“Daryo” tahririyatiga Payariq tumanida yashovchi fuqaro Mavluda G‘ofurova murojaat qilib, 8-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li O.Y.ni matematika fani o‘qituvchisi kaltaklaganini ma’lum qildi.
“Farzandim hojatxonaga borib kelayotganda qo‘ng‘iroq chalinib qolgan. Darsga kechikib kelgani uchun o‘qituvchisi urgan. Natijada bolamning oyoqlari ko‘karib ketgan. Ustozi darsga nimaga kech kelding deb qo‘lidagi tayog‘i bilan urgan. Bitta tayog‘i sinib ketib ikkinchi tayog‘i bilan urib, jarohat yetkazgan.
Nima uchun bolamni uradi. Men bolalarimni o‘qishga yuboraman, urish uchun emas. Ustozlari dars bersin, urmasin. Shunchalik vahshiy darajada urish mumkinmi? Bunga kim chora ko‘radi? Bunday vahshiy o‘qituvchi kerak emas”, – deydi Mavluda G‘ofurova.
“Daryo” so‘roviga asosan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati Mavluda G‘ofurova murojaatini ishchi guruh bilan borib o‘rganilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, sodir etilgan ushbu xatti-harakat Payariq tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 75-umumta’lim maktabining matematika fanidan dars beradigan Sh.N. tomonidan sodir etilgan. Ushbu xatti-harakat ishchi guruh a’zolari va 8-sinf o‘quvchisi Y.O.ning ota-onasi ishtirokida o‘rganilgan.
Pedagogga xos bo‘lmagan ushbu holatni sodir etgani uchun matematika fani o‘qituvchisi Sh.N.ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilib, vazifasidan ozod etilgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)