Joze tarkibning barqaror emasligidan norozi
“Oilamiz Budyoga uchib keldi. Sovuqmi? Shamol esyaptimi? Sun’iy maydonmi? Nima farq bor. Kelinglar, o‘ynaymiz va odamlar sevgan narsani beramiz… Futbolni”. Joze Mourinyo “Roma”ning Konferensiyalar Ligasi 3-turidan o‘rin olgan “Budyo Glimt”ga qarshi o‘yini oldidan Instagram’iga xuddi shunday post qoldirgan edi. Portugaliyalik futbolchilar bilan birga qorli maydonda turgan videosini joyladi va unda himoyachi Janluka Manchinining: “Bu yerga kelishimizga o‘zimiz aybdormiz. Ahmoqona o‘tkazgan mavsumimiz uchun jazo bu”, degani eshitilgan.
https://www.instagram.com/p/CVQmuImIt_l/
“Roma” 1:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Rossiyalik mashhur tahlilchilar Vadim Lukomskiy va Yuriy Shevchenko rimliklarning ushbu mag‘lubiyati fonida Mourinyoning “Roma” o‘yiniga olib kirgan o‘zgarishlarini tahlil qilib chiqdi.
“Jamoaga g‘alabalar yetishmayapti, biz g‘alaba qozonadigan jamoa loyihasi ustida ishlayapmiz. Agar ular men bilan birga g‘alabalarga erishsa — bu juda ideal bo‘ladi. Mabodo g‘alabalar keyinroq kelsa, unda barcha orzu qilgan kelajakka poydevor qurishga yordam berganimdan mamnun bo‘laman”, — degandi Joze oktabr oyi boshida Esquire jurnaliga bergan intervyusida.
“Roma” mavsumni ketma-ket 6 g‘alaba bilan boshladi. 19 ta gol urdi. Ammo keyingi 7 o‘yinning 4 tasida mag‘lub bo‘ldi. Mourinyo boshidanoq undan katta natija kutmaslikni, ishni endi boshlaganini aytgandi. Jozening so‘zlariga ko‘ra, “Roma” muntazam ravishda yaxshi natijalar qayd etishi uchun ko‘p narsalar, jumladan, muvozanat va tanlovi keng tarkib yetishmayotganini ta’kidlaydi. Undan tashqari portugaliyalik vaqt va mentalitetni ham doim eslab o‘tadi. Hozir Mourinyo bir paytlar “Inter”da ishlagandek yorqin va hayratlanarli bo‘lib ko‘rinmaydi, lekin mutaxassis hamon ko‘p narsani tushuntirishga urinadi, Rim jamoasi o‘zgarayotganini ta’kidlaydi.
Mourinyoning fikricha “Roma”ga balans kerak: g‘alabadan keyingi eyforiyalar, mag‘lubiyatdan keyingi dramalar shart emas
“Roma” “Sassuolo”ga oxirgi daqiqalarda gol urganida (2:1) Mourinyo maydonga otilib chiqqan edi. Bu uning faoliyatidagi 1000-o‘yin edi va portugaliyalik g‘alabani juda xohlagandi. Ehtirosli munosabatni u shaxsiy natijasiga bog‘lar, “Roma”ning g‘alabasini va mag‘lubiyatini xotirjam qabul qilish kerakligini so‘rardi. “Verona”, “Latsio” va “Yuventus”ga uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng u jamoani maqtadi. “Budyo Glimt”ga qarshi o‘yindagi natija esa — alohida mavzu.“Bungacha biz 60 ta emas, 6 ta o‘yinda g‘alaba qozondik. Hozir esa 10 ta emas bitta o‘yinda mag‘lub bo‘ldik”, — degan edi Joze “Verona”ga qarshi 2:3 hisobida yakunlangan o‘yindan so‘ng. Portugaliyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, muayyan o‘yin orqali jamoa haqida xulosa qilish kerak emas. Barchasini mavsum yakunidagi natijalar ko‘rsatadi. Bunday munosabatni muvozanatli deb hisoblaydi va bu nafaqat “Roma”ning o‘yinini, balki maydondagi harakatlarni baholash deya qabul qilish mumkinligini aytadi.
“Ratsionallik va hissiyotlar o‘rtasidagi muvozanatni topish muhim. Agar hissiyotlarga berilib ketsang, g‘alaba qozonish qiyinlashadi. Agar ratsional fikrlasang, hissiyotlar berkilib qoladi”, — deb hisoblaydi Mourinyo.
