Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natildi. Bu haqda KXShT saytida ma’lum qilingan.

Foto: “TASS”

“KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashining 2022-yil 6-yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq, vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish uchun KXShTning Kollektiv tinchlikparvar kuchlari cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborildi” — deyiladi tashkilot xabarida.

KXShT ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Qurolli kuchlari bo‘linmalari kiritilgan.

“KXShT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy obyektlarni qo‘riqlash, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni huquqiy maydonga qaytarishda Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga yordam berishdan iborat bo‘ladi”, — deya ta’kidlangan KXShTda.

Qayd etilishicha, Qozog‘istonga yuborilgan KXShT tinchlikparvar kuchlari tarkibiga Rossiya Havo-desant kuchlari kiritilgan. Ayni paytda ular havo kuchlarining samolyotlari yordamida respublikaga yo‘l olgan.

“RIA Novosti” Tinchlikparvar kontingent tarkibidagi Rossiya kuchlarining Qozog‘istonga jo‘natilishi aks etgan videoni e’lon qildi.

Qozog‘istondagi vaziyat 2-yanvar kuni Janao‘zen shahrida (Mang‘istau viloyatidagi shahar) suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishiga qarshi mitinglar boshlanganidan so‘ng keskinlashdi. Chiqishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. 4 va 5-yanvar kunlari Olmaotada namoyishchilarning xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashuvi kuzatildi.

Mamlakat bo‘ylab internet uzib qo‘yilgan. Mobil aloqa ham deyarli ishlamayapti. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini aytdi. Tengrinews Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, tartibsizliklar chog‘ida 8 nafar politsiyachi va Milliy gvardiya askari halok bo‘lgani, yana 317 kishi jarohatlangan haqida xabar berdi.

Mamlakatda banklarning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan