AQSh davlat qarzi birinchi marta 30 trillion dollardan oshib, rekord ko‘rsatkichni qayd etdi, deb xabar beradi USA Today.
AQSh Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda “umumiy davlat qarzi” sifatida 30,012 trillion dollar ko‘rsatilgan. Ta’kidlanishicha, bu Amerika davlat qarzining rekord ko‘rsatkichi hisoblanadi.
The New York Times’ning yozishicha, joriy ko‘rsatkichlarga kutilganidan bir necha yil oldin erishilgan. Bunga AQSh koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga trillionlab federal xarajatlarni amalga oshirgani, xususan, ishsizlik nafaqasi, kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan rag‘batlantiruvchi to‘lovlar sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, ko‘plab amerikalik iqtisodchilarning fikricha, Amerikaning rekord darajadagi davlat qarzi falokatdan darak bermaydi, chunki pandemiya bo‘lishiga qaramay, AQSh iqtisodiyoti o‘sishda davom etmoqda, foiz stavkalari esa past darajada qolyapti.
Davlat qarzi nima?
Bu AQSh federal hukumatining o‘z kreditorlari oldidagi qarzidir. Vashington budjetdagi taqchillikni qoplash va barcha zarur xarajatlar — sog‘liqni saqlash, infratuzilma, mudofaa va boshqalarga to‘lash uchun pul qarz oladi. Bu ijaraga olingan kvartiraga to‘lash uchun kredit olish kabidir.
AQSh davlat qarzi ikki: ichki hukumat va umumiy qismlardan iborat. Birinchisi AQSh budjetining hukumat agentliklari, masalan, davlat pensiya fondlari oldidagi qarzdorlikdan shakllangan. Ular erkin mablag‘larini davlat zayomining bozordan tashqari obligatsiyalariga kiritish huquqiga esa.