Qator xalqaro tashkilotlar Afg‘onistonda 2021-yilning avgustida hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon”ni 31-yanvar kuni hibsga olingan Ariana News telekanalining ikki jurnalistini ozod etishga chaqirmoqda.
BMTning Afg‘onistondagi missiyasi telejurnalistlar Aslam Hejab va Varis Xasratning hibsga olinish sabablarini tushuntirishni so‘ragan. Bundan tashqari, missiya o‘z bayonoti orqali 19-yanvar kuni Kobulda yo‘qolib qolgan ikki nafar faol afg‘on ayolining taqdiri bo‘yicha tushuntirish talab qilgan.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi The Free Speech Hub tashkilotining bayonotida qayd etilishicha, hibsga olingan ikki muxbir ayni vaqtda qayerda saqlanayotgani noma’lum.
“The Free Speech Hub toliblar zudlik bilan ushbu ikki muxbirni ozod etishini va so‘z erkinligini bostirishni to‘xtatishni xohlaydi”, — deyiladi bayonotda.
“Ommaviy axborot vositalariga nisbatan kuchayib borayotgan bunday hujumlar so‘z erkinligi huquqiga jiddiy tahdid solmoqda. Toliblar ularni hech qanday shartsiz va zudlik bilan ozod qilishi kerak”, — deyiladi tashkilot xabarida.
Yevropa Ittifoqining Afg‘onistondagi elchisi Andreas fon Brandt ham jurnalistlarning hibsga olinishiga munosabat bildirgan.
“Sizlar adolat va yaxshi boshqaruv tarafdorlari deb ataydiganlar nima uchun Afg‘onistonda shaffoflik, boshqaruv va adolatni yaxshilash uchun harakat qilayotgan jurnalistlarni hurmat qilmayotganini hali ham tushunish qiyin”, — deya murojaat qilgan Brandt.
Avvalroq BMT bosh kotibi Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelganidan beri mamlakat hukumatining sobiq a’zolari, xavfsizlik xizmati xodimlari va xorijliklar bilan ishlagan 100 nafardan ortiq fuqaro o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” sobiq hukumat va koalitsiya kuchlariga bog‘liq insonlarga “umumiy amnistiya” e’lon qilganiga qaramay,qurbonlarning kamida “uchdan ikki qismi” toliblar yoki ularga bog‘liq odamlar tomonidan sudsiz qatl etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil avgust oyida hokimiyatni egallagan “Tolibon” harakatining yuqori lavozimli a’zosi Vahidulla Hoshimiy Afg‘oniston demokratik davlatga aylanmasligi, unda shariat qonunlari amal qilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda hokimiyat tuzilmasi “Tolibon” hukmronligining avvalgi davri: 1996—2001-yillardagi davlat tuzilishiga o‘xshash bo‘ladi.
Sentabr o‘rtalarida “Tolibon” Ayollar masalalari bo‘yicha vazirlikni tugatib, uning o‘rniga Saxovatni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligini tuzgani, dekabr oyida Afg‘oniston milliy armiyasini shakllantirishga kirishgani haqida xabar berilgandi.