440 ming so‘m... Kim uchundir bu restorandagi bitta tushlik to‘lovidir, kim uchundir, ehtimol, pardoz salonidagi bir martalik xarajat. Ularning nazdida “440 ming so‘mga yashab bo‘lmas”, ammo oramizda oyiga 440 ming, undan ham kamroq, hatto bir tiyin daromad topmay yashayotgan butun boshli oilalar ham bor. Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umid Madaminovning aytishicha, “kishi boshiga daromadi 440 ming so‘m ham bo‘lmaydigan oilalar jami so‘rovda qatnashganlarning 10—15 foizini tashkil qiladi”.
Mavzuga doir: 440 ming so‘mlik kambag‘allik chegarasi qanday hisoblab chiqilgan va nega bu ko‘rsatkich O‘zbekiston uchun muhim?
“Go‘shtni mehmonga borganda yeymiz”
Besh kishilik oila. O‘ta nochor deb topilmasligi uchun oyiga kamida 2,2 million daromadi bo‘lishi kerak (oilaning hozirgi boshlig‘ining fikricha, bu pulni “eplasa, bir oyga yetkazsa bo‘ladi”), biroq may oyida uyga mutlaqo pul kelmagan.Sergelidagi “Daryobo‘yi” mahallasiga kirib borarkansiz, uy-joylar qurilishidagi odmilik, oqlangan pastak devorlar, har qanday hashamdan yiroq daricha va eshiklar, ko‘chaga qaragan chog‘roq derazalar hududning o‘ziga xosligi bo‘lib ko‘rinadi. Biz ko‘zlayotgan xonadon shulardan biri chiqar, degan xayolda edim. Lekin darvoza o‘rnida besh-olti qator shlakoblok terilgan va o‘tsa bo‘lgulik joyiga taxta tirkab qo‘yilgan yerda to‘xtadik.
Xonadon egalari ism-shariflarini yashirmaslikka qaror qildi. Oila kattasi — Galiya Mamayeva 56 yoshda. Ayol bilan ikki qizi va ularning bir nafardan farzandlari yashaydi; jami besh jon. Ayol pensiya olmaydi (bor-yo‘g‘i 5 yillik stajga ega), qizlarining esa doimiy ishi yo‘q. Ikkalasi ham yolg‘iz ayol, ammo bolalar uchun aliment ham yo‘q. Nafaqa puli ham berilmaydi. Qiziq, qanday kun ko‘rishyapti?
“Xolodilnikni ochib qarang, bir dona tuxum yo‘q. Nondan qarzimiz ko‘payib ketavermasin deb, qozonda non yopyapmiz. Bolalarga sut-qatiq olish esimizdan ham chiqib ketgan. Pul bo‘lib qolsa, yugurib borib, tovuqning oshqozonini olib kelamiz — shu bizga bayram, ‘go‘sht yedik’, deb xursand bo‘lamiz. Go‘shtning o‘zini mehmonga borganda yeymiz. Mana, birin-ketin yangi mevalar chiqyapti. Biz-ku yeganmiz, ammo mana bu bolalarning yegisi keladi-ku”, — yig‘lab gapiradi ayol.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, xonadonning kommunal xizmatlardan umumiy qarzi 5 million so‘mdan oshib ketgan. “Cholim 28-dekabrda vafot etdi, endi soliqdan ham qarzmiz”, — deydi ayol (marhumning nogironligi bo‘lgan, shu bois soliq to‘lovidan imtiyoz bo‘lgan). Atrofdagi uchta oziq-ovqat do‘konining har biridan “hali beramiz” deya non, shakar, yana boshqa yeguliklar olishgan. “Magazinlar oldidan aylanib o‘tadigan bo‘ldim”, — deydi Galiya opa qaysi do‘kondan necha yuz ming so‘m qarzligini sanarkan. Hali buyoqda qo‘shnilardan olingan qarzlar ham bor.
