Jizzax viloyati Paxtakor tumanida og‘ir texnika bosib ketishi oqibatida voyaga yetmagan bola vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Voqea 7-sentabr soat 17:10 lar atrofida yuz bergan. “Katok” rusumli asfalt tekislovchi texnikada ta’mirlash ishlarini olib borayotgan 39 yoshli haydovchi uni orqa tomonga haydayotgan vaqtida shu ko‘chada bolalar velosipedini boshqarib o‘ynab yurgan, bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bolani ushbu og‘ir texnika bilan bosib ketgan. Oqibatda bola hodisa joyida vafot etgan.
Jizzax viloyati YHXB axborot xizmati xabarida bolaning 2016-yilda tug‘ilgani aytilgandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari uning 2015-yilda tug‘ilganini ma’lum qildi.
Holat yuzasidan 7-sentabr kuni Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)