1971-yil sentabr oyida Buyuk Britaniya tarixidagi eng katta va shu bilan birga, noodatiy o‘g‘riliklardan biri sodir etilgan. Londonning Beyker-strit ko‘chasidagi Lloyds bankini yozuvchi Artur Konan Doylning Sherlok Xolms haqidagi hikoyalaridan (asar ilk bor 1891-yilda chop etilgan) biridagi sujet asosida o‘marib ketishgan. “Kommersant” ushbu jinoyat, undan keyingi shov-shuvlar haqida qiziqarli maqolani taqdim etgan.
Radioefirdagi o‘g‘rilar suhbati
Shanba ular uchun, ayniqsa, qulay kun edi. Negaki qochishlari uchun bir kecha-kunduz ortiq vaqt berar edi. Mana shu mulohazalarning hammasi asosida men, o‘g‘rilik yaqin bir kechada sodir bo‘ladi, degan xulosaga keldim.Artur Konan Doylning “Mallalar uyushmasi” asaridan.
1971-yil 11-sentabr kuni yarim tunda londonlik radioshinavanda Robert Roulends har doimgi ishi efirda o‘zi uchun bir nimalar izlash bilan band edi. U kutilmaganda ikki erkakning ratsiya orqali o‘zaro suhbatlashayotganini eshitib qoladi. Lahjasidan ikkovi ham Londonda yashovchi kishilarga o‘xshaydi. Muloqot “fuqarolik diapazoni” 27 Mgts’ning qisqa to‘lqinida olib borilgan. O‘sha vaqtda Buyuk Britaniyada ushbu diapazondan foydalanish taqiqlangandi, ammo ko‘pchilik ushbu taqiqni buzib, AQShdan olib kelingan apparatlar vositasida o‘zaro muloqot qilardi.
Roulends eshitgan suhbatidan ko‘p narsani anglagan. To‘g‘ridan to‘g‘ri efirda o‘g‘rilik jarayoni translyatsiya qilinayotgandi. O‘g‘ri va uning ko‘chadagi sherigi ratsiya vositasida bir-birini xavfdan ogohlantirishni kelishib olayotgandi.
Roulends darhol politsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi, biroq ular radioshinavandaning so‘zlariga ishonishmaydi. Shanba oqshomida londonliklar hordiq chiqarishar, spirtli ichimliklar ichishardi va bu kimningdir hazili bo‘lishi ehtimoli mavjud edi. Roulends bilan gaplashgan politsiyachi ushbu xira “vatanparvar”dan qutulish uchun noma’lum kishilarning efirdagi suhbatini magnitofonga yozib olishni taklif qildi. Roulends shunday qildi ham.
Audioni yozib olgan Roulends politsiyaning mahalliy bo‘linmasining o‘ziga qilgan munosabatidan norozi holda, to‘g‘ridan to‘g‘ri Skotlend-Yardga murojaat qiladi. Bu yerda fuqaroning xabariga jiddiy munosabat bildirilgan. Roulends signalning juda kuchli ekanligini aytib, o‘g‘rilik sodir bo‘ladigan bank uning uyiga yaqin yerda joylashganini taxmin qilgan. Lekin Skotlend-Yarddagilar 8 mil (qariyb 13 kilometr) radiusidagi barcha banklarni tekshirishga qaror qildi. Muassasalarning umumiy soni 750 ta edi.
Roulendsning taklifiga ko‘ra politsiya signalning qayerdan kelayotganini aniqlay oladigan texnika va mashinaga ega pochta xizmatiga murojaat qilgan.
Murojaatni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish uchun pochta xizmati 10 soat vaqt sarflagan. Maxsus apparatlar o‘rnatilgan yuk mashinasi o‘g‘rilik sodir bo‘ladigan ko‘chaga yetib kelganida o‘g‘rilarning ratsiya orqali muloqotlari tugab bo‘lgandi.
Politsiya 750 ta bank bo‘linmasini tekshirish uchun bank xizmatchilariga murojaat qilishi kerak edi. Dam olish kunlari bo‘lgani sabab jarayon juda sekin kechgan.