Galiya opaning aytishicha, so‘nggi ikki-uch oyda vaziyat ayniqsa taranglashgan. “Cholim borida bir million so‘m pensiyasini u-bu qilib yetkazib, dorilarni olib bo‘lib, qolganini ro‘zg‘orga sarflardik. O‘zim yaqinimizdagi sement zavodida oshpaz bo‘lib ishlab turgan edim. Martning oxirlarida, ‘ishlay olmayapsiz’, deb bo‘shatishdi. Yana bir nevaram bor, katta qizimning katta o‘g‘li — uyoq-buyoqlarda ustachilik qilib, non puli topib turgandi, yaqinda armiyaga jo‘nadi”, — deya tushuntiradi ayol.
Galiya opaning o‘g‘li ham bor, ammo “singillarim ko‘chada qolmasin” deb, o‘z oilasi bilan ijara uyga chiqib ketgan: “3 million so‘m mashina ijarasiga, 100 dollar uy ijarasiga to‘laydi. Ikkita o‘g‘li bor. Kelinim ham ishlab, qo‘llaridan kelganicha bizga ham yordam berishyapti. Lekin qachongacha?!”.
Uning katta qizi Zarifa bolalar bo‘tqasi uchun pul topolmaganidan emizikli bolasiga ikki oyligidan boshlab pechenye bergan. Bolaning otasi Zarifa homiladorligini bilgach, uni tashlab ketgan. “Men ikkinchi xotinman, uning uchta bolasi bor, oilasi buzilishini istamayman”, — deydi ayol; tabiiyki, “ikkinchi xotin” bo‘lgani uchun qonuniy nikoh (ZAGS)dan o‘tolmasdi, shu bois hozir besh oylik bolasi uchun aliment ham ololmayapti.
Bola puli uchun bergan arizalari esa muntazam rad etilmoqda, shuning uchun ham u hayron: “Boshida eri borlar ham bola puli olib yotibdi-ku”. U go‘dagini uyda qoldirib bo‘lsa ham ishga chiqishga tayyor, ammo unga duch kelayotgan ishlar 700—800 ming so‘m atrofida maosh taklif qilyapti, bu pulning yarmidan ko‘pi yo‘lkiraga ketib qolishi esa kishini o‘ylantiradi. Shunga qaramay, rejalar katta: “Bir-biri bilan tutashib ketgan va ayri eshik qo‘yishning imkoni bo‘lmagan bu xonadonda qolishimiz ham qiyin. Kelgusi yili, bolam armiyadan qaytgach, uy-joyni, hatto ijara qilib bo‘lsa ham hal qilishim kerak”, — deydi Zarifa.
Zarifaning fikricha, onasi mahalladagi “Temir daftar”ga kiritilgan — o‘tgan oyda kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan yordam qutisi ularga ham berilgani uchun shunday deb o‘ylayapti. “Lekin kompyuterlarda chiqmayapmiz, — deydi u, e’tiroznamo. — Mahallaga chiqsangiz, ‘bu masala bizning qo‘limizda emas’, deyishdan nariga o‘tishmaydi, tayinli yordam yo‘q”.
Zarifaning singlisi Dinara suhbatimizga aralashmadi. U ham ishsiz, u ham ZAGS dan o‘tmagan, shu bois 12 yoshli qizi uchun aliment undirolmagan. Qizcha maktabga boradi. “Shu kunlarda maktab ta’mir uchun o‘quvchilardan 110 ming so‘mdan pul yig‘ilyapti...”, — deydi buvisi Galiya opa (suhbat iyun oyi boshida bo‘lib o‘tgan — “Daryo”).
Dinara ayollar pardozxonasining ustasiga shogird tushmoqchi bo‘lganida, 100 dollar so‘rashgan. Shuning uchun, tinchgina, uyi yaqinida ochilayotgan to‘qimachilik korxonasida ish boshlamoqchi. “Uni ishchi, o‘zimni oshpazlikka yozdirib qo‘ydim”, — deya umid bilan gapiradi Galiya Mamayeva. Hozircha esa opaning 82 yoshli onasi, o‘z oilasi bilan ijarada yashayotgan o‘g‘li, har zamonda xabar oladigan jiyani va yana kimlardir qo‘llaridan kelgan yordamni berayapti. Kimdir bir qozonchada ovqati, yana kim bir kilo qulupnayi bilan.
