AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin fevral oxirlarida Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlarning mudofaa vazirlari bilan uchrashish uchun Yevropaga boradi. Bu haqda “Amerika ovozi” radiostansiyasi muxbiri Karla Bebb o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Ostin Ukraina sabab Rossiya bilan munosabatlar keskinlashayotgani fonida NATO ittifoqchilari bilan uchrashish uchun shu oy oxirida Yevropaga boradi”, — deydi Bebb Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbiga tayangan holda.
Ta’kidlanishicha, Ostin NATO bosh kotibi tomonidan 16–17-fevral kunlari tashkillashtirilayotgan alyansga a’zo mamlakatlarning mudofaa vazirlari yig‘ilishida ishtirok etadi.
O‘tgan hafta Ostin germaniyalik hamkasbi Kristina Lambrext va Fransiya mudofaa vaziri Florans Parli bilan telefon orqali suhbatda Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilgan. Vazirlar Rossiya “xavfli yo‘ldan qaytishi” kerakligini ma’lum qilib, u “Ukrainaga bosqinchilik harakatlarini sodir etsa, jiddiy oqibatlarga duch kelishi” haqida ogohlantirgan.
Shuningdek, ular NATO birdamligini saqlab qolish va “Rossiyaning potensial tajovuzi qarshisida” alyansning sharqiy qanotini ushlab turish muhimligini ta’kidlagan.
Avvalroq Boris Jonson Kiyevda Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan va u “rossiyalik askarning oyog‘i Ukraina chegarasini kesib o‘tgan daqiqada” Rossiyaga qarshi sanksiya qo‘llashga va’da bergandi.
Mavzuga doir:
Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi bilan Rossiyaning Ukraina yaqinida harbiy jihatdan sababsiz va davomli kuchayishini muhokama qilgan. Ostin AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini, jumladan, mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.
Shuningdek, tomonlar keskinlikni yumshatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi va yaqindan hamkorlikni davom ettirishga intilishini bildirgan.