“Barselona” bosh murabbiyi Ronald Kuman o‘z lavozimini tark etdi.
Kataloniya klubi rasmiy saytida 58 yoshli mutaxassisning iste’foga chiqarilgani ma’lum qilindi.
“Ko‘k-anorranglilar” 27-oktabr kuni La Liga doirasida “Rayo Valekano”ga safarda mag‘lub bo‘ldi va ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng klub prezidenti Xoan Laporta Ronaldning jamoadagi faoliyati yakunlaganini e’lon qildi.
Jamoa o‘tgan turda o‘z maydonida “Real”ga mag‘lub bo‘lgandi. 10 ta o‘yindan keyin “Barselona” 15 ochko jamg‘argan holda La Liga jadvalida 9-o‘rinni egallab turibdi. Chempionlar Ligasida esa 3-turdan keyin 3 ochko bilan guruhda 3-o‘rinda bormoqda.
Kuman 2020-yilda “Barselona” bosh murabbiyi etib tayinlangandi. U buning uchun Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketgandi. Jamoa uning qo‘l ostida 2020/2021-yilgi mavsumda Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritdi, Chempionlar Ligasida 1/8 final bosqichida o‘z ishtirokini yakunladi. La Ligada esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
El Chiringuito TV xabariga ko‘ra, Kumanning o‘rnini katta ehtimol bilan “Barselona” sobiq futbolchisi Xavi egallaydi. Xavi hozirda Qatarning “As-Sadd” klubiga ustozlik qilmoqda.
Izoh (0)