Qashqadaryo viloyati sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar haydovchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, 14-oktabr kuni Qarshi tumani hududidan o‘tuvchi 4R-89 Qarshi—Nishon—Tallimarjon IES avtomobil yo‘lining 4-kilometrida, ya’ni tumandagi “Mustaqillik” MFY hududida Nexia va Captiva ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH Nexia-3 avtomobili haydovchisi aholi yashaydigan hududda harakatlanayotganiga qaramay, oldidagi mashinani quvib o‘tmoqchi bo‘lganida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Captiva bilan to‘qnashib ketishi natijasida yuzaga kelgan. Avariya oqibatida ikkala avtomobilning haydovchilari ham voqea joyida halok bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan Qarshi tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Qashqadaryoda Gentra va Nexia to‘qnashuvi oqibatida ikki voyaga yetmagan qiz vafot etgani, Qashqadaryoda Damas va YPX avtomobili to‘qnashgani, Qarshida sodir bo‘lgan YTHda 24 yoshli IIB xodimi halok bo‘lgani, Qashqadaryoda piyoda o‘limiga sababchi bo‘lgan Nexia haydovchisi voqea joyidan yashiringani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)