Xayrlashish oldidan xonadonga yana bir marta razm solaman: bir vaqtlar bu qadar muhtoj bo‘lmaganliklari seziladigan, qarindoshlar bergan bir-ikki mebel bilan bo‘lsa-da jihozlangan, qachonlardir yopishtirilgan devordagi gulqog‘ozlar ayrim joylarda qo‘pgani ko‘rinsa-da, xonadon bir qarashda shinamdek. Lekin tomdan o‘tgan chakka sabab qo‘porilgan shiftning ta’mirga muhtoj o‘rinlari ham yaqqol ko‘rinib turardi. Tashqaridagi manzaralar esa yanada ko‘zni og‘ritgudek...
“Eng katta qayg‘um — meni ko‘mishga hech vaqo yo‘q”
Pensioner ona va nogironlik nafaqasini oluvchi o‘g‘il yashaydigan kichik oila. Yangi (ammo hali to‘la tasdiqlanmagan) nazariya bo‘yicha, bu oilaning minimal daromadi oyiga 880 ming so‘m bo‘lishi kerak, oila esa may oyida bundan 420 ming so‘m ko‘p daromad topgan. Ammo keyingi pensiya puli yarim oy qolganida oila ixtiyorida atigi 30 ming so‘m qolgan. Asosli sababi bor.“Daryobo‘yi”dagi navbatdagi xonadonda, hartugul, darvoza bor. Aytishlaricha, darvozani qaysi bir tashkilot o‘rnatib ketgan. Darvozani ochish uchun chiqqan keksa ayol juda sekin yurib keldi. Mung‘ayib qolgan kampirning ikkala qo‘lida suyanchiq, ammo qo‘lidagilarni hassa deyish qiyin — birida shvabra, ikkinchisida ketmon sopi. Hassa balandligida kesilgan, xolos.
Vera Vnukovskaya 75 yoshda. U nogironligi bor o‘g‘li — 33 yoshli Anton bilan yashaydi. Yigitning nogironligi bir qarashda seziladi — gavda tuzilishi, nutqida noqislik bor, o‘zini tutishi ham xiyla notabiiy. Shunday bo‘lsa-da, ona uni do‘konga yuborishga majbur. Ayolning esa jismoniy holati qanchalik zaif bo‘lmasin, nutqi shunchalik biyron. Fikr yuritishi ham mantiqli va asosli.
“O‘zim 800 ming so‘m pensiya olaman, o‘g‘lim uchun 500 ming beriladi, hammasi bo‘lib 1,3 million so‘m olamiz. Gapning ochig‘i, pensiya har oyning 18-sanasida beriladi, lekin hozir (2-iyunda) qo‘limda 30 ming so‘m qoldi”, — deydi ayol. Onaxonning aytishicha, oxirgi pensiyasidan elektr va gazga to‘lov qilgan — gazi qarzdorlik sabab o‘chirib qo‘yilgani uchun besh kun o‘tinda ovqat tayyorlashga to‘g‘ri kelgan.
“1,3 million so‘m... balki, kommunal to‘lovlar bo‘lmaganida, ikki kishiga yetarmidi”, — chuqur uh tortib gapiradi kampir. Vera Alekseyevnaning qo‘shimcha qilishicha, kommunal to‘lovlar qilinmagan oylarda ham ular baribir bemalol go‘sht sotib ololmaydi: “Och qolaman deyolmayman. Lekin ko‘ngling tusagan narsani ololmaysan. Nima topsak, o‘shani yeymiz”.
Xolodilnikni ochaman: bir bosh karam va ichida necha kunlik bo‘tqasi bor qozon. Tomat pastasi. Bori shu... Dimiqqan oshxonada yassi kostryulda qaynab turgan suvdan katta suyakka o‘xshash narsa bo‘rtib ko‘rinadi, boshqa narsa yo‘q. “Tanishim cho‘chqa boshini ikki-uch oyga qarzga berdi”, — deydi kampir.
Kichik oila asosan homiylar yordamiga suyanadi. Navro‘zda va 9-mayda hokimlik tomonidan yordamga mahsulot berilgan. Bundan tashqari alohida, xususiy homiylar ham ora-sira xabar olib turadi (ular orasida Janna ismli koreys ayol alohida tilga olindi). Darvoqe, onaxon oxirgi marta o‘ziga qachon kiyim olganligini eslolmaydi.
