqea jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov munosabat bildirib, o‘qituvchilar sha’nini yerga urishni davlat siyosatiga qarshi harakat deb baholashini aytgan. Andijon viloyati hokimi, Marhamat tuman hokimi barcha ustozlardan uzr so‘ragan. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i majlis tuman hokimi topshirig‘i asosida o‘tkazilganini aytgan. Xalq ta’limi vazirligi holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilganini ma’lum qilgan.
“Daryo” muxbiri holatni o‘rganish maqsadida jurnalistik surishtiruv olib bordi.
“Men uzr so‘radim”
Maktab direktori Muqaddamxon Hasanova yig‘ilishda o‘qituvchilar ota-onalardan kechirim so‘rashga majburlanganini rad etdi. Uning aytishicha, ustozlar rahbarning yonida, zal sahnasida shunchaki tik turgan.
Tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshev o‘zi shunaqa tashabbus bilan chiqdi. “Ta’lim sifatini yaxshilamaganimiz, o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirishlarini ta’minlamaganimiz uchun ota-onalardan kechirim so‘raymiz”, — deb aytdi. Hokimning gapini o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov ham shunday tushuntirdi. “Kechirim so‘raymiz, kerak bo‘lsa yig‘laymiz, ota-onalar vijdonini uyg‘otishimiz kerak.U yerda birorta o‘qituvchining shaxsiyatiga tegib, kamchiligi aytilmagan. Bilmadim, hokimimiz bu tashabbusni nima uchun tanladi”, — ta’kidladi maktab rahbari.Lekin men yig‘ilishni ular ta’riflagan darajada o‘tkaza olmadim! Kuchim yetmadi unchalik qilishga! Chunki “kerak bo‘lsa, 1-2 nafar o‘qituvchi yig‘lab bersin, ota-onalar vijdoni uyg‘onmasa o‘zingiz ham yig‘lang”, — degan gaplar bo‘lgandi. Ammo bizda u darajadagi holat bo‘lmadi.
Yig‘ilish 1 soat davom etdi. O‘qituvchilarni uzr so‘rattirganimiz yo‘q, ular faqat sahnaga chiqib turishdi. Ota-onalardan kechirimni men so‘radim. So‘zga chiqib, kamchiliklarni aytib, “ularni to‘g‘rilamaganimiz uchun uzr so‘raymiz. Agar sizlar bizga yordam beradigan bo‘lsangiz, shu kamchiliklarni yo‘qotib, ta’lim sifatini yaxshilashga erishamiz“, — dedim. Keyin mehmonlardan biri: “Sizlar yaxshi ishlayapsizlar, bunday kechirim so‘ramanglar. Aslida biz kechirim so‘rashimiz kerak”, — degan gaplarni aytdi.
Muqaddamxon Hasanova, maktab direktori
Direktorning qo‘shimcha qilishicha, majlis bo‘lishidan bir necha kun avval Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hokimlik soatida hududdagi barcha rahbarlarga “mening ruxsatimsiz biror direktor yoki o‘qituvchiga ta’sir qilmaysan, ularga amaliy yordam berasanlar”, — deb qattiq tayinlagan. Ammo Marhamat tuman hokimligi rahbarlari viloyat hokimi topshirig‘ini bajarmasdan, direktorlarga shu kabi yig‘ilishlar o‘tkazishga buyruq bergan.
“Yig‘ilish o‘tkazilishidan bir kun oldin o‘qituvchilar ogohlantirilib, vaziyat tushuntirilgan. Majlisdan so‘ng tuman hokimi o‘rinbosari ular bilan gaplashib, rahmat, aytgan. Ammo hech kim yig‘ilish borasida norozilik bildirmagan”, — dedi Muqaddamxon Hasanova.
“Tiz cho‘kib, yig‘lab uzr so‘rashimiz aytildi”
Maktabning matematika fani o‘qituvchisi Noilaxon To‘xtarova “Daryo” muxbiri bilan suhbatda 3-fevral kuni direktor o‘qituvchilar bilan majlis o‘tkazib, ota-onalar yig‘ilishining ssenariysini tushuntirganini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda kerak bo‘lsa, tiz cho‘kib, yig‘lab kechirim so‘rashimiz aytildi. Direktor: “Hokimiyat tomonidan shunaqa buyruq berildi”, — dedi. Keyin qarshilik bildirdik. “Yo‘q, bunday qilmaymiz”, — degan edik, “Iloji yo‘q, bu topshiriqni bajarmasak bo‘lmaydi”, — dedi. Keyin barchamiz o‘sha ssenariy bo‘yicha harakatlandik. Direktor: “Zalga kirganimizda avval sahnaga chiqasizlar, mana o‘qituvchilar deb tanishtiraman. Keyin pastga tushib ketasizlar”, — dedi. Yig‘ilish boshlangach, sahnaga chiqib qarasak, bo‘sh joy qolmagan edi. Iloji yo‘q sahnada qolib ketdik. Majlis boshlangandan to tugaguncha sahnada turishga majbur bo‘ldik.To‘xtarovaning ta’kidlashicha, majlisda aksariyat o‘qituvchilar sahnaga chiqqan, chiqmaganlarni so‘kib chaqirishgan.Xalq ta’limi bo‘lim mudiri majlisdan bir kun oldin menga telefon qilib, tayyorlanishim kerakligi, yig‘ilishda aytadigan gaplarimni hokim o‘rinbosari eshitishini tayinladi. “Aytadigan gaplaringizni yozib, yodlang” — dedi. Ertasi kuni ertalab unga yodlagan gaplarimni gapirib berdim. “Bo‘ladi”, — dedi.