Yakshanba 12-sentabr kuni soat 15:30 da politsiyachilar Beyker-Strit va Merilebon-Rouddagi (Robert Roulends yashagan Uimpol-Stritga yaqin yerda joylashgan) Lloyds bankining bo‘linmasiga kirishadi. Bankdagi boyliklar saqlanadigan omborning po‘latdan ishlangan eshigi shifrli mexanizm bilan qulflangan edi va uni ertasiga bankning ish kunida ochish imkoniyati bo‘lgan. Eshikda uni buzishga urinish alomatlari kuzatilmagan. Biroq eshik ortida o‘g‘rilik harakatlari davom etardi.
Konan Doyl hikoyasida tasvirlagan o‘g‘rilik
Dastlab bu yerdagi toshlardan birini yoritib turgan g‘ira-shira uchqun edi. Hademay uchqun sarg‘ish shu’laga aylandi. Keyin hech qanday shovqinsiz tuynuk ochildi, yorug‘ bo‘lib turgan bo‘shliqning o‘rtasida ayollarnikiga o‘xshagan oppoq qo‘l ko‘rinib, qandaydir buyumni paypaslayotgandek bo‘ldi. Barmoqlari qimirlayotgan bu qo‘l bir daqiqacha pastda ochilgan tuynukdan chiqib turdi. So‘ngra qanday qo‘qqisdan paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday tez g‘oyib bo‘ldi, yana hammayoqni qorong‘ilik chulg‘adi, faqat ikki tosh orasidagi torgina tirqishdan xiragina yorug‘lik tushib turardi.Dushanba, 13-sentabr kuni tonggi soat 9 da Lloyds banki menejeri Gay Darke ta’tildan qaytib, bankning boyliklar saqlanadigan omboriga kiradi. U bankirlar uchun o‘ta mudhish manzaraning guvohi bo‘lgan. Ombor bo‘ylab bo‘m-bo‘sh bank tortmalari (yacheykalar) sochilib yotardi. Jami 268 ta tortmadagi buyumlar yo‘qolgandi. Ombordan turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,25 milliondan 3 million funtgacha (bugungi kunda, taxminan, 15,7 million funtdan 37,7 million funtgacha bo‘lgan mablag‘) miqdorda baholangan naqd pullar, qimmatbaho buyumlar, taqinchoqlar o‘g‘irlab ketilgandi.Biroq birozdan keyin serbar oq toshlardan biri g‘ichirlagancha ag‘darilib tushdi-da, uning o‘rnida chorqirra chuqur o‘ra paydo bo‘lib, undan yarq etib, fonar yorug‘i tushdi.
Artur Konan Doyl, “Mallalar uyushmasi”
Bank omborining pol qismida uncha katta bo‘lmagan teshik paydo bo‘lgan, o‘g‘rilar ushbu o‘ra orqali boyliklar saqlanadigan xonaga kirishgan edi.
Ular omborxona devoriga “Ko‘ramiz, Sherlok Xolms buni qanday fosh etarkan”, deya kinoyali yozuv qoldirgan.
Mavzuga doir: Adabiyot va kino tarixida eng ko‘p uchragan qahramon. Mashhur izquvar Sherlok Xolms haqida
Buyuk izquvarga bunday “salom” yo‘llanishining sabablari bor. Bank Sherlok Xolms muzeyidan (Beyker-Strit, 221-“B” uy) 200 metr uzoqlikda joylashgan. O‘g‘rilik uslubi ham Artur Konan Doylning “Mallalar uyushmasi” hikoyasidan ilhomlanib amalga oshirilgan.
Yerosti yo‘lini kovlash ishlari Beyker-Stritdagi bank bo‘linmasidan ikki uy narida joylashgan 189-binoda boshlagan, hozirda bu joyda Fraser&Co ko‘chmas mulk agentligi joylashgan. 1971-yilda ushbu binoni Le Sac charm buyumlar sotiladigan do‘kon bo‘lgan. Tunnel 5 fut (1,5 metr) chuqurlikda kovlangan. Uning uzunligi, taxminan, 40 futga (12,2 metr) yetadi. Yerosti yo‘li 187-uyning tagidan o‘tgan, ushbu uy o‘rnida Taco Bell tezkor taomlar restorani joylashgan, ungacha Pizza Hut, undan ham avval esa 1971-yilda Chicken Inn restorani binodan foydalangan. Bank bo‘linmasi o‘shanda ham, hozir ham 185-uyda mijozlarga xizmat ko‘rsatgan.
