Hindiston hamda Nepalda sel kelishi va suv toshqinlari yuz berishi oqibatida halok bo‘lgan odamlar soni kamida 187 nafarga yetganligi ma’lum qilindi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
“Ko‘plab uylar vayron bo‘lib, dehqonchilik hosili suvga oqqan, bu koronavirus pandemiyasi oqibatida shusiz ham og‘ir ahvoldagi aholining turmush kechirishini yanada qiyinlashtirdi. Nepal va Hindistonda pandemiya va iqlim o‘zgarishlari oqibatida kuzatilayotgan tabiiy ofatlar tufayli millionlab odamlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deydi Nepaldagi Qizil yarim oy jamiyati federatsiyasi vakili Azmat Ulla.
Nepalda 18-oktabr kuni sodir bo‘lgan toshqinlar oqibatida kamida 99 nafar odam halok bo‘lgan. Politsiya 40 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgani, 35 nafar jarohatlangan odam esa kasalxonalarga yetkazilganini xabar qilgan. Mamlakatning sharqiy va g‘arbiy hududlarida tabiiy ofat sabab halok bo‘lganlar soni boshqa yerlarga nisbatan ko‘p.
21-oktabrda Nepal bosh vaziri Bahadur Deuba suv toshqinidan talafot yetgan hududlarga kelgan va mahalliy hukumat vakillariga odamlarni qutqarishga, ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Nepal meteorologlari hafta oxirida mamlakatda ob-havo yanada yomonlashishi kutilayotganini ma’lum qilgan.
Qo‘shni Hindistonda — Uttarakxand va Kerala shtatlarida kuchli yomg‘irlar 16-oktabrdan buyon davom etmoqda. Mazkur hududlarda kamida 88 nafar odam halok bo‘lgan. Shuningdek, Hindistonda yo‘llar suv ostida qolgan, ko‘priklar va aholi xonadonlari vayron bo‘lgan. Yaqin kunlarda ushbu ikki shtat hududida ham ob-havo yomonlashishi va yomg‘irlar kuchayishi kutilmoqda.
Avval Xitoyda suv toshqinlari tufayli qariyb 2 million kishi evakuatsiya qilingani, kuchli yomg‘ir tufayli London ko‘chalarini suv bosgani, Ummon va Eronda 13 kishi kuchli siklon qurboni bo‘lgani haqida xabarlar berilgan.
Shuningdek, avgust oyida Xitoy va Hindiston kuchli suv toshqinlari ostida qolgani xabar qilingan.
Izoh (0)