“Daryo” kolumnisti Rahimjon Qudratov navbatdagi taqrizida jahon adabiyotida va kinochiligida o‘z o‘rniga ega mashhur Sherlok Xolms haqida hikoya qiladi.

Tafakkur kuychisi

Yozuvchi va shifokor Artur Konan Doylning 1887-yilda yozilgan “Alvon yo‘llar aro tadqiqot” asari hech qaysi nashriyot tomonidan qabul etilmagach, favqulodda omadga uchrab, yangi yildagi xayriya dasturi ostida chop etilishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik butun dunyoga tanilgan, bir necha yozuvchilarning ilhom manbayiga aylanib, ularning asarlariga ko‘chib o‘tgan hamda faoliyati asosida ko‘plab filmlar olingan qahramon – izquvar Sherlok Xolms obrazi ilk marotaba ayni shu asarda uchraydi.

Artur Konan Doyl.

Foto: Google Photos

Birinchi asardanoq barchada iliq taassurot uyg‘otgan qahramonimiz keyingi qirq yil davomida Konan Doyl qalamiga mansub ellik oltita hikoyani o‘zi ichiga olgan to‘rtta romanning bosh obraziga aylanib, o‘zining minglab muxlislarini topdi. Muallif o‘z asarida Sherlok obrazini o‘limga mahkum etgan chog‘da ommaning g‘azabiga sabab bo‘lib, yigirma mingdan ziyod insonlar adibning hikoyalari bosib chiqariladigan “Strand” jurnalidagi obunalarini bekor qilganining o‘zi Sherlokning qanchalik sevimli qahramonga aylanganini isbotlaydi.

O‘z davrida Sherlok Xolms turkumidagi asarlarning deyarli barchasi sahnalashtirildi. 1900-yillarga qadar Sherlok obrazi sahna ko‘rinishlari, kino, televideniye hamda boshqa yozuvchilarning asarlarida ikki yarim mingdan ziyod marotaba ko‘rinish berib, “butun dunyo tarixida film va kitoblarda eng ko‘p takrorlangan qahramon” sifatida Ginnes rekordlari kitobidan joy oldi.

Kitob dunyosiga oshufta biror kitobxon yo‘qki, taniqli izquvarning kuzatuvchanligi, tafakkur etish hamda xulosalash uslubi va albatta, jinoyatlarning tagiga yetishda ilmiy yo‘llardan foydalanish jarayoni to‘g‘risida o‘qiy turib qoyil qolmagan bo‘lsa. Detektiv adabiyotining ilk qahramoni bo‘lmasa-da, o‘zgachalikni saqlab, o‘z nomini abadiylashtira olgan qahramonimiz Sherlokning o‘zgalardan farqli qanday jihati bor ediki, bu jihat uning dong‘ini olamga tarata oldi?

Qahramonimiz tasvirlagani kabi “jinoyat odatiy holga aylanib, tafakkur tanqislashgan dunyo”da adabiyot o‘z davri muammolarga yechim bo‘la oladigan qahramon yaratishi tabiiy hol. Umuman olganda, adabiyot har doim odamlarga ilhom baxsh etuvchi, ularning xayollarini hayotga ko‘chiruvchi, insonlar havas qiladigan va uningdek bo‘lishga intiladigan qahramonlarga muhtoj bo‘ladi. Shubhasizki, Sherlok Xolms o‘quvchi uchun ana shunday munosib ideallardan biri bo‘la oldi. Alohida jozibaga ega sirli sarguzashtlar to‘g‘risida o‘qiydigan har qanday kitobxon izquvar Sherlokning harakatlari va o‘zini tutishi to‘g‘risida o‘qiy turib, ich-ichidan goh anglab, goh anglamay uningdek bo‘lishga intiladi.

“Sherlok Xolms” filmidan lavha

U havas qilgulik qanday xislatlarga ega edi? Sherlok barcha jinoyatlarni yechishda hissiyot va ortiqcha taassurotlardan voz kechib, faqatgina faktlarni hisobga oladi hamda har bir bosgan qadamida tafakkur va mantiqiy xulosalash yo‘lidan boradi. O‘zga insonlar shunchaki ko‘rsa, Sherlok nafaqat ko‘radi, balki ko‘rganlarini kuzatadi ham: “Siz ko‘rasiz, biroq kuzatmaysiz. Har kuni yo‘lingizda bir nechta narsalarga duch kelasiz. Ammo men sizdan ularning nechta ekanini so‘rasam, ayta olasizmi? Ayta olmaysiz, qadrdonim, chunki siz ko‘rasiz, ammo e’tiborga ilmaysiz”.