Fotosuratchi, avtomobil sotuvchilar va boshqalar
Yerto‘la! Mana, chigal ipning ikkinchi uchi.O‘g‘rilikni amalga oshirish g‘oyasi fotograf Entoni Gevinning (avval jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shin instruktori lavozimida ishlagan) miyasiga 1970-yilda kelgan. Beyker-Stritdagi o‘g‘rilik haqida bir qator kitob va maqolalarning mualliflari jinoiy guruhning yetakchisi Brayan Rider bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi, Gevin esa unga yordamlashgan. “Xo‘jayin” va “Gubernator” laqablari bilan tanilgan jinoyatchi Brayan Rider qimmatbaho buyumlarni bir necha marta o‘g‘irlagan. 2016-yilda u Xatton-Gardendagi bankdan qiymati 13,5 million funtga teng boylikni o‘g‘irlaganlikda ayblanib, 6 yil-u 1 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. Ammo Rider Lloyds bankidagi o‘g‘rilikka aloqadorligini inkor qilib keladi.Artur Konan Doyl “Mallalar uyushmasi”
Endi Gevinga qaytamiz. “Mallalar uyushmasi” hikoyasida aytilganidek o‘g‘rilikni amalga oshirish rejasini tuzganidan keyin, qahramonimiz avtomobillar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan Rejinald Semyuel Takerdan bank binosini yaxshilab o‘rganib berishni so‘raydi. 1970-yil dekabr oyida Taker bankda 500 funtlik hisob raqami ochadi, keyinchalik tortma ijaraga olib, unda pul saqlay boshlaydi. Bank xodimlari uni o‘z tortmasi oldida yolg‘iz qoldirgan vaqtlarida Taker binoni qo‘llari va soyaboni yordamida o‘lchagan. Xazina saqlanadigan ombor o‘lchamini olishda polga yotqizilgan 9 dyuymlik (22,9 santimetr) kvadrat plitkalar asqatgan.
O‘g‘rilarning uchinchi sherigi ham avtomobil olibsotari Tomas-Grey Stivens u belkurak, ratsiyalar, bolg‘alar, gaz bilan temirni kesadigan qurilma va 100 tonnagacha yukni ko‘tara oladigan domkrat xarid qilgan.
66 yoshli tadbirkor Benjamin Volfe 1971-yil may oyida Le Sac charm buyumlar do‘konini ijaraga olgan, keyinchalik uni Gevin, Stivens va Takerga ijaraga bergan.
Guruh vakillarining eng birinchi qilgan ishi do‘kon derazasi oynalarini bo‘yab, ichkarida ta’mirlash ishlari ketayotgandek taassurot yaratish bo‘ldi. 1971-yil avgustda Entoni Gevin va uning sheriklari tunnel qazish ishlarini boshlagan. Ular faqat dam olish kunlarida xandaq qazishardi. 8 tonnadan oshiq tuproq Le Sac’ning ichki hovlisiga chiqarib tashlangan. Keyinchalik Gevin chuqur qazish ishlari vaqtida 13 kilogramm vazn tashlaganini aytgan. 10-sentabr oqshomida yerosti yo‘lini qazish ishlari yakunlangan.
Tunnel tayyor bo‘lganidan keyin o‘g‘rilar eng qiyin masalani hal etishi, ya’ni bankdagi xazina omboriga kirish yo‘lini topish talab etilardi. Beton polni domkratda ko‘tarish ham, gaz qurilmasida qirqish ham imkonsiz edi. O‘g‘rilar tunnel tugagan joyda avval quduq bo‘lganini bilishmasdi, domkrat ombor polini ko‘tarish o‘rniga tunnel poliga tushib ketgan. Gaz bilan metall qirqadigan qurilma ham polni tesha olmagan. Shunda o‘g‘rilar portlovchi modda yordamida polda teshik hosil qilishdi va keyin uning o‘lchamini 12*14 dyuymga (30*36 santimetr) yetkazib, ichkariga yo‘l topishdi.