Direktorimiz boshida o‘zi uzr so‘radi, keyin ota-onalar chiqib “Unday qilmanglar, sizlarning o‘rningizga biz kechirim so‘rashimiz kerak”, deb gapirdi. Keyin “bo‘ldi, biz chiqmaymiz, o‘rgatilgan gaplarni aytmaymiz”, deb o‘zimni orqaga oldim. Direktor esa “Chiqing, gapiring”, dedi. Keyin men o‘sha ssenariy bo‘yicha gapirdim. Bolalar kelajagiga befarq bo‘lmaslik, o‘qituvchi o‘zini ustida ko‘proq ishlashi kerakligi, yoshlarda bilim olish ehtiyoj darajasiga chiqarishda bizning o‘rnimiz kattaligini aytdim. Keyin Saidaxon ismli o‘qituvchimiz so‘zga chiqdi. O‘zi uning chiqishi rejada yo‘q edi. U o‘qituvchi tomon bo‘lib gapirayotsa, gap ssenariy bo‘yicha ketmayotgani uchun uni to‘xtatishdi.
Ota-onalar o‘qituvchilarga: “Uzr so‘ramanglar”, — deyishsa ham yig‘ilish o‘sha ruhda davom etaverdi. Aslida ota-onalarga ta’sir qilgach, bunday gaplarni to‘xtatishga kelishilgan edi.
Noilaxon To‘xtarova, maktabning matematika fani o‘qituvchisi
“Sheriklarim ota-onalar chiqib gapirganda ichlaridan titroq bo‘lib yerga qarab yig‘lab yuborganini aytishdi. Hozir ko‘p o‘qituvchilarning ishga borgisi kelmayapti. Ruhiyatimiz tushib ketishiga internetdagi gap-so‘zlar, hamma telefon qilib “nima bo‘lyapti sizlarga degani”, voqea katta vahimaga aylanib ketgani sabab bo‘ldi”, — dedi matematika ustozi.
“Bunday bo‘lishini bilganimizda yig‘ilishga kirmasdik”
Yig‘ilishda ishtirok etgan maktab o‘qituvchilaridan biri Ilhom Alioxunov majlisda qatnashganidan afsusdaligini aytdi.
“O‘qituvchilarnig hammasi o‘sha majlisga taklif qilingan edi, men ham kirdim. Qariyb 30 yildan beri shu maktabda ishlayman. Hamma qatori menga ham jarayon salbiy ta’sir qildi. Shuncha mehnat qilib, yana bosh egib turish yomon bo‘lar ekan.
Sahnada turishning o‘zi ham insonga g‘alati tuyuldi. Buyruq ekanda, bajardik. Agar bu kabi holat bo‘lishini bilganimizda majlisga kirmas edik. O‘qituvchiga bunday yomon munosabatda bo‘lish noto‘g‘ri. Ishning tartib qoidasini shu yerda ishlagan odam biladi. Yuqoridagilar ichkaridagi narsani kam tushunadi-da. Ota-onalar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini o‘qituvchi biladi. Yuqori tashkilotdagilar hech bo‘lmasa 5 yil shunday joylarda ishlab, keyin rahbar bo‘lsa, balki bunaqa vaziyat bo‘lmasmidi”, — deya firklarini aytdi o‘qituvchi.
“Bu yig‘ilish rejada yo‘q edi”
Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Oliya Abduvohidova ota-onalar bilan o‘tkazilgan yig‘ilish rejadan tashqari tashkil qilingani, o‘zi ham unda ishtirok etgani va hech bir o‘qituvchi ota-onalardan kechirim so‘raganiga guvoh bo‘lmaganini aytdi.
“Shaxsan men tomonimdan o‘qituvchilarning kechirim so‘rashi yoki o‘zlarini aybdor his qilishi to‘g‘risida aytilgani yo‘q. Yig‘ilish qanday shaklda bo‘lishi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmagan. Yig‘ilishda men ham qatnashdim. Maktab direktori muassasa faoliyatidagi yutuq va kamchiliklar, ta’lim sifatini yuqoriga ko‘tarishda ota-onalar yordami zarurligi va hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida murojaat qildi. Bolalarni ko‘proq kitob o‘qishi, to‘garaklarga qatnashinini nazorat qilib berishlarini aytdi. O‘qituvchilar ota-onalardan kechirim so‘raganini ko‘rganim yo‘q”, — dedi u.
