Turkiya O‘zbekistonga 200 ming dozada COVID-19 vaksinasi va 20 ming quti “Favipiravir” dori-darmonlarini yuborishi haqida xabar berilgan edi, biroq aynan qaysi turdagi vaksina ekanligiga aniqlik kiritilmagandi. SSV matbuot xizmati bu Xitoyda ishlab chiqariluvchi Sinovac vaksinasi ekanligini ma’lum qildi.
Bu borada O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida grant yordami to‘g‘risida bitim imzolangan. Bitimni O‘zbekiston nomidan mamlakatning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev, Turkiya nomidan esa sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Xalil Eldemir imzolagan.
O‘zbekistonga Xitoyning koronavirusga qarshi Sinovac vaksinasi keltirilishi mumkinligi haqida 2021-yilning may oyida Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ma’lum qilgandi. “Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, COVAX dasturi doirasida Xitoyning ‘Sinofarm’ firmasida ishlab chiqarilgan vaksina — Sinovac vaksinasi O‘zbekistonga olib kelinishi ehtimoli bor”, — degan edi u AOKAda o‘tkazilgan brifingda.
Ayni paytda O‘zbekistonda 5 ta turdagi vaksinalaridan foydalanilmoqda:
- AstraZeneca,
- ZF-UZ-VAC2001,
- “Sputnik V”,
- Moderna,
- Pfizer/BioNTech.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha emlash jarayonlarida 22 433 729 doza vaksina qo‘llanilgan bo‘lib, 5,1 million nafardan ortiq aholi virusga qarshi to‘liq emlandi.
Izoh (0)