Izquvar uchun mayda tafsilotlar ham muhim, aytish joiz bo‘lsa, eng muhimi. Ko‘rinib turgan oddiy haqiqat aldashi mumkin, ammo ko‘z ilg‘amas mayda tafsilotlar hech qachon aldamaydi, alday olmaydi. Sherlokning o‘z so‘zlari bilan aytganda, “buyuk tafakkur sohiblari uchun mayda narsaning o‘zi yo‘q”. Shu va shu kabi noodatiy odatlar izquvar uchun jinoyatni yechishda asosiy kalit bo‘lib xizmat qiladi.

Fantastika chegarasiga eng yaqin reallik

Fantastika janri o‘zining ko‘plab muxlislarga ega ekani bilan ajralib turadi. Nega shunday? Chunki insonlar fantastik asarlarda o‘zlari erisha olmaydigan, ammo istaydigan mukammallikni ko‘radi. Kitobxonlarning izquvar Sherlokka bo‘lgan muhabbatining sababi esa Sherlok g‘ayrioddiy va ilojsiz tuyulgan, ammo eplab, bajarish mumkin bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi, g‘ayritabiiylikni tabiiylik bosqichiga tushiradi. Natijada siz fantastika emas, balki fantastika kabi ko‘ringan reallik ta’siriga tushib qolasiz.

Kitobxon Sherlokning kichik tafsilotlar orqali yirik ma’lumotlarni fosh etayotganiga qarab, avvaliga “bo‘lishi mumkin emas”, degan fikrga kelsa, qahramonimiz xulosaga yetaklagan kichik sabablar zanjirini izohlab berganda kitobxon ichida yarq etib “axir, buni men ham aniqlasam bo‘lardi!” degan fikr paydo bo‘ladi. Inson o‘z hayoti davomida yangidan yangi qobiliyatlarni egallasa-da, ular berolgan zavq ma’lum muddat o‘tgach o‘z kuchini yo‘qotadi. Insonlarning ilojsiz mukammallikka bo‘lgan muntazam intilishi esa hech qachon tugamaydi. Sherlok obrazida esa kishilarning orzusi bo‘lgan ana shu “mukammallik”ni ko‘rish mumkin.

“Sherlok Xolms” filmidan lavha

Uningdek bo‘lish bir qaraganda juda oson, bir qadamlik yo‘l, bir qaraganda esa yetib bo‘lmas olis manzil kabi tuyuladi. Bu ziddiyatning sababi shundaki, odamlarning mukammallik borasidagi tasavvurlari yanglish. Izquvar Sherlokning bilimdonligi bu tasavvurlarni parchalab tashlashga xizmat qiladi. Sir-sinoatga boy tuyulgan masalalar sodda, ammo ko‘z ilg‘amas, mayda tafsilotlar orqali yechilishi mumkin ekanini anglab yetgan o‘qirman, mukammallik faqat noma’lum narsalargagina xosligini, yechilgan har qanday masala oddiy tus olishini va albatta, barcha mukammal ko‘ringan qobiliyatlar ostida sodda, ammo zaruriy uslublar yotishini anglab yetadi.

Qahramon bilan birga sinoatlarga to‘la sarguzashtga otlangan kitobxon kitobni o‘qib tugatgan chog‘ida ham uning ta’siridan chiqib keta olishi dargumon. Bunday ta’sir doirasiga tushib qolgan kishi yurgan yo‘lida ham, o‘tirgan o‘rnida ham atrof-muhitga sochilib yotgan mayda tafsilotlardan tafakkur kuchi orqali zanjir yasashga urinadi va ehtimolki, buni amalga oshira oladi ham. U oldin faqatgina hodisalarning o‘ziga diqqat qilgan bo‘lsa, endilikda ularning tubida yotgan noma’lum sabablarga ham qiziqa boshlaydi. Bir asarning o‘quvchiga o‘tkaza oladigan ta’siri bundan ortiq bo‘la olmasa kerak.