O‘g‘rilarning bankga qo‘shni binolardan birining tomida vaziyat haqida xabardor qilib turadigan sherigi bo‘lgan (ayrim manbalarda ushbu sherikning Brayan Rider qo‘lida ishlagan Bobbi Millz ekanligi yozilgan). Bank omboriga kirgan o‘g‘rilar undan tashqaridagi vaziyat haqida axborot olib turgan. Muloqotlarni radioshinavandasi Robert Roulends eshitib qolganini esa yuqorida qayd etdik. Efirda turli vaqtlarda jami yetti xil ovoz yangragan, ulardan biri ayol kishining tovushi bo‘lgan.
Politsiya Sherlok Xolms haqidagi hikoyalarga mos ravishda juda yomon ishlagan
Janob Xolms, — dedi Merriuezer bizni ombordan boshlab chiqayotib, — bankimiz sizning bu xizmatlaringizga qay tariqa minnatdorchilik bildirishi kerakligini bilolmay turibman, gapning rosti. Siz kattakon bir o‘g‘rilikning oldini olib qoldingiz.Konan Doyl hikoyasida jinoyatchilar o‘g‘rilik vaqtida qo‘lga tushgan. 1971-yilda real hayotda sodir bo‘lgan jinoyatda esa “Lestreyd inspektorlari” u qadar tezkor harakat qila olishmagan — jinoyatni fosh etish uchun, taxminan, bir oy vaqt sarflangan.Artur Konan Doyl, “Mallalar uyushmasi”
Tergov bilan 120 nafar izquvar shug‘ullangan. Yerosti yo‘li qazilgan do‘kondan 800 ga yaqin ashyoviy dalillar olingan.
London politsiyachilariga Benjamin Volfening bino ijara shartnomasiga imzo qo‘yishda o‘z ism-sharifini qayd etgani yordam bergan. Shuningdek, Roulends yozib olgan audiokasseta ham jinoyatchilar iziga tushishda asqatgan. Politsiyaning ko‘chalardagi informatorlari ham izquvarlarga katta yordam qilgan. O‘g‘rilikdan zarar ko‘rgan bank mijozlarining bir guruhi jinoyat haqida ma’lumotga ega bo‘lgan insonlarga har bir axborot uchun 75 ming funt va’da qilgani, politsiyaning ishga aloqador ma’lumotlarni tezda to‘plashiga turtki beradi. Skotlend-Yard axborotiga ko‘ra, surishtiruv ishiga olti nafar erkak va ikki nafar ayol katta yordam qilgan. O‘g‘rilik ishtirokchilarining ikki nafari kim ekanligi audioyozuv vositasida aniqlangan.
Noyabr boshida Benjamin Volfe, Entoni Gevin, Tomas Stivens va Rjinald Taker hisbga olindi. Ular noqonuniy yo‘l bilan portlovchi moddalarni qo‘llagan holda bank omborxonasiga kirib, naqd pullar va taqinchoqlarni o‘g‘irlaganlikda ayblandi. Taker bilan birgalikda hindixitoylik ikki kishi Abdulla Hasan Ganji va uning jiyani Akbar Muhammad Ali Ganji ham hibsga olingan. Ular qo‘lga tushgan vaqtda ikkovining sumkasidan 245 ta 20 funtlik, 1910 ta 10 funtlik, 1600 ta 5 funtlik banknotalar, jami 32 ming funt mablag‘ topilgan. Amaki hamda jiyanning o‘g‘irlangan pullarni qayta o‘zlashtirishga uringanligi gumon qilindi.
Politsiya o‘g‘rilikka tayyorgarlik vaqtida yana kamida to‘rt nafar odam, jumladan, bir nafar ayol ishitirok etganini taxmin qildi. Qidiruv ishlari 1978-yil oxirigacha davom etdi, ammo natija bermadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra o‘g‘rilarning sheriklari Buyuk Britaniya jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolamagan davlatlardan biriga yashiringan.