“Ko‘p narsa yetishmaydi. Lekin endi uy uchun ham, o‘zim uchun ham hech narsa kerak emas — yaqinda o‘laman. Ko‘mishga hech vaqo yo‘q, nimada ko‘mishadi? Ana shunga qayg‘uraman. Ko‘mishga hech narsa yo‘q”, — deya takrorlaydi ayol. U yig‘lamaydi, lekin har bir tortgan ohi yurakka xanjar bo‘lib botgudek...
Darvoqe, Vera Alekseyevnaning jami besh nafar farzandi bor. Qolgan bolalari kelib-ketib turishadi, ammo ular moddiy yordam berisholmagan...
“Do‘kondan ko‘ra bankdan ko‘proq qarzdormiz ”
To‘qqiz kishilik oilaning daromadi, “440 ming so‘mlik ko‘rsatkich” bo‘yicha, oyiga 40 ming so‘mi kam 4 million bo‘ladi. Bu oila esa may oyida 2,7 million ishlab topgan. Aslida ko‘proq bo‘lishi mumkin edi, biroq xonadondan “barakani qochirgan” muammo bor (aslida u “muammo” ham yo‘qchilik ortidan paydo bo‘lgan).Viloyatlardan kelib Toshkentda yashab qolganlar, shu yerda tinib-tinchib, tomir otganlar qancha? Aslida ularni poytaxtga yetaklagan narsa joylardagi ishsizlik. “Daryobo‘yi” mahallasida yashaydigan navbatdagi oila Toshkentga ko‘chib kelganiga 20 yildan oshyapti. Xonadon bekasi ismi-sharifini ochiqlamaslik sharti bilan suhbatga rozi bo‘ldi. “O‘zbekchilik, uydagilarning boshi egilmasin”, — deydi u.
Oila to‘qqiz kishidan iborat. Atigi bir yil avval bu besh kishilik — ota-ona va uch o‘g‘ildan iborat xonadon edi. Pandemiya oilaning kengayishiga katta yordam berdi — qishloqqa borib, 30 kishilik to‘yda qo‘shkelin tushirishgan. Ikkinchi o‘g‘il endi 20 yoshga to‘lgani, hali tayinli kasb-kori yo‘qligini ham o‘ylab o‘tirishmagan. Kelinlar birin-ketin farzandli bo‘ldi, lekin daromad manbai — o‘sha-o‘sha.
Katta o‘g‘il bir korxonada qonuniy asosda ishlaydi, ya’ni staj ketyapti. Unga har oyda 1,5 million so‘m atrofida maosh yoziladi, ammo bu maosh qurg‘ur to‘lig‘icha ro‘zg‘orga yetib kelmaydi. O‘g‘ilning ishi uchun muhim deb berilgan planshet, to‘y oldidan so‘ralgan 4 million so‘m, 20 yildan buyon ro‘zg‘orda bo‘lmagan va bu issiqlarda asqatayotgan xolodilnik — bularning bari bankdan olingan krediti “mahsuli”. Bank oldidagi qarzdorlik maoshdan chegirib qolinmoqda — shuning uchun ham may oyida to‘ng‘ich o‘g‘ilning plastik kartasiga 800 ming so‘m pul tushgan.
Oila boshlig‘i va kenja o‘g‘il ustachilik qiladi. Ish mavsumiy — birda bor, birda yo‘q. Ish topildi degani ham har doim xursandchilik emas. Masalan, bir necha oy avval ularni ishlatgan xonadon egalari ish haqini bermagan. Huquq-tartibot organlari aralashuvidan so‘ng, may oyida 1,9 million so‘mni undirib olishgan. Shunday qilib, may oyida oila byudjetiga jami 2,7 million so‘m pul tushgan.