“Agar jamoada muvozanat bo‘lmasa, chempionat yetakchisi bo‘la olmaydi. Har bir murabbiy jamoasi yaxshi o‘ynashini xohlaydi, ammo natija eng muhimi. Men doim g‘alaba haqida o‘ylayman. Unga yaxshi o‘ynash bilan erishilsa — bu juda ajoyib”, — deydi mutaxassis.
“Futbolda eng oddiy narsa nima, bilasizmi? Himoyalanish. Ayniqsa, hujumdagi faol harakatlar evaziga. Lekin biz jamoa hujum qilishi va gol urishini xohlaymiz. Biz allaqachon ikkita gol urgan ikki o‘yinda mag‘lub bo‘ldik. Yaxshi himoyalanadigan jamoa bunday mag‘lubiyatga uchramaydi. Shuning uchun bizga vaqt kerak”.
Rahbariyat ham Mourinyodan darhol natija talab qilmayapti — unga vaqt beryapti
“Vaqt senga do‘st ham bo‘lishi mumkin, dushman ham”, — degan edi Joze intervyularidan birida. Matbuot anjumanlarida u 3 oylik emas, 3 yillik shartnoma imzolaganini eslatib o‘tadi. “Yuventus”ga qarshi o‘yin oldidan Massimiliano Allegrida ustunlik borligi, u bundan avval jamoada besh mavsum ishlaganini ta’kidlab o‘tgandi.“Men ‘Chelsi’, ‘Inter’, ‘Real’ kabi jamoalarga borganimda, hammasi oddiy edi. Shunchaki darhol muvaffaqiyatga erishish lozim. ‘Roma’da esa vaziyat boshqacha. Rimliklar o‘tgan mavsumni birinchi o‘rindan 29 ochko, 4-o‘rindagi jamoadan esa 16 ochko kam jamg‘arib, yakunlagan. Vaqt kerakligi aniq. ‘Roma’ anchadan buyon muvaffaqiyatga erishmayapti, demak buni to‘g‘rilash uchun vaqt lozim. Kadrlar bilan har kun, muntazam ravishda ishlash kerak, buni jurnalist va muxlislar, albatta, ko‘rmaydi. Biz buni bajaryapmiz va bu keyinroq o‘z natijasini beradi”.
Jozening vaqt masalasidagi gaplarini “Roma” xo‘jayini Den Fridkin ham qo‘llab-quvvatlaydi. U darhol yuksak natijalar talab qilmayapti. “Menga vaqt berildi, lekin uni yettinchi yoki sakkizinchi bo‘lish uchun sarflashni istamayman. Rivojlanish jarayonini tezlashtiraman. Jamoani kelajak uchun tayyorlayapman. Raqiblarga, hattoki, kuchli raqiblarga qarshi ham biz g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Bu kelajakda bizga qo‘l keladigan mentalitet”, — deydi ishonch bilan Joze.
Jozening ishonchi komil: to‘g‘ri mentalitet omadsizliklarni oqlashi mumkin. G‘alaba intilish yo‘lida gol o‘tkazib yuborish xato emas
To‘g‘ri mentalitet haqida gapirganda Mourinyo “Sassuolo”ga qarshi o‘yinni misol keltiradi. Ikkala jamoa ham juda ko‘p vaziyatlar yaratdi, o‘yin so‘ngiga qadar hisob 1:1 edi, Stefan ash-Shaaravi “Roma”ga g‘alaba olib keldi. “Biz g‘alaba qozonishni xohlaganimiz uchun mag‘lub bo‘lishimiz mumkin edi. Bunday mag‘lubiyat uchun jamoani tanqid qila olmayman”, — dedi Mourinyo.Portugaliyalik mutaxassis jamoaning muammolariga munosabat bildirish juda muhim deb hisoblaydi. Ularni kuzata turib, qimmatli xulosalar chiqarish mumkin:
— Mag‘lubiyatdan keyin jamoa xafa bo‘lishi kerak. Lekin negativ hissiyotlarni motivatsiyaga aylantirish lozim, u tushkunlik va depressiyaga sabab bo‘lishi kerak emas;
— Jamoa g‘alaba qozona olmasa, lekin jon-jahdi bilan harakat qilgan bo‘lsa, demak barchasini to‘g‘ri bajarilgan;
— Mag‘lub bo‘layotgan jamoa tavakkalga qo‘l urishi kerak. Agar raqib hisobda oldinda borib, o‘yinni nazorat qilayotgan bo‘lsa — bu muammo.
