Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlament majlisida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlarining Qozog‘istondagi asosiy missiyasi yakunlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
“KXShT kuchlarining asosiy missiyasi yakunlandi, ikki kundan keyin mamlakatdan KXShT birlashgan tinchlikparvar kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqish boshlanadi”, — degan Qozog‘iston prezidenti.
U mamlakatda aksilterror operatsiyasining keskin bosqichidan o‘tib bo‘lingani, barcha hududlarda vaziyat barqaror ekanini qo‘shimcha qildi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, endi Qozog‘istondagi xavfsizlik tizimini tubdan qayta tashkil etish zarur. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya maxsus kuchlarining soni ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston rahbari davlat amaldorlariga qarshi hujumlar va ularga bo‘ysunmaslik uchun mamlakatda javobgarlikni kuchaytirishga chaqirdi. To‘qayev, ayniqsa, qamoqxonalarda jinoyatchilarning turli mafkuralar bilan birlashishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq To‘qayev KXShTga Qozog‘istondagi vaziyatni tiklashda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirgandi.
Qozog‘istondagi vaziyat 2-yanvar kuni Janao‘zen shahrida (Mang‘istov viloyatidagi shahar) suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishiga qarshi mitinglar boshlanganidan so‘ng keskinlashdi. Chiqishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. 4 va 5-yanvar kunlari Olmaotada namoyishchilarning xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashuvi kuzatildi. 6-yanvarda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natdi. 7-yanvarda To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi va mamlakat bo‘ylab terrorchilik xavfining yuqori darajasi joriy etildi.
Izoh (0)