Qashqadaryo viloyatida 2021-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida sodir bo‘lgan 369 ta yo‘l-transport hodisalari oqibatida 181 nafar kishi vafot etgani, ularning 31 nafari voyaga yetmagan bolalar ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Qarshi shahar Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi axborot xizmati inspektori Ahror Usmonovga tayanib, “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Ahror Usmonovning aniqlashtirishicha, Qarshi shahrida bu ko‘rsatkich 47 tani tashkil qilib, 2020-yilning o‘tgan davriga nisbatan to‘rttaga ko‘paygan.

“Qarshi shahrida 2020-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida 43 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, vafot etganlar sakkiz nafar kishini tashkil qilgan bo‘lsa, jarohatlanganlar 35 kishi edi. 2021-yilning o‘tgan davrida esa YTHlar 47 taga oshib, vafot etganlar 10 nafar kishini, jarohatlanganlar esa 41 nafar kishini tashkil qilgan. Eng yomoni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oltitasi bolalar bilan bog‘liq bo‘lib, bir nafar yosh bola, hali bir yoshga ham yetmagan chaqaloq vafot etdi”, — deydi Ahror Usmonov.

Ahror Usmonov.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich tumanda 71 tani tashkil qilgan. Shuningdek, G‘uzorda 33 ta, Dehqonobodda 16 ta, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 13 tadan, Shahrisabz shahrida 23 ta, Yakkabog‘da 25 ta, Qamashida 31 ta, Kasbida 9 ta, Mirishkorda 4 ta, Muborak va Nishon tumanlarida 11 tadan, Koson tumanida 20 ta, Qarshi tumanida esa 42 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.

“Mazkur yo‘l-transport voqealari sabab vafot etgan 181 nafar kishining 31 nafari yosh bola bo‘lgan. Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarida 45 nafar bola ham tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan mas’ullar.

Viloyat hududida sodir bo‘lgan YTHlarning 114 tasi to‘qnashuv, 145 tasi piyodani urib yuborish, 31 tasi velosiped haydovchisini urib yuborish, 26 tasi to‘siqqa urilish, 44 tasi ag‘darilish, 5 tasi to‘xtab turgan transport vositasiga urilish, 1 tasi hayvonni, 2 tasida ot aravani urib yuborish bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘lgan.

“Viloyat hududida sodir bo‘lgan YTHlarning 37 tasi piyodalarning aybi bilan, ya’ni piyoda yo‘lning belgilanmagan qismida kesib o‘tayotgan paytda sodir bo‘lgan. Shu bois biz har doim nafaqat haydovchilar, piyodalarning ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishini nazorat qilib, kerak bo‘lsa, ularning qoidabuzarligi uchun jarima ham qo‘llaymiz”, — deydi Ahror Usmonov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan yo‘lovchilardan biri Ma’mura Ergashevaning aytishicha, yo‘l-transporti hodisalari yo‘lovchilarning yo‘lning belgilanmagan qismini kesib o‘tishi, shuningdek, haydovchilarning tezlikni belgilangan me’yordan oshirishi oqibatida kelib chiqmoqda.

“Tan olish kerak, aksariyat hollarda piyodalarning yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tishi, shuningdek, haydovchilarning tezlikni oshirishi yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, bugun yo‘llarda yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilmaydigan, o‘qimasdan hujjat olgan haydovchilar ham juda ko‘p. Bu esa ayanchli voqealarga sabab bo‘lmoqda”, — deydi Ma’mura Ergasheva.