Do‘kondan mayda-chuyda qarzlar bor, oilada ikki go‘dak... Lekin suhbatdoshimning sir boy bergisi yo‘q: “Qora qozonimiz qaynab turibdi”, — deydi. “Haftasiga qancha go‘sht olasizlar?”, — deb so‘rayman. “Haftada emas, oyda bir kilo—yarim kilo olib kelishadi”, — javob beradi ayol. Uning aytishicha, uyda asosan suyuq ovqat qilinadi. Ammo ora-sira, go‘shtsiz bo‘lsa ham, kartoshkali manti, somsa ham tayyorlab turiladi.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, kelinlari ham o‘zlari kabi kamxarj oilalardan, uydagi gap hozircha tashqariga chiqqani yo‘q. Uning o‘zi ham qiynalganini hatto yaqin qo‘shnisiga ham aytmaydi. Aksiga olib, ayolning o‘zi kasalmand, ishlay olmaydi: umurtqa pog‘onasining bir necha joyida churra bor, shu bois qon bosimi muntazam ko‘tariladi, bir oyog‘ining suyagida yemirilish kuzatilyapti. Oila a’zolari uni davolatish uchun ko‘pdan beri harakatda.
“Magazindan qarzga mahsulot olib turamiz. Bir-ikki emas, ko‘p olaman qarz. Lekin eng katta qarzimiz bankdan. Bizlarni aldab, bittasi kredit bergan. Katta o‘g‘lim jo‘ralariga, ishchilariga qiziqib, maishiy texnikaga kredit olgan. Biz 13 million so‘mlik narsa olganmiz. Lekin o‘g‘limni 20 millionga tushirishdi. Berolmay qoldik. Qamataman deb telefon qiladi. Bolam 10 millionini qiynalib to‘ladi”, — deydi ayol, ko‘zda yosh bilan, oiladan barakani ko‘tarib yuborayotgan qarzdorlik haqida gapirarkan.
Ma’lum bo‘lishicha, kredit onani davolatish uchun naqd pul topish maqsadida olingan. Bank xodimi kreditni tezroq chiqarish uchun 4 million so‘m so‘ragan. Pul zarur bo‘lgani bois yigit bu noqonuniy talabga rozi bo‘lgan. Keyin hujjatlar boshqa qo‘lga o‘tdi, deb yana 1 million va boshqa vajlar bilan 13 million so‘mlik ashyolar uchun 20 million so‘m qarzdor qilingan. Xolodilnik va kir yuvish mashinasi do‘kondan olinishi bilan savdogarga qayta sotilgan... Ammo ona hali ham davolana olgani yo‘q...
Oilaning yana bir katta boshog‘rig‘i — 20 yildan buyon yashayotgan uylarining kadastr hujjatlari hali ham yo‘q (aytishlaricha, bir advokat bu hujjatlarni “to‘g‘rilab berish” uchun 5 ming dollar so‘ragan). Suhbatdoshim unga asosan qishloqdagi yaqinlari kiyim-bosh qilib berishlarini ham aytdi. Yaqinda qudalari hech bir tadbirsiz beshik keltirgan, shunda unga ham kiyimlik matoni atashgan...
“Yo‘qchilik tufayli uch yildan buyon bolam diydoriga zorman”
Besh kishilik (nazariy jihatdan daromadi 2,2 million so‘m bo‘lishi kerak bo‘lgan) navbatdagi oila. Ammo, xomaki hisob-kitobga ko‘ra, may oyida 1 million so‘m atrofida daromad ko‘rgan. Hatto undan ham kamroq bo‘lishi mumkin, chunki oilaning boquvchilaridan biri yaqinda avtohalokatga uchragan...Toshkent shahrining chekka bir mahallasidagi tanishuvlardan so‘ng Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahrida ham bo‘ldik. Biz “mehmon bo‘lgan” birinchi xonadon — darvozadan kirishingiz bilan nurab yotgan, ta’miri chala qolgan uy-joy yo‘qchilik bu ostonada ham o‘z hukmini surayotganidan darak beradi. Oila boshlig‘i qazo qilganiga ko‘p bo‘lgan. Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan 70 yoshli pensioner onaxon suhbatga rozi. “Bolalarim 10 ta, hammasi har joyda, hammasi deyarli ijarada”, — deydi u.
