FVV Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Ma’lum qilinishicha, 3-oktabr kuni soat 22:13 da Chilonzor tumanining 7-dahasida joylashgan yetti qavatli uyning 59-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.

Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun vazirlikning 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji darhol voqea joyiga yetib borgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda uy aholisi jabrlanmagan. Qurbonlar yo‘q.

Vaziyat oqibatida bir nechta kvartiralarga qisman zarar yetgan, deraza va eshiklar shikastlangan. “Ayni vaqtda hamkorlikdagi xizmatlarning mutaxassislari ushbu favqulodda vaziyatning sabablarini o‘rganmoqda. 17 nafar uyi shikastlangan fuqaro vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirildi”, — deyiladi xabarda.

FVV matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, portlash oqibatida podyezddagi 14 ta xonadonga zarar yetgan. Xususan, gaz portlagan uyning oynalari va eshiklari singan, uning qarshisidagi xonadon eshigiga ham zararlangan. Qolgan xonadonlarning asosan kirish eshiklariga zarar yetgan xolos. Mehmonxonaga joylashtirilgan fuqarolar esa 4-oktabrdan sekin-asta uy-uyiga qaytayotgani aytildi.

Avvalroq Sergelidagi omborxonalardan birida gaz portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.