Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘qotar quroldan o‘t ochish bo‘yicha mahoratini namoyish etdi. Bu haqda Turkmaniston televideniyesiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Turkmaniston rahbari o‘zining to‘pponchadan o‘q uzish mahoratini Ashxobod yaqinidagi tumanlardan biriga safari chog‘ida ko‘rsatgan, safardan maqsad harbiy va huquq-tartibot organlarining xo‘jalik boshqaruvini tashkil etish bo‘yicha olib borayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish bo‘lgan.
Turkmaniston Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘t ochish poligoniga tashrif buyurgan va u yerdagi nishonni to‘pponchadan o‘qqa tutgan.
“O‘q otish maydonida davlat rahbari nishonga bir necha bor o‘q uzdi va barcha o‘qlar nishon markaziga tegdi, bu millat yetakchisining yuksak mahoratidan dalolatdir”, — deyiladi xabarda.
Turkmaniston rahbari sportning harbiy-amaliy turlari bilan shug‘ullanish barcha shaxsiy tarkibga qo‘yiladigan zaruriy talab ekanini, u jangovar topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
An’anaga ko‘ra, Berdimuhamedov nishonga dastxat qoldirgan.
Turkmaniston prezidenti huquq-tartibot idoralari rahbarlariga turli qurollardan o‘q otish mahoratini muntazam namoyish etib keladi. Masalan, Berdimuhamedov 2019-yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan harbiy mashg‘ulotlarda velosiped haydash mobaynida to‘pponchadan nishonga bexato o‘q otishni namoyish etgan edi.
Mavzuga doir:
- Berdimuhamedov yangi avtotrassaning bir qismini ochib berib, unda yangi “KamAZ”ni sinovdan o‘tkazdi (foto)
- Turkmaniston prezidenti tilla belkurak, tilla arava va tilla kapsula bilan yangi sanoat majmuasi qurilishini boshlab berdi (video)
- Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li bilan birga “Avaza”dagi sportzalga bordi (foto)