FVV Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida yuz bergan havo-gaz aralashmasi chaqnashi yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Zarnews

Ma’lum qilinishicha, 8-oktabr kuni soat 04:50 da shaharning “Ko‘hnadam” MFY Toshkent ko‘chasida joylashgan uylarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgani to‘g‘risida Kattaqo‘rg‘on shahar FVBga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 2 ta yong‘in-qutqaruv guruhi soat 04:55 da hodisa joyiga yetib borgan. Havo-gaz aralashmasining chaqnashidan ushbu xonadonga mehmon bo‘lib kelgan 39 yoshli A.A. (erkak kishi) kuyish tan jarohati olib, Kattako‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga yuborilgan. Shifokorlar tomonidan A.A.ning  yuzi, bo‘yni ko‘krak oldi, ikkala qo‘l sohasi termik kuyish tashxisi qo‘yilgan va umumiy kuyish sathi 50 foiz tan jarohati olgani ma’lum qilingan.

Foto: Zarnews

Xonadonga yaqin yer ostidan o‘tgan tabiiy gaz quvuridan sizib chiqqan gazning uyda to‘plangani ko‘ngilsiz hodisaning taxminiy sababi sifatida ko‘rsatilmoqda.

Hodisa joyiga FVB, IIB, SSB va boshqa tegishli idoralarning kuch hamda vositalari jalb qilinib, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Chilonzordagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portlagani, Sergelidagi omborxonalardan birida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.