Ayolning aytishicha, hozir faqat bir qizi u bilan birga yashaydi. Qizining doimiy ishi yo‘q — bolasi tug‘ilgunicha doimiy ishlagan kafesiga hozir oyiga uch-to‘rt marta, ish o‘rni bo‘shab qolgan kunlarda chaqirishadi, kuniga 70—80 ming so‘m atrofida ish haqi beriladi. Uning 15, 13 va 2 yoshli farzandlari bor. “Eri bilan ajrashgan”, — deydi onaxon (nikoh qonuniy rasmiylashtirilmagan), lekin bolalar uchun (ularning otalari ham bir emas) na aliment, na davlatdan bola puli olinadi. Darvoqe, kenja farzandning otasi (uning o‘z qonuniy oilasi bor) bolasi uchun oyiga 200 ming so‘m pul berib turadi.
Shunday qilib, xonadonga bir oyda 1 million so‘m atrofida pul kiradi — onaxonning 550 ming so‘m atrofidagi pensiyasini ham hisobga olganda.
“Yordam puli so‘radik — bo‘lmadi, bola puli so‘radik — bo‘lmadi, aliment ham bo‘lmadi. Qiynalyapmiz, ammo qiynalganimiz bilan non-ponimizni topib turibmiz, bolalar berib turadi. Yegisi kelganida tuxum olamiz. Tuxumni qo‘shnidan sotib olamiz, qarzga ham berishadi. O‘zim go‘shtli ovqat yeyavermayman. Ammo yegimiz kelsa tovuq go‘shti olamiz. Mol go‘shtini oyda bir olamiz, yegimiz kelganida... Odam uyaladi, gapning rosti...”, — gapi tugallanmay qoladi suhbatdoshimning. Keyin birdan dadillashib, qo‘shib qo‘yadi: “Juda och qolgan joyimiz yo‘q!”.
Hovli kattagina, 10-15 ta tovuq yoki 3-4 ta qo‘y boqsa bo‘ladigan. Ayolning eslashicha, bir vaqtlar, choli hayot bo‘lgan vaqtlarda uyda bir sigir ham bo‘lgan. Mahalladan 2-3 marta oziq-ovqat mahsulotlari berilgan. Yaqinda, ekishga kechroq bo‘lsa ham, issiqxona qurib berilgan. Hovlidagi ekinzorning 1 sotix joyiga issiqxonaning temir konstruksiyalari o‘rnatilgan.
Hovliga tashqaridan sharqirab suv oqib turibdi, lekin biror ekin tayinli hosil bergani ko‘rinmaydi. Qishga yaramaydigan issiqxona ichidagi barmoq bilan sanarli pomidor ko‘chatlari begona o‘tlar orasida qolgan. “Ichiga kuchimiz yetganicha ekib qo‘ydik. Pomidor ekdik — aslida boshqa, qishlik uchun yaraydigan narsa ekmoqchi edik. Kun issiqligigami, yaxshi unib ketmayapti, o‘lib qolyapti”, — deya tushuntirgan bo‘ladi ayol.
Yerga ishlashi mumkin bo‘lgan o‘g‘illar Toshkentning turli nuqtalarida, ish izlab ketgan. Hovlida onasi bilan yashayotgan va uch farzandini yolg‘iz katta qilayotgan qizi esa yaqinda avtohalokatga uchragan. Hozir zo‘rg‘a, qiyshayib yuryapti.
Onaxon bolalari uysiz bo‘lsa ham, uning ko‘zini operatsiya qildirish uchun pul yig‘ib berishganiga shukrlar aytadi. “Bitta ko‘zim ko‘ryapti”, — deydi xursand bo‘lib. Tug‘ilgan kunida, otasi vafot etgan kunda kelishlarini faxrlanib gapiradi. Onaning shu kunlardagi eng katta niyati — 1990-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini uylantirish. 1992-yilda tug‘ilgan o‘g‘li esa Navoiy viloyatidagi qamoqxonada. “Shu o‘g‘lingizni oxirgi marta qachon ko‘rdingiz?”, — degan savoldan so‘ng ayol ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay qoladi.