Mudirning qo‘shimcha qilishicha, ota-onalar bilan tashkil qilinadigan yig‘ilishlar reja bo‘yicha o‘tkazib bo‘lingan. Shu bois tuman XTB mudiri tuman hokimi o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonovga bu tartibdagi yig‘ilishlar o‘tkazish mumkin emasligi, bu noqonuniy bo‘lishini aytgan. Lekin hokim o‘rinbosari yig‘ilish o‘tkazishni talab qilgan.
“Bunday voqealar bo‘lgach, Xalq ta’limi boshqarmasiga xabar berdim. Boshqarma rahbari bu kabi yig‘ilishlar o‘tkazish to‘xtatilishini, o‘qituvchilar dars o‘tish bilan band bo‘lishlarini aytdi”, — dedi mudir.
“Yig‘ilishda hech bir o‘qituvchi turib uzr so‘ramagan”
Marhamat tuman hokimi o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov ham 72-IDUM direktori va tuman XTB mudiri singari o‘qituvchilar ota-onalardan kechirim so‘ragani to‘g‘risidagi faktni rad etdi. Qurbonovning aytishicha, bu yig‘ilish ota-onalarni “uyg‘otish” uchungina o‘tkazilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmlarda ustozlarning uzr so‘rayotgani tasvirlangandek bo‘lib qolgan. Lekin bu yerda hech bir o‘qituvchi turib uzr so‘ramagan. Yig‘ilishda maktab direktori kamchiliklarni ota-onalar bilan hamkorlikda bartaraf etishni aytgan. Ayrim ota-onalar fikrlar bildirishdi, ulardan biri “bu yig‘ilish bizni “uyg‘otish” uchun bo‘ldi”, — dedi.
Maqsadimiz o‘qituvchini uzr so‘ratish bo‘lmagan, o‘zimiz ham bunga qarshimiz”, — deya holatni izohlashga urindi o‘rinbosar.
Muxtorjon Qurbonovning alohida ta’kidlashicha, yig‘ilishda maktab direktori uzr so‘ramagan.
“Bunday yig‘ilish barcha maktablarda o‘tkaziladi”
Voqea yuzasidan Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev izoh berar ekan, maktab direktorlariga ota-onalardan uzr so‘rash bo‘yicha hech qanday topshiriq bermaganini aytdi.
“Tuman hokimi sifatida maktab rahbarlariga o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘rashi kerak deb topshiriq bermaganman. Faqatgina maktablar faoliyatining 3 yillik tanqidiy-tahlili asosida yig‘ilish o‘tkazish masalasi qo‘yilgan.
Bu majlis — maktabda ota-onalar va o‘qituvchilarning hamkorlik uchrashuvi. Ularning o‘zlari kelishib olishlari uchun yig‘ilish bo‘lgan. Maqsad o‘qituvchini uzr so‘ratish emas. Bu yig‘ilishlarni qonuniy-noqonuniy demayman.
Tuman hokimi sifatida men javob beraman: yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgan. Ammo men ijtimoiy tarmoqlarda “tuman hokimi maktabga borib, o‘qituvchilar bilan gaplashibdi”, degan gaplar bo‘lmasligi uchun maktab direktori va o‘qituvchilar bilan gaplashmadim”, — dedi tuman rahbari.
Mazkur yig‘ilish ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘lgach, hokim Bobur Yo‘ldoshev o‘qituvchilardan uzr so‘rab chiqqandi. Hokimning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bu yig‘ilish noto‘g‘ri talqin qilingani uchun barcha O‘zbekistondagi o‘qituvchilardan uzr so‘ragan.
“Men ijtimoiy tarmoqda “ota-onalar va o‘qituvchilar yig‘ilishini noto‘g‘ri o‘tkazdik”, — deb o‘qituvchilardan uzr so‘ramadim. Voqea o‘qituvchilar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilib, ustozlar to‘g‘risida noto‘g‘ri fikr shakllanib qolgani uchun kechirim so‘radim”, — deya ta’kidladi u.
Tuman hokimi bunday yig‘ilishlar Marhamatdagi barcha maktablarda (45 ta) o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.
“Aybdorlar jazolanishi shart”
72-IDUM o‘qituvchisi Farida Qoriyeva bo‘lgan voqeadan qattiq ta’sirlangani, o‘qituvchilarga nisbatan bunday hurmatsizlik qiladigan rahbarlardan voz kechish kerakligini aytdi.
“Voqea Xalq ta’limi vazirligigacha borgandan keyin, bu yerda hamma rahbarlar o‘zgartirilishini xohlayman. Masalan, o‘sha tuman mudirini ham, maktabimiz direktorini ham. Men ulardan yomonlik ko‘rganim yo‘q. Lekin biz o‘qituvchilarni hurmat qilmagan odamlar bilan ishlashni xohlamaymiz. Bu yerda, albatta, o‘zgarish bo‘lishi kerak. Agar o‘zgarish bo‘lmasa, hammada qonunlarga, hokimiyatga bo‘lgan ishonch ham yo‘qoladi”, — dedi o‘qituvchi.
Izoh (0)