“Shunday o‘yinlarda yutqazsang, xavotir oladigan hech narsa yo‘q. Kechki ovqatga borish va shaharni aylanish mumkin. Afsuslanish kerak emas. Biz maydonda eng yaxshisi edik. Futbolchilar kuchli xarakter ko‘rsata oldi. Hafsalam pir bo‘ldi, lekin xafa emasman. Jamoa zo‘r o‘ynadi”, — degan edi “Latsio”ga qarshi o‘yinda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin Joze.
Mourinyo “Roma” tarkibidan norozi: tanlov va yetarlicha tajriba yo‘q
Joze faqatgina “Budyo Glimt”ga qarshi o‘yindan keyin jamoani maqtamadi. U mag‘lubiyatni o‘z bo‘yniga oldi, optimal bo‘lmagan tarkibni tushirganini tan oldi.“Javobgarlik mening bo‘ynimda. Shunday tarkib bilan tushishni men xohladim. Kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan futbolchilarga imkon berdim. Sun’iy maydonda va bunday ob-havoda bizdan yaxshiroq o‘ynagan jamoaga yutqazdik. Ularning asosiy tarkibi biznikidan kuchli edi”, — dedi Joze. Corriere dello Sport’ning xabariga ko‘ra, Mourinyo kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga baqirgan, ular Norvegiya chempionati yoki B Seriyada o‘ynashga noloyiq ekanini aytgan.
“Agar menda bitta tarkibni doim maydonga tushirish imkoni bo‘lganda, shunday qilar edim. Ikkita tarkibimiz orasidagi farq ancha katta. Nima qilayotganimni bilar edim. Lekin endi nega jamoada rotatsiya yo‘qligi borasida men bilan hech kim bahslashmaydi”.
Norvegiyada bo‘lib o‘tgan o‘yinda Kalafyori, Kumbulla va Reynolds kabi futbolchilar asosiy tarkibda maydonga tushdi. Joze Mourinyo “Roma”ning zaxirasi bilan A Seriyadagi boshqa top-jamoalarning zaxirasini taqqoslash kerak emasligini ta’kidlaydi.
“Roma”ning besh futbolchisi mavsum boshidagi 9 o‘yinning barchasida asosiy tarkibida maydonga tushdi: Ruy Patrisiu, Manchini, Karsdorp, Abraham va Veretu. 5 futbolchi (Kristante, Ibanes, Pellegrini, Mxitaryan va Zaniolo) 7 ta o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Matias Vinya olti o‘yinda asosiy tarkibdan joy oldi. Boshqalar esa juda kam — ko‘pi bilan ikki martadan asosiy tarkibda maydonga tushgan.
“‘Roma’ jarohatlar girdobiga tushib qolmasligiga umid qilishimiz lozim. Men muhim deb hisoblagan bir nechta futbolchi bilan shartnoma imzolamadik. Bu bilan rahbariyatni tanqid qilmoqchi emasman, bunga haqqim ham yo‘q. ‘Roma’ Spinatssolaning jarohati va Jekoning ketganini hazm qila olishi kerak. Vazifam tarkibda bor futbolchilar bilan ishlash. Qolgani haqida esa yanvarda yoki kelasi yil yozda o‘ylash mumkin”.
La Gazzetta dello Sport qishki transfer oynasida Mourinyo markaziy yarim himoyachi, o‘ng qanot himoyachisi va chap oyoq bo‘lgan markaziy himoyachi talab qilayotgani haqida xabar qildi. Hozircha esa jamoadan bosimni olib tashlayapti: “Boshqa jamoalar kabi kattaroq narsalarga erishishga umid qilmayapmiz. Shunchaki navbatdagi o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushyapmiz”.
Jamoa Joze xohlagandek futbol o‘ynayaptimi, degan savolga u shunday javob beradi: “Agar shunday bo‘lganda, biz 10:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lardik. Lekin hali loyiha rivojlanishda davom etyapti”.
Keling, Joze Mourinyoning rejasi haqida gaplashamiz.