Ideallarimizning real hayotdagi asl tasviri va haqiqat yo‘lidagi kurashning eng mukammal yo‘lini tasvirlab, bir paytning o‘zida o‘quvchilarga ham maroq bag‘ishlab, ham muhim narsalarni o‘rgata olgan asar muxlislar qalbida hali uzoq muddat davomida saqlanib qolishiga ishonchim komil.

Tartibsizlik ichra tug‘ilgan tartib

Asardagi jinoiy jarayon ko‘p hollarda tartibsizlik ichra boshlanib, bunda voqea, joy hamda ishtirokchilar o‘rtasida uzviy aloqa topish ancha mushkul kechadi. Izquvar esa chuvalgan ip kabi tartibsiz hodisalarni ongi ichra tartibga keltira boshlaydi. Konan Doylning barcha hikoyalari sir va g‘aroyibotlarga boy bo‘lsa-da, muallifning o‘zi hikoyalari ichidan “Dog‘li tasma” hikoyasini eng yaxshisi, deya e’tirof etadi. Bu hikoya Yelena Stoner ismli xonimning Sherlok Xolms oldiga panoh izlab kelishi to‘g‘risidagi voqea bilan boshlanadi. Yelenaning singlisi ikki yil oldin dahshatli va sirli tarzda o‘lim topgan bo‘lib, zulmkor o‘gay otasi bilan yashaydigan Yelena o‘z hayotining xavf osti ekaniga gumon qila boshlagach, izquvardan panoh izlab keladi.

“Sherlok Xolms” filmidan lavha

Xo‘sh, o‘gay ota singilni o‘ldirgan edimi? Yelena aldayotgan bo‘lishi mumkinmi? Sherlok umid izlab kelgan ayolga yordam berishga ulguradimi yoki yana bir qotillik ro‘y berishiga to‘g‘ri keladimi? Hikoyani o‘qish davomida bu kabi savollar o‘quvchi xayollarida aylanishdan to‘xtamaydi. Biz esa yechim o‘quvchi uchun sir bo‘lib qolgani ma’qul, deb bilamiz. Mavhum jumboqlarga boy asarlarga qiziqadigan o‘quvchilar uchun asar to‘g‘risida eshitish emas, balki kitobning o‘zini o‘qib ko‘rish anchayin foydaliroq. Detektiv shunday janrki, kitobni o‘qib chiqishdan oldin voqealar rivoji to‘g‘risida ozginagina ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lsang, mutolaa zavqi yo‘qoladi. O‘z izquvarlik qobiliyatlari va sinchkovligini sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun eng to‘g‘ri yo‘l esa albatta, izquvar Sherlok bilan birgalikda sarguzashtga otlanishdir.

Iqtiboslar:

  • “Mening miyam harakatsizlikka dosh bera olmaydi. Mening qo‘limga muammo, ish, eng tushunarsiz sir yoki chalkash tahlillarni tutqazing, men shundagi erkin nafas olishim mumkin. Men kundalik hayotning zerikarli tartiblaridan nafratlanaman. Men aqliy lazzatlarga intilaman. Shu sababli ham men shu kasbni tanladim, ya’nayam aniqroq aytganda, yakka o‘zim uchun bu kasbni yaratdim”.
  • “Qo‘lingda dalil bo‘lmay turib, nazariya yaratish – eng katta xatodir. Buning natijasida kishi nazariyalarini faktlar orqali hosil etish o‘rniga, faktlarni o‘z nazariyalarga moslashtirishga harakat qiladi”.
  • “Yaqqol ko‘rinib turgan faktdan ko‘ra aldamchiroq narsa yo‘q”.
  • “Butunlay ilojsiz bo‘lgan holatlar chetlashtirib chiqilganda, nimayiki qolishi va u qanchalik noodatiy ko‘rinishidan qat’iy nazar, u haqiqat bo‘ladi”.
  • “Naqadar g‘ayrioddiy! – dedi Vatson. ‘Juda ham oddiy’ – javob berdi Sherlok”.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.