Andijon davlat universitetining tarix fakulteti binosining to‘rtinchi qavatidan ota-onalar majlisiga kelgan ayol tushib ketgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yilning 4-dekabr kuni Andijon davlat universiteti ijtimoiy-iqtisodiyot fakultetining amaliy psixologiya yo‘nalishi 2-bosqich talabalarining ota-onalari uchun majlis o‘tkazilgan. Majlis universitetning tarix fakulteti binosining 4-qavatida joylashgan kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tgan.

Unda ishtirok etgan talabalardan birining kelinoyisi yig‘ilishdan chiqib, telefonda yaqinlari bilan suhbatlashish davomida qurilish bo‘layotgan hududni anglatuvchi to‘siqlarga ahamiyat bermasdan, zinapoyaga yurishi natijasida tushib ketgan.

“Daryo” muxbiri ushbu ayolning keyingi holatini aniqlash maqsadida universitetdagi manba bilan bog‘langan. Manbaning ma’lum qilinishicha, ayol 9-dekabr kuni vafot etgan.

Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filiali reanimatsiya bo‘limida ishlovchi, ismi sir qolishini so‘ragan xodimlaridan biri ushbu ma’lumotni tasdiqlagan. Ta’kidlanishicha, ayol og‘ir tan jarohatlari natijasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 9-dekabr kuni vafot etgan.

Avvalroq holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.