“Roma” — hali xom, lekin Mourinyoning taniqli jamoasi. Bu esa A Seriyada qo‘l kelishi mumkin
“Tottenhem”ga kelishdan avval Mourinyo o‘zining tamoyillariga sodiq edi: “Har doim o‘qish eng muhimi. Turli davrdagi odamlarning ishlarini o‘qish menga yoqadi — yaqinda bir do‘stim Charlz Darvin haqida o‘ylashim kerakligini aytdi. U: ‘Kuchlilar emas, hattoki aqllilar ham emas, faqatgina moslashuvchanlar tirik qoladi’, deb yozgandi. Har doim ham o‘zgarish yaxshilikka xizmat qilmaydi, ba’zan barchasi yomon bo‘lishi ham mumkin. Lekin o‘zgarish va moslashish lozim. Oxirgi paytlar shu haqida ko‘p o‘ylayapman. O‘qiyapman, materiallarni o‘rganyapman, nimalarnidir qayd qilib qo‘ymoqdaman.Boshqa sport turlarini ham tahlil qilyapman, shtabimga kirishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan suhbatlashyapman. Yangiliklarga intilish kerak. Biz suhbatlashamiz, muammolarni tahlil qilamiz va ishga yordam beradigan masalalarni hal qilamiz”.
Londondagi dastlabki oylarida Joze gibrid sxema va pozitsion tizimni sinab ko‘rdi, lekin oxirida klassik uslub — himoyaviy, qarshi hujumlarga o‘tib oldi.
Bunday uslub ish berishi mumkin, lekin u zamonaviy murabbiylarning tizimidan ko‘ra futbolchilarning jismoniy va psixologik holatiga ham bog‘liq bo‘ladi.
“Tottenhem”dagi ilk mavsumining boshida yoqimli davr bo‘ldi, lekin bu ham uzoq davom etmadi.
“Roma”da qaytadan urinib ko‘radi. Bu safar hech qanday va’dalar bo‘lmadi. Taktik jihatdan Joze klassik uslubni qo‘llashi kutilmoqda. Mourinyo klassik uslubda o‘tish epizodlariga ko‘proq urg‘u beradi. Portugaliyalik 2000-yillarda o‘zlashtirgan muhim tamoyillar:
“To‘p bir jamoadan boshqasiga o‘tgandan keyingi lahzalar eng muhimi. Raqib uyushqoqlik bilan himoyalansa, gol urish juda qiyin. To‘p bir jamoadan boshqasiga o‘tganda, raqibda hujum qilish uchun yaxshi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Biz to‘p yo‘qotganda, darhol unga munosabat bildirishimiz lozim. Futbolchilar o‘yinni o‘qiy olishi kerak, to‘pni yo‘qotgandan so‘ng qanday qilib pressing qilish, himoyaviy uslubni yaxshiroq qo‘llash haqida bilishi lozim. Barcha o‘yinni standartlar hal qiladi deydi. Men bunday deb hisoblamayman, to‘pning o‘tish epizodlari eng muhimi”.
Zamonaviy futbolda pressing va pozitsion tuzilma hukmron. Hatto Jozening sevimli uslubi qanchalik o‘zlashtirilmasin, raqiblar jamoani past blokda ushlashga urinadi. Bundan tashqari ko‘p jamoalar kontrpressingni o‘zlashtirib olgan. Bundan to‘g‘ri foydalanilsa to‘pni tezroq qaytarib olishga; kamroq yugurishga; tarkibda buzuvchi futbolchilarni kamroq bo‘lishiga; pozitsion hujumning yana-da yaxshiroq bo‘lishiga yordam beradi.
A Seriyani Jozening uslubi ish beradigan chempionat desa ham bo‘ladi. Bu yerda ochiqroq o‘ynaydigan jamoalar ko‘p. Mourinyo ochishga qiynaladigan “avtobuslar” Italiyada mavsumdan mavsumga kamayib bormoqda.
Jozeni taktik jihatdan o‘rganib olgan APLdan farqi shunda. Opta’ning ma’lumotlariga ko‘ra o‘tgan mavsum APLda 10 va undan ortiq to‘p uzatishlar orqali tashkil etilgan hujumlar soni ko‘p (769) bo‘lgan. Italiyada uzoq davom etadigan hujumlar kam. A Seriyada jarima maydoni ichida yakunlangan tezkor hujumlar (153) ko‘proq bo‘lgan.