O‘g‘rilarni sud qilish 1973-yil 2-yanvarda boshlandi. Ganjilar aybsiz ekanliklarini ta’kidlashdi. Ular pullarni Shveysariya moliya kompaniyasi sotib olgani va o‘zlarining ushbu korxona kuryerlari ekanligini aytishdi. Volfe ham jinoyatda ishtirok etmagani va aybsizligi haqida gapirdi. Ishning qolgan ishtirokchilari aybiga iqror bo‘ldi.
26-yanvarda sud hukmi o‘qildi. Amaki va jiyan, ya’ni Ganjilar oqlandi. Gevin, Taker va Stivens 12 yillik qamoq jazosini olishdi. Volfe esa keksayib qolgani inobatga olingan holda 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Radioaloqa qoidalarini buzgan shinavanda Roulends politsiya tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilmadi, Lloyds banki unga 2500 funtlik mukofot cheki taqdim qildi.
Politsiya ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana to‘rt nafar odamni izlashda davom etdi, ammo ortda qolgan qariyb 50 yil davomida ishga aloqador deb topilgan odamlar haqida rasmiy axborotlar chiqmadi.
268 nafar bank tortmalari egalari orasidan 260 nafari hukumatga yo‘qolgan buyumlari va ularning qiymati haqida ma’lumot berishga rozi bo‘ldi. Politsiya bank mijozlariga 231 ming funt mablag‘ni qaytara oldi xolos. Yacheykalar egalari bank bilan sudlashmoqchi bo‘lishdi, lekin ularning arzi sud tomonidan qabul qilinmadi.
Bukingemiyadagi mojaro
Iflos qo‘llaringizni tegizmang, mumkin bo‘lsa! Menga tegmang! — dedi bandimiz qo‘liga kishan urilgach. — Siz, hoynahoy, mening tomirlarimda qirollar qoni oqayotganidan bexabar bo‘lsangiz kerak.Beyker-Stritdagi o‘g‘rilik xalq orasida juda ko‘p mish-mishlarga sabab bo‘ldi va shahar afsonalarini taqdim etdi, ayrim hikoyalar hanuzgacha tildan tilga o‘tib keladi.Artur Konan Doyl, “Mallalar uyushmasi”
Shunday bo‘ldiki, Buyuk Britaniyada mazkur ishga aloqador ma’lumotlarni gazeta-jurnallarda chop etishga taqiq qo‘yildi. Nega? Bu borada ikkita konspirologik taxmin mavjud.
Birinchisi. Qirolicha Yelizavettaning kichik singlisi malika Margaret, grafinya Snoudonning ishqiy munosabatlari bo‘lgani haqidagi taxmin. U Karib dengizidagi Myustik orolida (Sent-Vinsent va Grenadina yaqinida) Jon Bindon bilan birga suratga tushgan.
Jon Dennis Artur Bindon, taksi haydovchisining o‘g‘li va u bolaligidan jinoyat olami bilan aloqador bo‘lgan. U ikki marta voyaga yetmaganlar maxsus maktabiga tushgan. 1967-yilda kinorejissor Ken Louch uni qovoqxonada ko‘rib qolib, “Bechora” (Poor Cow) filmida rol ijro etishga chaqirgan. Shundan keyin Bindon bir nechta filmlarda jinoyatchi yoki politsiyachi rollarini o‘ynagan. Parallel ravishda ko‘cha bezorilariga to‘daboshilik qilgan, musiqachi va kinoaktyorlarga tansoqchilik faoliyatini olib borgan. Uning mijozlari orasida Led Zeppelin rok guruhi a’zolari ham bo‘lgan, biroq u sahna ortida mushtlashuv sodir etganidan keyin guruh Bindonning xizmatlaridan voz kechgan. 1978-yilda u gangster Jonni Darkening o‘limini buyurtma qilganlikda ayblanib, sudlangan. Bindon keyinchalik ushbu ishda aybsiz deb topilgan, biroq mashmasha tufayli uning aktyorlik faoliyatiga nuqta qo‘yilgan. Margaret hamda Bindonning ishqiy munosabatlari haqida 2009-yilda “Malika va gangster” deb nomlangan film suratga olingan.