“Qo‘lim kaltaligi tufayli Navoiyga borolganimiz yo‘q. O‘zi telefon qilib turadi. ‘Ona, siqilmang’, deydi. Aka-opalari o‘zlarining tashvishlari bilan bo‘lib qolgan, borolmaydi. Lekin ‘peredacha’ jo‘natib turishadi. Bolamni endi manzil-koloniyaga o‘tkazishsa kerak. Shu Toshkentlarga tushsa edi”, — niyat qiladi onaizor. U tengdosh ayollar orasida urf bo‘lgan sayohatlar, ziyoratlarga qiziqmasligini qo‘shimcha qildi.
“Nogironlikni belgilash uchun shifoxonaga yotish kerak, shifoxonaga yotish uchun pul kerak”
Olti kishilik xonadon, o‘ta nochor deb topilmasligi uchun oyiga kamida 2,640 ming so‘m daromadi bo‘lishi kerak. Ammo may oyida taxminan 1,5 million so‘m atrofida pul tushgan, xolos.Nurafshon shahridagi navbatdagi xonadon. Bu yerda ota-ona bir qiz va bir o‘g‘ilni voyaga yetkazgan. Biz bilan suhbatlashgan 32 yoshli Dildora oilaning yolg‘iz qizi. Uning o‘zi nogiron farzandni ulg‘aytirmoqda. Ukasining oy-kuni yaqin ayoli bor. Hammalari — hozircha olti kishi — shu hovlida yashaydi. Lekin hech birining muqim ishi yo‘q.
Shu uy-joyni ko‘tarib, kunlik ish orqasidan bo‘lsa ham bolalarini oyoqqa qo‘ygan oila boshlig‘i 55 yoshda. U har kuni, olishsa-olishmasa, ishga deb chiqib ketadi. Lekin sochlariga oq tushgan erkakni har doim ham mardikorlikka olishmaydi. Qishloqda ko‘pchilik mardikorlikni chiroyli qilib “kunlik ish” deb ataydi. Ne deb atashsa ham, mardikorga doimiy ish yo‘q. O‘g‘li ham “kunlik ishga” deb chiqib ketadi — u yaqinda ota bo‘ladigan, ishlashi kerak. Oila bekasi ham 50 yoshdan oshgan, oyog‘i og‘riydi, biror yerda ishlashga salomatligi yo‘l bermaydi. Yaqin-yaqinlargacha ham g‘isht zavodida ishlagan, ammo staj “yozilmagan”, shu bois stajga ko‘ra pensiyaga chiqolmaydi.
“Ertalab non bilan choy ichamiz, pomidor yeymiz, obedda ham shu. Bir kun qozon qaynasa, ertasiga qaynatolmay qoladigan vaqtlarimiz bo‘ladi. Makaron, shunga o‘xshash ovqatlar qilamiz. Sariyog‘ olaylik desak, xolodilnik ham yo‘q. Gohida kelinning oldida uyalib ham qolamiz. Magazindan qarzga ul-bul narsa olgan vaqtlarimiz bo‘ladi, hozir 540 ming qarzimiz bor. Ukam ishi haqining kunligini olmay, haftaligini olyapti, pul yig‘ishi kerak — xotini tug‘adigan, pul kerak bo‘ladi”, — deydi Dildora.
Bu xonadonda go‘shtni oxirgi marta Yangi yil bayramida sotib olishgan. “Go‘sht-po‘shtga pul orttirolmaymiz, non faqat, non!”. Baxtga qarshi, oilaning iqtisodiy muammolari faqat yeb-ichish bilan cheklanmaydi: gazdan 1 million so‘mga yaqin, elektrdan 500 ming so‘mdan ortiqroq, suvdan 900 ming so‘m qarzdorlik bor. Aynan qarzdorlik sabab qishdan buyon gaz yo‘q. “Qani endi biror mol-holing bo‘lsa, sotsang-da, mana, ol, eshigimning tagiga kelma boshqa deb, qarzni berib yuborsang”, — deb ilojsizligini tushuntiradi suhbatdoshim. Hovlida mol-hol tugul tovuq-jo‘ja degan narsa ham yo‘q. Bir sotixcha yerga pomidor, qalampir ekilgan, ular hosil berguncha vaqt bor hali.
