Uychi tumanining sobiq hokimi Tursunpo‘lat Mirzamahmudov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Tursunpo‘lat Mirzamahmudov 1950-yili Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan. 1975-yili Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1969-yilda Uychi tuman o‘simliklarni himoya qilish stansiyasida boshlagan.
1978—1981-yillarda O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tekshirish instituti aspiranti, 1981—1990-yillarda Toshkent politexnika instituti Namangan filiali assistenti, 1990—1992-yillarda O‘zbekiston kompartiyasi Uychi tuman qo‘mitasi kotibi, O‘zXDP tuman kengashi ikkinchi kotibi, 1992-yilda Uychi tumani hokimi o‘rinbosari, 1992—1994-yillarda Prezident devoni referenti bo‘lgan.
Tursunpo‘lat Mirzamahmudov 1994—1999-yillarda Uychi tumani hokimi bo‘lib ishlagandi.
U 1999—2015-yillarda Namangan muhandislik-pedagogika institutida (hozirgi Namangan muhandislik-qurilish instituti) samarali faoliyat olib bordi, iqtisod fanlari nomzodi, professor ilmiy unvonlariga ega edi.
Tursunpo‘lat Mirzamahmudov 2020-yili “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
Izoh (0)