Gangster va malikani birga suratga olishi mumkin bo‘lgan odam kim bo‘lishi mumkin? Bu Black Power qora tanlilarning harakati radikal faoli Maykl Iks ekanligi taxmin qilinadi. Trinidad va Tobagoda tug‘ilgan Iks Londonda yashagan. 1967-yilda u “oq tanlilar qalbsiz” deb qora tanli ayolga qo‘l teggizgan oqlarga nisbatan zo‘ravonlik qilish, ularni o‘ldirish targ‘ibotini olib borgani uchun bir yilga qamalgan. 1970-yilda esa shilqimlik qilgani va o‘g‘rilikni amalga oshirgani uchun hibsga olingan. Jon Lennon u uchun tovon puli to‘lab Iksni qamoqdan chiqargan. Maykl ozodlikka chiqqanidan keyin vataniga qochib ketgan. Trinidadda Port-of-Speyn yaqinidagi shaharchada kommuna tuzgan. Kommuna binosi 1972-yil fevralida sirli ravishda yonib ketgan. Yong‘indan keyin bino ichidan kommunaning ikki a’zosi sartarosh Jozef Skerrit hamda Britaniya parlamenti sobiq deputatining qizi Geyl Enn Bensoning jasadi topilgan. Ikkala murda ham machete pichog‘i bilan o‘ldirilgandi. Maykl Iks Skerritni o‘ldirganlikda ayblanib, 1975-yil 16-mayda osib o‘ldirilgan. Jon Lennon hamda qora tanli faol Anjela Devis, yozuvchi Keyt Millet, stendap-komik va inson huquqlari himoyachisi Dik Gregorining mazkur qarorni qoralab, Iksga bunday jazo bermaslik yuzasidan qilgan harakatlari besamar ketgan.
Trinidadlik Maykl Iksning Myustikdagi malika Margaret va Jon Bindenni qanday qilib suratga tushirganini tushunish qiyin. Orollar orasidagi masofa 200 kilometrdan ham uzoqroq.
Go‘yoki Iks olgan fotosuratlar Lloyds banki omborining tortmalaridan birida saqlangan, o‘g‘rilik esa Britaniyaning MI5 kontrrazvedka idorasida tomonidan atayin, qirollik oilasi a’zosini soyaga o‘tkazish uchun uyushtirilgan.
Bindon 1993-yilda (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra saraton yoki OITS kasalligi oqibatida), malika Margaret esa 2002-yilda vafot etgan.
Boshqa bir konspirologik nazariyaga ko‘ra, bank tortmalarining birida boshqa muhim hujjat yashirilgan. 2008-yilda Daily Mirror tabloidi politsiyaning bank xazinaxonasidan bolalarga oid pornografik material topganini xabar qildi. 2016-yilda gazeta Brayan Rider guruhidagi manbalariga tayanib, Riderning o‘g‘rliikni tashkillashtirgani, sababi bank yacheykalaridan birida taniqli siyosatchi, konservativ partiya deputati va ularning yonida bolalar bo‘lgan axloqsiz suratlar saqlangan. Gazeta deputatning ismini oshkor etmagan, lekin uning allaqachon vafot etgani, hukumatga bu haqidagi tegishli axborot kiritilgani haqida yozgan.
2008-yilda Rojer Donaldsonning “Beyker-Stritdagi o‘g‘rilik” (The Bank Job) filmi ekranlarga chiqqan, kartina hodisa haqidagi real voqealar va mish-mishlar asosida ishlangan.
Mish-mishlarning kelib chiqishiga Beyker-Stritdagi o‘g‘rilik haqidagi hujjatlarning maxfiy saqlanishi sabablardan biri sifatida ko‘rsatiladi. Volfe, Stivens, Taker va Gevinga nisbatan 1,25 million funtlik pullar va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaganlik haqidagi 800 sahifali ayblov London politsiyasi tomonidan Milliy arxivga topshirilgan. Hujjatlarning bir qismidan maxfiylik grifi 2013-yilda olib tashlangan, biroq qolgan qismlar 2071-yil 1-yanvarigacha maxfiy bo‘lib turaveradi.
Izoh (0)