Bu natijadan ko‘rinib turibdiki, Mourinyo yaxshi ko‘radigan o‘tish epizodlarining soni ko‘proq. Bu esa Jozega ustunlik beradi. Bunday holatda uning klassik uslubi Angliyadan ko‘ra, ko‘proq Italiyada (bu ham hali noma’lum) ish beradi.
Ushbu tendensiya Jozening “Roma”dagi debyut o‘yinida ko‘rindi: Rimda “Fiorentina”ga qarshi 17-daqiqadan boshlab (52-daqiqagacha) bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan “Roma” to‘pni kamroq nazorat qildi (42%), lekin uslub jihatdan kuchli raqibni taslim etdi.
“Roma” o‘yin uslubi jihatidan darhol Jozening jamoasiga aylandi.- To‘psiz o‘rta/past blok. “Roma” kutib turadi, pressing qilmaydi.
- 4-2-3-1 sxemasi oxirgi 10 yillikda portugaliyalik mutaxassisning sevimli uslubiga aylangan. Joze ushbu uslubni barcha o‘yinlarda qo‘llab ko‘rdi va bir nechta futbolchilar erkin harakat qilish imkoniga ega bo‘ldi: Jordan Veretu chuqurroqdan tezlik oladi, Genrix Mxitaryan qanotdan start oladi, Lorenso Pellegrini esa o‘nlik pozitsiyasini egalladi.
- O‘tish epizodlari orqali o‘yin. “Roma”ning 12 golidan 8 tasi aynan shunday urildi. Mana klassik misol — avvaliga “Roma” raqibni kutib oladi va qanotdan tuzoqqa tushiradi. To‘p olib qo‘yilganidan keyin “Roma” hujumga o‘tishi uchun imkoniyat hosil bo‘ladi:
- O‘zgaruvchan hujumchining mavjudligi. Jozening hujumchiga qo‘yadigan talablari bilan Eldor Shomurodov haqidagi maqolada tasvirlangandi. Asosiysi — bu aldamchi emas, sof, mehnatsevar va raqib himoyachi ortidan ochila oladigan hujumchi bo‘lishi kerak. Shomurodov barcha talablarga mos kelmaydi (shuning uchun ko‘proq zaxirada qoldiriladi), Abraham esa u yaratgan qolipga juda mos tushadi.
Ikkita muhim muammo bor — himoya sifati va top-jamoalarga qarshi o‘yinlar. O‘yinda yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha “Roma” 14-o‘rinda (top-jamoalar o‘rtasidagi eng yomon natija). Bu jamoa uchun xavotirli.
Top-jamoalardan faqat “Latsio” va “Yuventus”ga qarshi o‘ynadi. Ikkalasida ham birinchi gol o‘tkazib yubordi. Muammo shu yerda. Jozening klassikasi ish bermaydigan o‘yinlar shular. Endi u 10 yildan beri qo‘llab ko‘rmagan yangi uslublarga qo‘l urishi kerak.
Umuman olganda hozirgi “Roma” — xom, lekin Mourinyoning taniqli jamoasi. Unday bo‘lsa “Budyo Glimt”ga qarshi o‘yindagi 1:6 hisobini qanday tushunish mumkin? Murabbiy aytib o‘tganidek, u noto‘g‘ri tarkib tanlagan. Bir tarafdan u haq, lekin bu gaplar kiyim almashtirish xonasidagi muhitga ta’sir qilishi mumkin. Aynan shu narsa Konferensiyalar Ligasi doirasidagi Norvegiyada bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin sodir bo‘ladigan noxush natija bo‘lishi mumkin.
“Roma” futbolchilari Jozedan mamnun. Lorenso Pellegrini 10 o‘yinda 7 ta gol urdi. Jordan Veretuning so‘zlariga ko‘ra, Mourinyo — noyob inson. “Joze o‘z ishtiyoqi bilan lol qoldiradi, uning kayfiyati bilan hisoblashish lozim”, — deydi Stefan ash-Sharaavi.
“Roma” mavsumni o‘tgan yilgidan ko‘ra yomonroq boshladi. 2020/21-yilgi mavsumda Paulo Fonseka qo‘l ostida rimliklar 8 turdan so‘ng 17 ochko jamg‘argandi. 9-turda esa “Napoli”ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Joze Mourinyo jamoasi esa 8 turdan so‘ng 15 ochko yig‘ib, “Napoli”ga qarshi 9-turda durang natija qayd etdi.
Izoh (0)