AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) amerikalik sportchilarni Xitoyda o‘tkaziladigan qishki Olimpiada o‘yinlarida shaxsiy smartfonlaridan foydalanmaslikka chaqirdi, deb xabar beradi Daily Mail.
FQB xavfsizlik nuqtai nazaridan Pekindagi Olimpiadada smartfonlar va boshqa shaxsiy gadjetlarni ishlatishdan tiyilishni, potensial kiberhujum va shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishidan himoyalanish maqsadida vaqtinchalik qurilmalardan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ayrim milliy olimpiya qo‘mitalari ham, shaxsiy smartfonlardan foydalanishni maslahat bermayapti.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, Olimpiadada ishtirok etish yoki mamlakatda qolish uchun zarur bo‘lgan mobil dasturlarni yuklash va ulardan foydalanish shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanish yoki kuzatuvlarga sabab bo‘lish ehtimolligini oshiradi.
Bundan tashqari, byuro Pekindagi Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlariga xalaqit berishga qaratilgan bir qator kiberfaoliyatlar xavfi haqida ogohlantirgan.
“Ushbu harakatlarga DDos-hujumlar, tamagir-viruslar va zararli dasturlardan foydalanilgan hujumlar, ijtimoiy injeneriya, ma’lumotlarning tarqab ketishi va o‘g‘irlanishi, fishing hujumlar, yolg‘on ma’lumotlar kampaniyasi va tizim ichi tahdidlari kiradi”, — deyiladi idora xabarida.
Avvalroq AQSh va Avstraliya ortidan Britaniya ham Pekinda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga diplomatik boykot e’lon qilgan edi. Diplomatik boykot rasmiy delegatsiyalarning Olimpiadaga borishdan bosh tortishini anglatadi. Ushbu cheklovlar sportchilarga ta’sir qilmaydi.
XXIV qishki Olimpiada o‘yinlari Pekinda 2022-yilning 4—20-fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. 4—13-mart kunlari Xitoy poytaxti Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi.