Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi ssenariy realistik emas deb hisoblashini ma’lum qildi. Bu haqda Daily Sabah xabar tarqatgan.
“Men Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi haqidagi ssenariyni real hayotga mos keladi deb hisoblamayman. Ukraina oddiy mamlakat emas, Ukraina kuchli davlat. Bundan tashqari, Rossiya mazkur qadamni tashlashidan avval butun dunyodagi vaziyatni tahlil qilishi va o‘zi turgan holatni yaxshi o‘rganishi zarur”, – deydi u.
Erdo‘g‘on mazkur masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil kuzida Erdo‘g‘on Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi nizoni hal etishda Turkiya vositachilik qilishga hamda ikki mamlakatga bu borada ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, 2022-yilda Turkiya prezidentining Ukrainaga tashrif bilan kelishi kutilmoqda.
Avvalroq Rossiyaning Ukrainadan diplomatlarini evakuatsiya qilmoqchiligi, Kanada maxsus kuchlarining bir qismi Ukrainaga jo‘natilgani, Kanada hukumati “Rossiya tajovuzkorligi” sabab o‘z fuqarolarini Ukrainaga bormaslikka chaqirgani, AQShning Ukrainaga ko‘rsatgan “maxfiy harbiy yordami” tafsilotlari oshkor bo‘lgani haqida xabarlar berilgandi.
Izoh (0)