Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida 26-noyabr kuni Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda Vatan himoyachilari kuniga (27-yanvarda nishonlanadi) tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligiga tayanib, “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: Turkmenistan.gov.tm

Xabarga ko‘ra, yig‘ilishda huquq-tartibot idoralari rahbarlari rejalashtirilgan bayram tadbirlari yuzasidan hisobot bergan.

O‘z navbatida, Berdimuhamedov harbiy va huquq-tartibot idoralari xodimlaridan tuzilgan “Turkman edermen” (“Mard turkman”) maxsus maqsadli guruhlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

“Maxsus kuchlar askarlari yuksak jangovar tayyorgarligi bilan ajralib turishi, mardlik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega bo‘lishi, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Guruhlar shaxsiy tarkibining kasbiy mahorati, nazariy bilimi va jismoniy tayyorgarligi tizimli ravishda oshirib borilishi kerak”, – dedi Turkmaniston prezidenti hamda bu borada aniq topshiriqlar berdi.

Vatan himoyachilari kuni haqida gap ketganda Berdimuhamedov, “bayram har bir harbiy xizmatchi uchun unutilmas bo‘lishi va ularning xotirasida muhim voqea sifatida qolishi kerak”ligini ta’kidlagan. Turkmaniston rahbari, shuningdek, alohida xizmat ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarni taqdirlash bo‘yicha takliflar tayyorlashni buyurgan.

Turkmanistonda “Turkmen edermen” medali va unvoni 2019-yil dekabr oyida ta’sis etilgan. Ushbu medal davlat mukofoti bo‘lib, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot organlari xodimlariga mamlakatni muhofaza qilish, qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni ta’minlash, o‘ta muhim va murakkab topshiriqlarni bajarishda ko‘rsatgan shaxsiy jasorati, shuningdek, hayot uchun xavfli sharoitlarda xizmat vazifalarini bajarishdagi alohida xizmatlari uchun uchun beriladi. Medal sohiblariga eng kam ish haqining uch baravari miqdorida bir martalik mukofot ham to‘lanadi.

28-sentabr kuni Turkmaniston parlamenti mamlakat mustaqilligining 30 yilligi sharafiga Gurbanguli Berdimuhammedovni ushbu medal bilan taqdirladi, chunki “prezident harbiy texnika, jumladan, o‘ta murakkab harbiy samolyotlarni boshqarishda mukammal qobiliyati, yuksak mahorati va jasorati bilan namuna bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobod yaqinidagi tumanlardan biriga safari chog‘ida o‘zining to‘pponchadan o‘q uzish mahoratini namoyish etgandi.

“O‘q otish maydonida davlat rahbari nishonga bir necha bor o‘q uzdi va barcha o‘qlar nishon markaziga tegdi, bu millat yetakchisining yuksak mahoratidan dalolatdir”, — deyiladi xabarda.

An’anaga ko‘ra, Berdimuhamedov nishonga dastxat qoldirgan.