Dildoraning 4 yoshli o‘g‘li albinos — terisi oppoq, sochlari ham oq-sarg‘ish, ko‘zlari qamashadi. “Nogironlik nafaqasi olish uchun har yarim yilda shifoxonada davolanib, hujjat tayyorlash kerak. Bir marta yotdik ham, mana, yana vaqti keldi. Lekin shifoxonaga yotishning o‘zi bo‘ladimi?”, — deydi ayol. Otasiz o‘sayotgan bola uchun davlat va’da qilgan bola puli yo‘q, hech yo‘g‘i aliment puli bo‘lsa ham, ehtimol, davolanish xarajatlari birmuncha yengillasharmidi (ushbu material uchun tasodifan tanlab olingan besh kamxarj oilaning uchtasida yetti nafar bolaning ahvoli shunday).
Dildoraning o‘zi ham ba’zida bolasini onasiga qoldirib, mardikorlikka chiqib turadi. Oxirgi marta Yangibozor tomonga, makkapoya chopishga chiqqandi. “Ertalab soat 5 larda ‘pitak’ka chiqasiz, mashina bir necha joyda to‘plangan ayollarni yo‘l-yo‘lakay yig‘ib, olib ketadi. O‘zingiz bilan ketmon va tushlik uchun yegulik olishingiz kerak”, — deydi u. Dildoraning aytishicha, mahalladan kelib, maoshi 800—900 ming so‘mlik ish taklif qilishgan, ammo bu pulning bir qismi yo‘lga, 350 ming so‘m bog‘chaga ketsa, baraka bo‘lmaydi, deb hisoblaydi u. Aviachiptaga pul topilsa, Dildora bolasini vasiylikka qoldirib, ishlagani Turkiyaga ketmoqchi...
So‘ngso‘z o‘rnida
Dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 440 ming so‘m miqdorida belgilanayotgan minimal iste’mol xarajatlari tushunchasini joriy etishdan ko‘zlangan bosh maqsad — davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga haqiqiy muhtoj aholini aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlashdir. Oylik daromading 440 ming so‘mdan kammi, senga “daftar”-paftar demay darhol yordam berish zarur, deb e’lon qilmoqchi davlat (har holda, biz yaxshi gumonda shunday tushunyapmiz).Yuqoridagi dardga to‘la suhbatlardan ko‘rinib turibdi — har xil “daftar”lar yomon emas, ammo “hammasi joyida” deyishga nimadir xalal beradi; kambag‘al emas, g‘irt qashshoqliging ochiq ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, “kompyuterda chiqmasliging”, madadkordek ko‘ringan mahalla “qo‘limdan hech narsa kelmaydi” deb qolishi mumkin. Boz ustiga, g‘alati-g‘alati shartlari quloqqa chalinadi — sen ikki oydan beri bir tiyin pul topmading, yonilg‘isi yo‘qligi uchun uyingda chang bosib turgan mashinang sabab seni “daftar”larga kiritishmaydi, bola pulidan mahrum qilishadi, masalan.
Minimal iste’mol xarajatlari va uning ortidan kelishi kutilayotgan “mevalar” yuqorida sanalgan va boshqa (ehtimoliy) muammolarning barini bir kunda to‘la yo‘qqa chiqarib tashlaydigan ideal yechim emas, albatta. Ammo hozirda mavjud barcha choralardan maqbulroqdek ko‘rinadi. Har holda, u hovlingda ishlamay yotgan mashinaga emas, sen haqiqatda ham daromad topdingmi-yo‘qmi, shuni e’tiborga oladi, shu asosda xulosa chiqaradi va oxir-oqibat yordam qo‘lini cho‘zadi.
Zora shunda farzandini og‘ir sharoitda yolg‘iz o‘zi katta qilayotgan onalar biroz bo‘lsa-da yengilroq nafas olar, sut-qatiq ichmay otasiz o‘sayotgan bolalar alimentga qaram bo‘lib qolmas, davlatdan o‘z haqi — bola puli(ga o‘xshash to‘lovlar)ni olishga ortiqcha byurokratiyadan xoli ravishda har doimgidan ham yaqinroq bo‘lar. Bo‘lsin. Yaxshiliklar bo‘lsin!
Izoh (0)